РУ
O’Z
UZS
/
/
Toʻlqin Qilichevda yurak xuruji: hammasi nimadan boshlandi?
12.08.2024

Toʻlqin Qilichevda yurak xuruji: hammasi nimadan boshlandi?

Toʻlqin Qilichevda yurak xuruji: hammasi nimadan boshlandi?

Boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Toʻlqin Qilichev final bahslaridan birida yurak xurujiga uchradi. Unga yurak-oʻpka reanimatsiyasi va defibrilator qoʻllagan holda Britaniya boks jamoasi shifokorlari yordam berdi.

Boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Toʻlqin Qilichev 9-avgust kuni Hasanboy Doʻsmatovning gʻalabasini nishonlayotgan vaqtda yurak xurujiga uchradi.

Buyuk Britaniya terma jamoasining ikki nafar yordamchi xodimi Olimpiya oʻyinlarida boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Toʻlqin Qilichevning hayotini saqlab qolishga yordam berdi.

Foto: Milliy Olimpiya qoʻmitasi axborot xizmati

Maʼlum qilinishicha, “Rolan-Garros” stadionining mashgʻulot hududida finalda fransiyalik Bilol Bennamani magʻlub etgan Hasanboy Doʻsmatovning oltin medalini nishonlash chogʻida 41 yoshli Toʻlqin Qilichevning yuragi xuruj qilgan.

“Oʻzbekiston murabbiylar jamoasi hududidan bayram bilan bogʻliq boʻlmagan hayqiriqlar eshitildi. Shifokorlarni chaqiring, degan ovozlar boʻldi. Xarj birinchi boʻlib yordamga yugurdi va men uning orqasidan qoʻlimdagi sumka bilan ergashdim”, — dedi Lillis.

Robbi xonaga 30 soniya oʻtib yetib kelganida, Xarj allaqachon murabbiyda yurak-oʻpka reanimatsiyasini bajarishni boshlagan edi. Bir necha murabbiylar vaziyatdan xavotirga tushgan, shuning uchun ularni oʻziga keltirishga biroz vaqt kerak boʻlgan.

Lillis travma sumkasini ochib, defibrilatorni chiqarib, iloji boricha tezroq yostiqchalarni qoʻygan. Uning soʻzlariga koʻra, Toʻlqin Qilichev Xarj sunʼiy nafas berishni davom ettirgandan soʻng taxminan 20−30 soniyalarda hushiga kelgan.

Foto: PA Media

Oʻzbekiston boks federatsiyasi esa oradan bir kun oʻtib bu haqda xabar berdi. Tashkilot maʼlumotlariga koʻra, bosh murabbiyning “sogʻligida biroz muammolar kuzatilgan hamda sportchilar kiyinish xonasida tashkiliy qoʻmita shifokorlari tomonidan murabbiyga zudlik bilan birinchi yordam koʻrsatilgan”.

Federatsiya, shuningdek, Toʻlqin Qilichev Oʻzbekistonning “butun dunyo boksida birinchi boʻlishida” ulkan hissa qoʻshganini alohida taʼkidladi. “Toʻlqin Qilichevga sogʻlik tilab, tezroq safimizga qaytishini kutib qolamiz. Ishonamizki, tez kunlarda jamoamiz safiga qaytib, yana bokschilarimizni gʻalabalar tomon boshlab boradi”, — deyiladi xabarda.

11-avgustga oʻtar kechasi navbatda Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov ham oltin medalini ustozi Toʻlqin Qilichevga koʻrsatish uchun shifoxonaga kelgan. “Ustoz, ikkinchi Olimpiada oltini ham nasib qildi. Shu bilan havaskor sportda daftarni yopdik”, — deb taʼkidlagan Jalolov. Muxlislar esa ushbu murabbiyga “Oʻzbekiston qahramoni” unvoni berilishi kerakligini taʼkidlagan.

Toʻlqin Qilichev Murabbiylik faoliyatini 2009-yilda Chirchiq shahar RUORe jamoasida boshlagan. 2011-yilda boks boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida Oʻzbekiston terma jamoasiga murabbiylik qilgan. 2014-yilda u shu kungacha shugʻullanayotgan Oʻzbekiston terma jamoasiga bosh murabbiy boʻldi. 2015-yildan parallel ravishda u klub yopilguniga qadar WSB Uzbek Tigers bosh murabbiyi sifatida ishlagan.