Shohjahon Joʻrayevga oid ish jinoyat sudida koʻriladi
Xonanda sobiq turmush oʻrtogʻini haqorat qilganlikda ayblanib, sud qilinadi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat) birinchi qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ish JIB Chilonzor tuman sudida koʻrib chiqiladi.
Manbaning keltirishicha, Shohjahon Joʻrayev jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tuman sudining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-moddasida (Haqorat qilish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilgan va 1,5 mln soʻm jarimaga tortilgan.
U 2023-yil 15-mart kuni sobiq turmush oʻrtogʻiga Telegram orqali ovozli xabar yuborib, haqoratlagan holda uning shaʼni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlagan. Bundan tashqari, Joʻrayev oʻzining shu kabi harakatlarini davom ettirib, 2023-yil 12-dekabr kuni ham sobiq turmush oʻrtogʻi istiqomat qiladigan koʻp qavatli uy yoniga borib, uni haqorat qilgan.
Jinoyat kodeksining 140-moddasiga koʻra, haqorat qilish, yaʼni shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllangandan keyin sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.