РУ
O’Z
UZS
/
/
Toping.uzʼda afisha: Rayxona dam olish kunlarida qayerlarga borishni yoqtirishini aytdi
12.09.2024

Toping.uzʼda afisha: Rayxona dam olish kunlarida qayerlarga borishni yoqtirishini aytdi

Toping.uzʼda afisha: Rayxona dam olish kunlarida qayerlarga borishni yoqtirishini aytdi

Sentyabrning ilk kunlari ham ortda qoldi, koʻchada havo biroz salqin. Bir soʻz bilan aytganda, oltin kuz boʻsagʻasida turibmiz. Bunday haroratda dam olish kunlarida poytaxtni miriqib aylanish mumkin. Bloger Rayxona Farmonkulova dam olish kunlarida qayerlarga borishni rejalashtirgani haqida maʼlumot berdi.

Rayxona oʻzining betakror rollari bilan tanilgan aktrisa va mashhur bloger hisoblanadi. U yosh boʻlishiga qaramay, koʻplab katta kinoloyihalarda ishlashga ulgurgan. Toping.uz bloger bilan uning Toshkentdagi sevimli manzillari haqida suhbatlashdi.

Teatr va kino

Men asosan jonli tomoshalarni maʼqul koʻraman. Chunki teatrda siz shundoqqina yoningizda qahramonlarning dardu iztirobi, kechinmalarini his qila olasiz.

Shu sababli teatr mavsumi boshlanishi bilan spektakl tomosha qilishga kirishaman. Kuz fasli tomosha kayfiyatiga oʻzgacha ruhiyat bagʻishlaydi, uni yanada qiziqroq qiladi.

— Shuningdek, kino tomosha qilishni ham yoqtiraman. Asosan drama janridagi filmlarni tomosha qilaman. Menga oxiri yaxshilik bilan tugaydigan, hamma baxtli boʻladigan filmlar yoqadi.

Xarid

Kiyim insonning xarakterini ochib beradigan asosiy vositalardan biri boʻlsa kerak. Shu sababli men doim kiyim xarid qilishga alohida eʼtibor bilan yondashaman.

Asosan Zara, Bershka va Selfie kabi brendlardan mahsulot xarid qilaman. Ularda sifat yuqori, tanlov esa ancha koʻp. Kiyimlar katalogi ham kattaligi bilan jalb qiladi.

— Kiyim tanlashda bir qancha omillarga eʼtibor berish kerak. Masalan, boʻy uzunligi va tana vazni muhim deb oʻylayman. Undan keyin ish yoki oʻqish joyiga eʼtibor berish kerak.

Hordiq

Toshkent shahri meni doim oʻzining nafisligi va chiroyi bilan rom qilgan. Shu yerda voyaga yetgan boʻlsamda, har safar poytaxtimizni kezganda, uni qaytadan kashf etaman.

Men odatda Navoiy va Maxtumquli koʻchalarini piyoda sayr qilaman. Shuningdek, Amir Temur xiyoboni, Ekopark va Yapon bogʻi ham hordiq chiqarish uchun qulay manzillar hisoblanadi.

— Bir qancha muddat oldin doimiy borib turadigan manzillarim orasiga Tashkent City Mall savdo markazi ham qoʻshildi. Kompleksda moda, texnika olamining soʻnggi trendlariga guvoh boʻlish mumkin.

Ovqat

Men noodatiy taʼmlarni va restoranlarni yaxshi koʻraman. Aslida hozirda Toshkentdagi barcha kafelar oʻziga xos xususiyatlarga ega deyish mumkin.

Milliy va chet el oshxonasi taomlarini birdek maʼqul koʻraman. Tuxum barak, sushi, qovurilgan tovuq goʻshti va korndog kabi ovqatlarni sevib isteʼmol qilaman.

— Kafe va restoranlar qiziqarli va noodatiy atmosferaga ega boʻlsa, u yerda maza qilib ovqatlanish mumkin deb hisoblayman. Interyerga eʼtibor bergan biznes mijozlarni ham ranjitmaydi.

Festival

Xoʻsh, bu mavzuga kelsak, turli musiqiy tadbirlar kerak deb hisoblayman. Chunki odamlar yigʻilib, raqsga tushadigan, maza qilib dam oladigan tadbirlar oʻtkazilishi shart.

Oxirgi marta Pepsi Music Festʼga borgandik. U yerdagi muhitni bir soʻz bilan tasvirlash qiyin. Hamma xursand, hamma shod. Bunday paytlarda kayfiyat koʻtarilib, yuzga tabassum yuguradi.

— Nafaqat Toshkentda, balki boshqa hududlarda ham festivallar koʻpayayotgani quvonarli holat deb hisoblayman. Ularning doimiyligi taʼminlansa, nur ustiga aʼlo nur boʻlardi, nazdimda.