Telegram asoschisi Durovning Fransiyada toʻrt kunlik qamoqdan keyingi ilk fotosuratlari eʼlon qilindi
Uch kun oldin Durov sud nazorati ostida ozod qilindi. U Fransiyani tark eta olmaydi va politsiyada roʻyxatdan oʻtib turishi shart.
Paris Match nashri Pavel Durovning oʻz hamrohi Yuliya Vavilova bilan Parij koʻchalarida xursand holda sayr qilayotganini koʻrsatdi. Bu Telegram asoschisining Fransiyada unga va mashhur messenjerga qarshi sud jarayoni doirasida hibsga olinganidan keyingi birinchi suratlardir.
Uch kun oldin Durov sud nazorati ostida ozod qilindi. U Fransiyani tark eta olmaydi va politsiyada roʻyxatdan oʻtib turishi shart. Ammo, chamasi, jinoyat ishi Durovni uncha xavotirga solmayapti: u tabassum bilan Fransiya poytaxtidagi Yelisey maydonlarida hamrohi Yuliya Vavilova bilan sayr qilmoqda.
Ilgari Durov sud nazorati haqidagi qarordan mamnun boʻlgandi. OAV va advokatlar xabar berishicha, bu chora uy qamogʻini nazarda tutmaydi, yaʼni tadbirkor Fransiya hududida erkin harakatlanishi mumkin. Biroq u faqat sudya belgilagan manzilda yashashi va haftasiga ikki marta politsiya boʻlimiga borib turishi shart.
Vavilova Durov bilan birga Parijga uchib keldi va Le Burje aeroportida hibsga olindi, soʻroqdan soʻng u va Durovning shaxsiy qoʻriqchisi qoʻyib yuborildi. Paris Match nashri Vavilovani Durovning “qayligʻi” deb ataydi, u Durovdan 15 yosh kichik.
Paris Match jurnalistlarining xabar berishicha, Durov hozirda tergov davrida yashash uchun Fransiya poytaxtida uy-joy izlamoqda. Oʻtgan dam olish kunlari 39 yoshli Telegram asoschisi oʻzini strimer va kriptovalyuta boʻyicha murabbiy deb ataydigan hamrohi — 24 yoshli Yuliya Vavilova bilan Yelisey maydonlarida sayr qildi.
Paris Match nashrining yozishicha, Vavilova ikki yildan beri Durovning hamrohi hisoblanadi. Soʻnggi oylarda uni Durov bilan birga Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Ozarbayjonga qilgan safarlarida koʻrishgan.