РУ
O’Z
UZS
/
/
Toshkent piyodalar uchun qulaymi? Jurnalist Muhrim Aʼzamxoʻjayev bilan suhbat
05.10.2024 (yangilandi 14.11.2024)

Toshkent piyodalar uchun qulaymi? Jurnalist Muhrim Aʼzamxoʻjayev bilan suhbat

Toshkent piyodalar uchun qulaymi? Jurnalist Muhrim Aʼzamxoʻjayev bilan suhbat

Poytaxt aholisi yildan-yilga jadallik bilan oʻsmoqda. Bu esa yoʻllardagi harakatda oʻz aks-sadosini bermoqda. Piyodalar avtomobil, velosiped va elektrosamokatlar orasida oʻziga yoʻl topib olishga majbur.

Xoʻsh, Toshkentni piyodalar shahriga aylantirish uchun nimalar qilish kerak? Toping.uz aynan shu mavzuda taniqli jurnalist Muhrim Aʼzamxoʻjayev bilan suhbatlashdi. Maqolada muayyan qiyinchiliklar koʻrsatilib, ularga yechim taklif etilgan.

Toshkentda piyodalar yoʻlaklari yetarlicha rivojlanganmi? Bu borada qanday kamchiliklar bor deb oʻylaysiz?

Bir xilda rivojlanmagan desa, toʻgʻriroq boʻlsa kerak. Chunki ayrim joylarda yetarlicha qulayliklarga ega yoʻlaklar mavjud — masalan, Mirzo Ulugʻbek koʻchasining Mustaqillik shoh koʻchasidan Doʻrmon yoʻli koʻchasigacha boʻlgan oraligʻi, boshqa hududlarda esa piyodalar yoʻlaklari umuman yoʻq — masalan, xuddi shu Mirzo Ulugʻbek koʻchasining Parkent koʻchasi bilan kesishmasiga yaqin qismlari. Bunday joylarda piyodalar, masalan, yoʻlning qatnov qismidan harakatlanishga majbur.

Men urbanist emasman, meʼmorchilikka ham daʼvoim yoʻq. Lekin qayerlarda piyodalar yoʻlkalari boʻlishi va ular qanday boʻlishi kerakligi borasida qonun-qoidalar yozilib, butun ilgʻor standartlar belgilab qoʻyilgan boʻlsa kerak. Ana oʻsha normalarga doimiy amal qilinsa, shahardagi hozirgi qurilish surʼatidan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, menimcha, yaqin yillarda piyodalar uchun noqulay boʻlgan biror nuqta qolmasligi kerak.

Piyodalar oʻtish joylari: svetofor, yerosti va yerusti yoʻlkalar qay biri afzal va nima uchun?

Piyoda doim ustuvor boʻlishi kerak. Urbanistlar ham doim bir gapni takrorlaydi-ku — piyoda uchun toʻsiqsiz muhit hosil qilinishi kerak. Yer ostiga tushish ham, yer ustiga chiqish ham - toʻsiq. Nogironligi bor shaxs yoki farzandini aravachada olib ketayotgan ayol bunday joylardan oʻtib olishi katta muammo.

Hech boʻlmasa shahar ichidan oʻtgan trassalarda, masalan, Bunyodkor shoh koʻchasi, Ahmad Donish koʻchasi kabi joylarda yo yerosti, yo yerusti oʻtish joylari boʻlishi kerak-ku, degan fikr ham aytilishi mumkin. Aslida, shahar ichida bunday trassalar boʻlmasligi kerak — shaharning u boshidan bu boshiga harakatlanish shahar atrofidagi halqa yoʻllari orqali amalga oshirilishi kerak. Shahar ichidagi yoʻllar va koʻchalar imkon qadar kichikroq, torroq boʻlishi kerak.

Kichikroq yo torroq — masalan, ikkala tomonga harakatlanish boʻlaklari soni jami toʻrtta boʻlgan yoʻllarda yerosti yo yerusti oʻtish joylarini qurish haqida bosh qotirilmaydi ham — hech kim shaharning birorta shunday, jami toʻrt polosali koʻchasi ostidan yo ustidan piyodalar oʻtish joyi qurilganini eslay olmasa kerak. Yoʻl qancha tor boʻlsa, unda harakatni sokinlashtirish, piyoda uchun xavfsizroq qilish imkoniyati ham oshaveradi.

