Toshkent halqa yoʻlining Mirzo Ulugʻbek tumanidagi qismi ochildi
Koʻcha boʻylariga elektron shaklda boshqariladigan tungi yoritish tizimi, aqlli svetoforlar oʻrnatildi.
Shavkat Mirziyoyev 29-avgust kuni Toshkent halqa yoʻlining Mirzo Ulugʻbek tumanidan oʻtgan qismida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlarini koʻzdan kechirdi.
Toshkent halqa yoʻli poytaxtning eng uzun va keng koʻchasi. Faqat uning Mirzo Ulugʻbek tumanidan oʻtgan bir qismi tor boʻlib, hozirgi talabga — kuniga 45-50 mingta avtomashina qatnoviga mos kelmay qolgan edi. Shu bois ushbu yoʻl kengaytirilib, qayta qurildi.
Davlat rahbari bu yerga kelib, transport va piyodalar uchun yaratilgan qulayliklarni koʻzdan kechirdi. Oʻziga xos yechimlar asosida 3 ta qayrilib olish hamda 18 ta kesishmalarda qoʻshilib olish joylari tashkil etildi. Bu haydovchilarga qulaylik yaratib, tirbandlikni kamaytirishda muhim omil boʻladi.
Koʻchaning Buyuk ipak yoʻli bilan kesishmasida yigʻma temir konstruksiyali yoʻl oʻtkazgich qurildi. Mamlakatda ilk bor qoʻllangan bu usulning afzalligi koʻp. Xususan, uning qurilish muddati boshqa koʻpriklarga nisbatan ikki barobar kam vaqt talab qiladi. Xizmat koʻrsatish muddati esa yuz yildan ortiq. Oʻtkazgichni taʼmirlash ishlari ham ancha arzon tushadi.
Koʻcha boʻylariga elektron shaklda boshqariladigan tungi yoritish tizimi, aqlli svetoforlar oʻrnatildi. Oʻn uchta bekat qurildi. Hudud koʻkalamzorlashtirilib, manzarali daraxt koʻchatlari oʻtkazildi. Bu yoʻl poytaxt va Toshkent viloyatining bir necha tumanlarini bogʻlaydi. Soʻnggi yillarda qatnov sezilarli ortdi. Shularni inobatga olib, bu yerda zamonaviy transport yechimi qoʻllandi. Yoʻlning 4 kilometriga asfalt-beton yotqizildi. Qatnov qismi esa oldingidan ancha kengaytirilib, 6-8 tasmaga yetkazildi. Shuningdek, 4 ta yerosti oʻtish joyi, piyoda va veloyoʻlaklar qurildi.