Shahrisabz va Xivada havo sharlari festivali oʻtkazildi
10−15-oktyabr kunlari Shahrisabz va Xiva shaharlarida havo sharlari festivali oʻtkazildi. “Musaffo osmon” shiori ostida boʻlib oʻtgan tadbirda jami 20 ta havo shari uchirildi. Ular 500 metrdan 900 metrgacha boʻlgan balandlikka koʻtarildi. Festivalda chet eldan kelgan aeronavt sportchilar ham qatnashdi.
10−15-oktyabr kunlari Shahrisabz va Xiva shaharlarida “Buyuk Ipak yoʻli boʻylab havo sharlarida” festivali boʻlib oʻtdi. Bu haqda Turizm qoʻmitasi axborot xizmati maʼlum qildi.
Qoʻmita matbuot kotibining aytishicha, Shahrisabzdagi Oqsaroy maydoni hamda Xivadagi Ichan-qalʼa majmuasida tashkil etilgan festivalda jami 20 ta havo shari uchirilgan. Havo sharlari 500 metrdan 900 metrgacha boʻlgan balandlikka koʻtarilgan.
Qayd etilishicha, “Musaffo osmon” shiori ostida oʻtkazilgan xalqaro havo sharlari festivalida Braziliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Qozogʻiston, Rossiya, Fransiya va Shveysariyadan tashrif buyurgan aeronavt sportchilar ishtirok etib, ular ham Shahrisabz va Xiva osmoniga koʻtarildi. Ular orasida havo sharida 117 davlatda parvoz qilgan yagona ayol Elli Danington ham bor. Germaniyalik uchuvchi Elli Danington Xiva uzra parvoz qilib, oʻzining dunyo rekordini yangiladi: Oʻzbekiston u parvoz qilgan 118-davlat boʻldi.
“Oʻzbekiston hukumati mamlakatda ayollar uchun yangi imkoniyatlar yaratishni maqsad qilmoqda. Shu munosabat bilan Elli Danington ayol-uchuvchilar uchun maktab ochishni rejalashtirmoqda. Festival aeronavtika sohasini alohida turizm va dam olish yoʻnalishi sifatida rivojlantirishga yangi turtki boʻlishi, shuningdek, sayyohlar uchun xizmatlarni xilma-xil qilishga yordam berishi kutilmoqda”, — deyiladi qoʻmita axborotida.
Taʼkidlanishicha, ushbu tadbirlar mamlakatning noyob madaniyati va anʼanalarini namoyish etish, shuningdek, aeronavtlar va havo sharlariga qiziquvchilar oʻrtasida xalqaro muloqot va tajriba almashish uchun platforma yaratadi.