Toshkent aeroportida kutish hududi kengaytirildi
Toshkent xalqaro aeroporti uchish zalining “steril” hududi yana 2000 kvadrat metrga kengaytirildi. Yangi maydon kutish zalining chap tomonida, “Art bazar” savdo nuqtalaridan keyin ochildi.
Toshkent aeroportida uchib ketayotgan yoʻlovchilar uchun kutish hududi kengaytirildi.
Toshkent xalqaro aeroporti uchish zalining “steril” hududi yana 2000 kvadrat metrga kengaytirildi. Yangi maydon kutish zalining chap tomonida, “Art bazar” savdo nuqtalaridan keyin ochildi.
Loyihaga koʻra, ushbu zalda oʻrindiqlar bilan jihozlangan keng kutish hududi hamda “fud-kort” tashkil etish koʻzda tutilgan. Ayni paytda E-auksion.uz platformasidagi savdolar natijalariga koʻra ikkita kompaniya bilan shartnomalar tuzildi, ulardan biri aeroportda “The Border by Teriyaki” restoranini, ikkinchisi oʻz hududida toʻrtta brendni: “Hardeeʼs”, “Pizza Hut”, “La Croissanterie”, “Pinkberry”larni birlashtiradi.
Tez orada restoranlarning qurilishi boshlanadi. Hozircha “fud-kort” uchun moʻljallangan joylar tez orada ish boshlaydigan brendlarning logotiplari tushirilgan bannerlar ortida yashiringan. Hozirda yangi zalda mashhur “Caffelito” tarmogʻining qahva burchagi joylashgan boʻlib, u yerda yoʻlovchilar uchun issiq va sovuq ichimliklar, shirinliklar va pishiriqlar mavjud.
Qoʻshimcha zalning qurilishi umumiy joʻnash zalini B5-B6-B7 chiqish yoʻlaklari bilan ulash imkonini berdi. Bundan tashqari, kelajakda kelayotgan va ketayotgan yoʻlovchilar oqimini ajratib turuvchi alohida galereya va pastki zaldan bortga chiqish yoʻlaklarini ochish mumkin boʻladi.