Toshkent–Andijon pulli avtomobil yo‘li olti yil muddatda quriladi
Jarayon uch bosqichda amalga oshirilib, yo‘lning 64 foizi yangidan quriladi, qolgan 36 foizi esa rekonstruksiya qilinadi.
Toshkent–Andijon pulli avtomobil yo‘li olti yil muddatda quriladi. Bu haqda Strategik islohotlar agentligi tomonidan tashkil etilgan davra suhbatidagi taqdimotda Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 314 km uzunlikdagi yo‘lning 64 foizi yangidan qurilishi, 36 foizi esa rekonstruksiya qilinishi kutilmoqda. I-a kategoriyasidagi yo‘l 6 qatordan iborat bo‘lib, uning qurilish muddati 6 yil 3 oyni tashkil etadi.
Jarayon uch bosqichda amalga oshirilib, birinchi bosqichda Toshkent–Angren (78 km), ikkinchi bosqichda Angren–Pop (93 km), uchinchi bosqichda esa Pop–Andijon (143 km) qismlari quriladi.
Bunda, yo‘l sement-beton qoplamali bo‘ladi. Unda jami 102 ta sun’iy tuzilma quriladi, yo‘l o‘tkazgichlarning jami uzunligi 1122 metrga yetadi. Shu bilan birga, unda 10ta tunnel bo‘lishi va ularning umumiy uzunligi 33 kilometrga yetishi kutilmoqda. Eng uzun tunnel — 6 787 metr.