Zohirshoh Joʻrayev sud qaroridan norozi: apellyatsiya shikoyati kiritiladi
Xonanda Zohirshoh Joʻrayev sudning hal qiluv qaroridan norozi ekanini bildirdi. Unga koʻra, dalil va isbotlar yetarli boʻlmay turib xulosaga kelingani uchun sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati kiritiladi.
Botir Qodirovni Sherali Joʻrayevning oʻgʻli deb topgan FIB Uchtepa tumanlararo sudining hal qiluv qarorini Joʻrayevlar oilasi adolatsiz qaror deya baholamoqda.
Intervyu bergan xonanda Zohirshoh Joʻrayev daʼvogar tomonidan sudga na yozma, na boshqa ashyoviy dalillar keltirilmaganini bildirdi. Unga koʻra, Joʻrayevlar oilasi taqdim etgan faktlar sudda qabul qilinmagan.
“Biz otam Sherali Joʻrayevning audio hamda videoyozuvlari, yozma ashyoviy dalillar, guvohlarni keltirdik, lekin bular sud tomonidan qabul qilinmadi. Bizga qarshi daʼvo arizasini kiritgan tomonning bir nechta joyda “Men Sherali Joʻrayevning oʻgʻli emasman”, qabilidagi audio-videoyozuvlari ham bor edi. Biroq shunga qaramasdan, sud otalik faktini tasdiqladi. Biz qarordan norozimiz”, — deydi Zohirshoh Joʻrayev.
Xonanda otasi Sherali Joʻrayevning vodiyda oʻtkazilgan toʻylardan birida Botir Qodirov uning oʻgʻli emasligini tasdiqlagan gaplarini esladi:
“20 yillar oldin vodiyda bir toʻyda otam xalqqa yuzlanib, “Bunaqa bolam yoʻq mening, sizlar aytayotgan bolani mendan avval ham sening bolang deb bir nechta odamga olib borishgan”, deganlar. Otamning birinchi ayolidan 17 yil mobaynida farzandi boʻlmagan. Qanday qilib farzand koʻrmagan odam bolali boʻlsa, uni chetga tashlab qoʻyadi? Otam nima degan boʻlsa, shuni isbotlab, uning himoyasida qolaman. Qaysi mahkama nima qaror qabul qilishidan qatʼi nazar, biz otamning qaroriga sodiqmiz”, — deya taʼkidladi xonanda oʻz intervyusida.
11-sentyabr kuni sudning hal qiluv qarori oʻqib eshittirilgach, xonanda Botir Qodirov OAVga intervyu berib, aka-uka Joʻrayevlar otasining merosiga sherik boʻlishidan qoʻrqishayotganini aytgandi. Zohirshoh Joʻrayev esa bunga javoban meros ularga qiziq ham, muhim ham emasligini, bu masalani qarshi tomon koʻtargani va aynan meros deb sudga daʼvo kiritganini bildirdi.