Tarvuzlar donaga 40 ming soʻmdan, shaftolining kilosi 100 ming soʻm. Oloy bozoridagi soʻnggi narxlar
Bu haftada sotuvlar boʻyicha oldinga chiqqan mahsulot, albatta, tarvuzdir. Chunki yoz tugab boryapti, bundan buyogʻiga tirsillagan tarvuz topish amri mahol. Shu va boshqa mahsulotlar narxini bilish uchun biz Oloy bozori sari otlandik.
Maqola boshlanishidan oldin bir narsani aytib oʻtish kerak, Oloy Toshkentdagi eng qimmat bozor hisoblanadi. U yerdagi narxlar doim boshqa bozorlardan ancha balandroq boʻlgan.
“Keb qoling, ob qoling” deydigan amakilar bozorda hali ham bor ekan. Ular turli meva-chevalarini sizga uzatib, taʼtib koʻrishni tavsiya qiladi. Koʻproq olsangiz, arzonroq qilib berishini aytadi.
Eʼtiborimizni birinchi navbatda yuzlari yaltillab turgan shaftolilar tortdi. Shaftolining narxi 80–100 ming soʻm oraligʻida.
Bu boʻlimda anjir (110–130 ming soʻm), uzum (100–130 ming soʻm), nok (70–100 ming soʻm) va anor (80–90 ming soʻm) sotilmoqda.
Shuningdek, rastalarda yozga xos boʻlmagan ekzotik mevalarni, jumladan, ananas, kivi va apelsinlarni ham uchratish mumkin.
Shundan soʻng sabzavotlar rastasiga oʻtdik. U yerdagi narxlar ham boshqa bozorlarnikiga qaraganda ancha qimmat.
Masalan, tarvuzning kilosi 5 ming soʻm boʻlsa, qovunlar kilogrammi 10 ming soʻmni tashkil qiladi.
Havo keskin isishi oqibatida tarvuzlar nobud boʻlganidan xabaringiz boʻlsa kerak. Shu sababli uning narxi 800–1000 ming soʻmgacha tushib ketgandi.
Bu boʻlmada pomidor ham eʼtiborimizni tortdi. Bu sabzavotning narxi 20–25 ming soʻm ekan. Juda ham koʻp xillari bor. Sotuvchi qaysi qanday ovqatga ishlatilishi kerakligini batafsil tushuntirib berdi.
Uning qatoridagi bulgʻor qalampiri 50 ming soʻmdan, karam esa donasi 10 ming soʻmdan sotilmoqda. Baqlajonlarni ham 15–20 ming soʻmdan sotib olish mumkin.
Bazaviy oziq-ovqat mahsulotlari hisoblanuvchi kartoshka va piyoz narxlarini ham oʻrgandik. Kartoshkaning oʻrtacha narxi 25 ming soʻm, piyoz esa 10 ming soʻmni tashkil qilmoqda.
Navbatdagi manzil — quruq mevalar. Bu rastada eng sara navli mevalarni topasiz. Ularning hech biri dasturxonda turganda sizni uyaltirib qoʻymaydi.
Narxlarga keladigan boʻlsak, pista va bodom 200 ming soʻm, mayiz 150 mingdan 400 ming soʻmgacha, turshak va yongʻoq esa 150–250 ming soʻm oraligʻida sotilmoqda.
Shu qatordan yurib borilsa, guruch sotuvchilar rastasiga oʻtiladi. Alanga, lazer, avangard, chapsari, basmati... Bularning barchasi guruch navlari ekan.
Ularning har birining oʻz vazifasi bor. Qaysilaridir osh qilishga, qaysilari mastava va boshqa suyuq ovqatlar uchun ishlatiladi. Narxlar 30–40 ming soʻmni tashkil qiladi.
Oloy bozoridagi narxlar qimmat boʻlgani bilan mahsulotlar sifati ham shunga yarasha. Ular did bilan terilgan, umuman gard yuqmagan. Taʼmi ham betakror, sifati buzilmagan. Xullas, agar nozik mehmonlarni kutish kerak boʻlsa, bu bozor sizga koʻmakchi boʻla oladi.