РУ
O’Z
UZS
/
/
Toshkent hokimi qishga tayyorgarlik koʻrishga oid farmoyishni imzoladi. Nimalar rejalashtirilyapti?
14.09.2024

Toshkent hokimi qishga tayyorgarlik koʻrishga oid farmoyishni imzoladi. Nimalar rejalashtirilyapti?

Toshkent hokimi qishga tayyorgarlik koʻrishga oid farmoyishni imzoladi. Nimalar rejalashtirilyapti?

Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va koʻp kvartirali uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlashga doir farmoyishni imzoladi. Gaz, elektr, suv va issiqlik tarmoqlari, uylar, qozonxonalarni taʼmirlash rejalashtirilmoqda. Bu maqsadlar uchun 732,6 mlrd soʻm yoʻnaltiriladi.

Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqovning 7-sentyabrdagi farmoyishiga koʻra, poytaxtda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish uchun 732,6 milliard soʻm yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan.

Toshkent shahri hokimining qurilish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va obodonlashtirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Baxtiyor Rahmonov boshchiligida ishchi guruhi tuzilmoqda, guruh tarkibiga jami 32 nafar, jumladan, kommunal xizmat koʻrsatuvchi korxonalar va boshqa tuzilmalar rahbarlari kiradi.

Guruh iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari, koʻp kvartirali uy-joy fondini 2024/2025-yillar kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorlash, aholidan kelib tushayotgan murojaatlar asosida dolzarb muammolarni hal etish bilan shugʻullanadi.

Har haftada kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, aholidan kelib tushgan masalalarni hal etish yuzasidan masʼul boshqarma, boʻlim va tuman rahbarlarining hisobotlarini tinglash rejalashtirilgan.

Tasdiqlangan parametrlarning bajarilishi uchun masʼul mansabdor shaxslar belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida bajarmagan yoki qoniqarsiz bajargan taqdirda, ishchi guruh ularga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash boʻyicha takliflar kiritadi. Hokimlar va ishchi guruhlar aʼzolariga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklanadi.

1-oktyabrga qadar ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish korxonalari, shu jumladan, kommunal xizmat koʻrsatish tashkilotlari, shuningdek, ijtimoiy soha obyektlarining issiqlik taʼminoti qozonxonalari, muhandislik-kommunikatsiya obyektlari hamda jihozlarini taʼmirlash va jihozlash boʻyicha topshiriq berildi.

2 ming 297 km elektr uzatish tarmoqlari va 2 ming 413 transformator punktini taʼmirlash, 6,8 km gaz quvurlarini mukammal taʼmirlash va 10,1 km gaz quvurlarini rekonstruksiya qilish, 41 gaz taqsimlash punktini mukammal taʼmirlash, 215 km gaz quvurlarini bosim ostida sinash va tozalash, 108,6 km quvurlarni boʻyash rejalashtirilmoqda.

2888 ta koʻp kvartirali uyni, jumladan, 212,73 ming kvadrat metr tom qismini, 1604 ta elektr taqsimlovchi shitni, 30 ta koʻp kvartirali uyning fasad qismini taʼmirlash, oyna-romlar, kirish yoʻlaklariga 47,3 mingta energiya tejamkor sensor lampalar oʻrnatish va boshqalar koʻzda tutilgan.

Veolia Energy Tashkent kompaniyasi 634 ta qozonxona va 490,5 km issiqlik tarmoqlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlashi kerak. Shu maqsadda 29 ta qozon va 59,7 km issiqlik tarmoqlarini kapital taʼmirlash, 605 ta qozon va 430,8 km issiqlik tarmoqlarini joriy taʼmirlash rejalashtirilgan.

“Toshkent shahar suv taʼminoti” 65 ta nasos uskunasi va 2399,2 km ichimlik suvi tarmoqlarini taʼmirlashi kerak.

7 ta shifoxona va poliklinika, 5 ta oliy oʻquv yurti va 1 ta sport obyektini mukammal taʼmirlash, 28 ta maktab, 26 ta bogʻcha, 8 ta shifoxona va poliklinika, 18 ta madaniyat obyektini joriy taʼmirlash kutilmoqda.

Bektemir, Mirzo Ulugʻbek, Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi maktablarga koʻmir mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha topshiriq berildi.

Bundan tashqari, masʼul shaxslar tabiiy gazdan foydalanishda favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqishi kerak.

Tuman ishchi guruhlari aholi murojaatlarini qabul qilish va tezkorlik bilan koʻrib chiqish uchun 24 soatlik aloqa tizimini yoʻlga qoʻyishi lozim.

Tayyorgarlik uchun ajratilgan 732,6 milliard soʻm quyidagilarga yoʻnaltiriladi:

issiqlik taʼminoti obyektlari va texnologik jihozlarni kelgusi mavsumda barqaror ishlashga tayyorlash — 623,8 milliard soʻm;

  • koʻp qavatli uylarni kapital va joriy taʼmirlash — 58,9 milliard soʻm;
  • ichimlik suvi taʼminoti obyektlari va texnologik jihozlarni tayyorlash — 27,2 milliard soʻm;
  • gaz taʼminoti obyektlarini tayyorlash — 16,8 milliard soʻm;
  • elektr tarmoqlari va jihozlarini tayyorlash — qariyb 3 milliard soʻm;
  • ijtimoiy soha obyektlarini taʼmirlash — qariyb 2,8 milliard soʻm.

2,79 milliard soʻm respublika byudjetidan, qolgan qismi boshqaruv va xizmat koʻrsatish kompaniyalari, shuningdek, korxonalar (“Hududiy elektr tarmoqlari”, “Hududgaztaʼminot”, “Oʻzsuvtaʼminot”, Veolia Energy Tashkent va boshqalar) mablagʻlari hisobidan yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan.