“Subtitrli yuz” nima? So‘zsiz hamma narsani tushunishga yordam beradigan trend
Agar ijtimoiy tarmoqlardan tez-tez foyalansangiz, #my face has subtitles yoki “subtitrli yuz” heshtegli videolarni ko‘rgan bo‘lishingiz kerak. Hozirda blogerlar hamma narsani so‘zsiz tushunishga imkon beradigan yuz ifodalarini shunday ataydi. Odam hech narsa demasa ham uning yuz ifodasidan hissiyotlarini, fikrlarini va hatto his-tuyg‘ularini ham tushunasiz.
“Subtitrli yuz” o‘zi nima?
Oddiy qilib aytadigan bo‘lsak, bu biror so‘z aytmay vaziyatdan noroziligi yoki aksincha, cheksiz quvonayotganini yuzida ifodalaydigan inson tilidir. Masalan: kimdir bo‘lmag‘ur gap aytsa, ko‘zingizni yuqoriga qaratib, o‘z noroziligingizni bildirasiz yoki kimdir taomlari sizga yoqmaydigan restoranni maqtasa, yuz ifodangiz o‘zgaradi. Atrofdagilar buni “subtitrli yuz”ingizdan anglaydi.
TikTok foydalanuvchilari eng ajoyib “subtitrli yuz” namunalarini aniqladi: bu “Temir odam” filmidagi ko‘zlarini aylantirishni yaxshi ko‘radigan kichik Robert Dauni, shuningdek, “Oppengeymer” yulduzi Killiаn Myorfi: aktyorning poker qiyofasi aks etgan videolar virusli bo‘lib ketgani va 2024-yilning ko‘plab memlarini taqdim etgan.
“Subtitrli yuz” yomonmi? Yuz ifodalarimizni boshqara olmasligimiz rostmi?
Ko‘pgina psixologlar “subtitrli yuz” yomon emas degan fikrga keldi, ammo u bizning boshqalar bilan muloqotimiz sifatiga ta’sir qilishi, noqulay vaziyatga tushib qolish, tushunmovchilik va hatto ziddiyatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
His-tuyg‘ular nazoratsiz bo‘lishi mumkinligini Shvesiyada Karolin instituti olimlari tomonidan isbotlangan. Ma’lum bo‘lishicha, ba’zi odamlar fiziologik xususiyatlar va miyasining maxsus tuzilishi tufayli yuz ifodalarini boshqara olmaydi.
Ammo odamlar o‘zlarini boshqara olishi, “avtomatik” hissiyotlarini ishlatmasligiga qodir ekanini isbotlaydigan yana bir versiya bor. Buni AQSHning Stenford universiteti olimlari isbotlagan.
Tadqiqotchilar bahslashayotgan bir paytda, internet foydalanuvchilari quyidagilarni ta’kidlaydi: hissiyotlar va mimikani nazorat qilish qiyin, ba’zan esa umuman imkonsiz: ayniqsa, g‘azab, xafagarchilik yoki ochiqdan-ochiq jahldorlik paytida. Shuning uchun ham “subtitrli yuz” shunday vaziyatda paydo bo‘ladi.
To‘g‘ri, ba’zi odamlar yuzlaridagi mimikalar va his-tuygʻularini mahorat bilan yashira oladi. Bunday mahorat (agar uni shunday atash mumkin bo‘lsa) odatda bolalikdagi ruhiy jarohatlar yoki shaxsiy fojialar orqali o‘rganiladi va bu hammaga ham ma’qul emas.
Yuz ifodasini yashirish kerakmi?
His-tuyg‘ularni yashirish – yaxshilikka olib kelmaydi, chunki ular ertami-kechmi eng keraksiz vaziyatda “qalqib chiqadi” yoki siqilishingizga sabab bo‘lib, ichingizda qoladi.
Shuningdek, agar yaqinlaringiz bilan muloqot qilmay, his-tuyg‘ular va fikrlaringizni faqat “subtitrlar” bilan ifodalashga odatlansangiz, bu hodisa muammoga aylanadi. Masalan: siz hammasi yaxshi deganingizda, yuzingizda chuqur qayg‘u ifodasi namoyon bo‘ladi. Bu esa yaxshi emas va uni bartaraf etishingiz uchun quyidagi maslahatlarni keltiramiz:
1. O‘z his-tuyg‘ularingizni qadrsizlamang va sizni bezovta qilayotgan narsalar haqida gapirishga harakat qiling, bu his-tuyg‘ular yaxshi yoki yomon bo‘lishi muhim emas.
2. Agar tuyg‘ularingizni ovoz chiqarib ayta olmasangiz, unda hech bo‘lmaganda ularni qog‘ozga yozing. Shunda ancha yengil tortasiz.
3. O‘zingizdagi kechinmalarni yaqinlar, dugona, ota-ona yoki hamkasbingiz bilan bo‘lishing. O‘zingizga berkinib olmang. Ehtimol, norozi yuzingiz yoki pokerfeys munosabatlarni mustahkamlamaydi, aksincha, ularni nozik va haqiqiy yaqinlikdan uzoqroq qiladi.