Taniqli rejissyor Ayub Shahobiddinov yangi film ustida ish olib bormoqda
“Parizod”, “Telba”, “Kechikkan hayot” filmlari rejissyori Ayub Shahobiddinov yangi film ustida ish boshladi. Rejissyorning navbatdagi filmi psixologik drama janrida boʻlib, “Bahorni quvib” deb nomlanadi.
Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Oʻzbekfilm” kinokonserni tomonidan “Bahorni quvib” filmi suratga olinmoqda. Film rejissyori Ayub Shahobiddinov.
Tasvirga olish ishlari Surxondaryoning Boysun tumanida boʻlib oʻtmoqda. Film bosh qahramoni koʻplab qiyinchiliklarni boshdan kechiradi. Hayotda oʻz oʻrnini topgach, oradan oʻttiz yil oʻtib, maʼlum sabablarga koʻra badargʻa etilgan qishlogʻiga qaytadi. Asosiy voqeliklar shundan keyin boshlanadi.
Ushbu film ssenariy muallifi Erkin Aʼzam, postanovkachi operator Diyor Ismatov. Bosh rolni Raʼno Shodiyeva ijro etmoqda. Shuningdek, Anvar Kartayev, Ilhom Berdiyev, Farina Oybekzoda va Bahora Arslonova kabi mahoratli aktyor va aktrisalar filmda suratga tushmoqda.