РУ
O’Z
UZS
/
/
Telegramʼda yangi funksiyalar paydo boʻladi
30.09.2024

Telegramʼda yangi funksiyalar paydo boʻladi

Telegramʼda yangi funksiyalar paydo boʻladi

“Kod Durov” Telegram kanali xabariga koʻra, mashhur Telegram messenjerining beta-versiyasida raqamli sovgʻalar paydo boʻldi. Bu sovgʻalar animatsion stikerlarga oʻxshash boʻlib, surnayli bayram timsohi, yigʻlayotgan oʻrdakcha, masxaraboz, katta yurak, ishlaydigan orangutan va boshqa turli xil giflarni oʻz ichiga oladi.

Bunday sovgʻalarni suhbatdoshga yuborilganda, ekranda tegishli effektlar ham paydo boʻladi va gifga qisqa xabar qoʻshish mumkin. Bundan tashqari, foydalanuvchilar anonim yuborish imkoniyatidan foydalanishlari mumkin, bu holda joʻnatuvchining nomi koʻrsatilmaydi.

Qabul qiluvchi va joʻnatuvchi sovgʻa yuborilgan sanani, kimdan va kimga yuborilganini, hamda xabarni koʻra oladi. Baʼzi sovgʻalar cheklangan miqdorda boʻlishi mumkin, masalan, surnayli timsohlar soni 1000 donagacha cheklangan.

Sovgʻalarni Telegramʼning ichki yulduzlari evaziga 25 dan 2000 gacha narxda xarid qilish mumkin boʻladi. Foydalanuvchilarga sovgʻalar uchun maxsus boʻlim taqdim etiladi, u yerda ularni saqlashdan tashqari, pullik kanallar kontentiga kirish yoki 15 foiz komissiya bilan Toncoin sotib olish uchun yulduzlarga qayta almashtirish mumkin.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning iyun oyida messenjerga ichki valyuta qoʻshilgan edi. U orqali ilova foydalanuvchilari Telegram ekotizimidagi raqamli tovarlar va xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirishlari mumkin.