Bir necha yil avval “Har bir tartibga solinmagan (yaʼni, svetofori yoʻq) piyodalar oʻtish joyiga svetoforlar oʻrnatish kerak!”, degan gap koʻp aytilardi.  Toshkentda 2023-yildan beri juda koʻp svetofor oʻrnatildi. Ammo shu kecha-kunduzda yuz berayotgan yoʻl-transport hodisalari hatto svetofor ham samarali yechim boʻla olmasligini, svetofor ishoralariga boʻysunmaydigan haydovchilar baribir piyodalarni urib ketaverishi mumkinligini koʻrsatmoqda.

Yoʻl qancha tor boʻlsa, polosalar soni qancha kam boʻlsa, oʻsha yoʻlni piyodaga shunchalik oson, kamxarj, masalan, svetoforsiz ham xavfsiz qilish mumkin. Hozir mahalla ichi yoʻllarida aholi oʻzi uyushib, rasmiylar nazarida oʻzboshimchalik bilan “yotiq politsiyachi” doʻngalaklarini oʻrnatyapti. Aslida rasmiylar ham mana shu tashabbuskorlikdan oʻrnak olib, tor koʻchalardagi piyodalar oʻtish joylarida kattaroq doʻngalaklar oʻrnatishi kerak.

Masalan, Toshkent Sitidagi piyodalar oʻtish joylarining ayrimlari shunday - mashina yoʻli piyodalar oʻtish joyiga kelganida birdan balandlashadi, bu joyda haydovchi xohlamasa ham tezlikni pasaytirishga majbur boʻladi, yoʻqsa katta doʻngalak mashinani uchirib yuboradi. Mana shu tajribani boshlanishiga boshqa tor koʻchalarga ham yoyish kerak.

Mashina yoʻllarida avtobuslar uchun maxsus A yozuvli chiziqlar ajratilgandi. Bu foyda berdimi?

Bu savolga javob berishdan avval barcha shaharlarda tezlik cheklovi 60 km/soatgacha pasaytirilishi bilan bogʻliq jarayonni eslab oʻtmoqchiman. Boshida bu cheklov ishlamaydi, degan qarashlar ham bor edi. Yaqinda samarqandlik jurnalist akamiz Shuhrat Shokirjonov Toshkentga kelganida, poytaxtda haydovchilar allaqachon tezlikni soatiga 60 km dan oshirmasdan yurishga moslashib qolibdi, degan mazmunda tvit yozdi.

Toʻgʻri, bunday moslashuvga bir yildan koʻproq vaqt kerak boʻldi. Cheklov 70 km/soat boʻlgan vaqti oʻzim ham shu tezlikka oʻrganib qolmaganmi, 60 juda sekindek, imillashdek tuyulardi. Ammo hozir oʻzim ham 60 km ga oʻrganganman, bundan tez yurish darrov seziladi. Atrofdagilarga ham asosan 60 km/soat tezlikda harakatlanadi. Kechagi kundan bir misol - yarim tunda Oʻrikzordan Yunusobodga Halqa yoʻli boʻylab qaytdim. Soatiga 60 km/soat tezlikda. Yarim tun boʻlsa ham, mashina kam emasdi, lekin butun yoʻl davomida birorta mashina soatiga 65 km/soatdan yuqoriroq tezlikda tezlikda quvib oʻtgani yoʻq. Bunda, albatta, kamera va radarlarning ham hissasi bor, ammo 60 lik cheklovga oʻrganish ham bor.

Avtobuslar uchun alohida ajratilgan boʻlak masalasini ham shunga oʻxshataman. Tizim, ideal darajada boʻlmasa ham, baribir ish beryapti. Toʻgʻri, tonggi va kechki tirbandlik vaqtida koʻp haydovchilar bu qoidani mensimay, bemalol avtobus polosasiga chiqib ketayotganini koʻrish mumkin. Ammo kunning boshqa vaqtlarida aynan shu boʻlakka deyarli mashina kirganini koʻrmayman. Har holda, oʻzim koʻp qatnaydigan Amir Temur shoh koʻchasida shunga guvoh boʻlaman. Yaʼni, koʻpincha “madaniyatsiz” deb taʼriflanadigan haydovchilarimiz ham avtobus yoʻlini toʻsmaslikni oʻrgandi.

Ideali qanday boʻlardi? Masalan, Istanbul yoki Tehrondagidek - avtobus uchun ajratilgan alohida boʻlak yoʻl chetida emas, yoʻl oʻrtasida boʻladi, xuddi bir vaqtlar Toshkentda yurgan tramvaylardek. Va u shunchaki yoʻl chizigʻi bilan emas, balki rostmana ajratiladi - kamida oