Shaxmat olimpiadasi. Oʻzbekiston erkaklar jamoasi bronza medallarni qoʻlga kiritdi
Turnir davomida yutqazmagan va faqat Oʻzbekiston vakillariga qarshi bahsda durang oʻynagan Hindiston birinchi oʻrinni oldi.
Vengriya poytaxti Budapesht shahri mezbonlik qilgan butunjahon shaxmat Olimpiadasida 22-sentyabr kuni yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin Vohidov, Javohir Sindarov va Nodirbek Yoqubboyevdan iborat jamoa 11-turda Fransiya jamoasini magʻlub etdi - 2,5:1,5. Oxirgi bahslarda Abdusattorov, Sindarov va Yoqubboyev oʻz bahslarida durangga imzo chekishdi, Vohidov esa oʻz raqibidan ustun kelib, jamoa gʻalabasini taʼminladi.
Erkaklar jamoasi:
Oʻzbekiston - Fransiya 2,5 : 1,5
- Nodirbek Abdusattorov - Maksim Vashe-Lagrav 0,5 : 0,5
- Nodirbek Yoqubboyev - Eten Bakrot 0,5 : 0,5
- Javohir Sindarov - Loren Fressinet 0,5 : 0,5
- Shamsiddin Vohidov - Maksim Lagarde 1:0
Natijada Oʻzbekiston hisobidagi ochkolar soni 17 taga yetdi. Parallel bahsda AQSH Xitoyni magʻlub etdi va mazkur uch jamoada bir xil - 17 tadan ochko jamgʻarildi.
Shundan keyin qoʻshimcha koʻrsatkichlarga qaraldi, turnir davomidagi raqiblari umumiy reytingda nisbatan yuqoriroqda joylashgani tufayli AQSH ikkinchi oʻringa joylashdi va kumush medallarga erishdi, Oʻzbekiston esa bu borada Xitoyni ortda qoldirib, bronza medallarga ega chiqdi.
Turnir davomida yutqazmagan, 10 uchrashuvda gʻalaba qozonib, faqat Oʻzbekistonga qarshi hal qiluvchi bahsda durangga erishgan Hindiston esa 21 ochko bilan birinchi boʻldi.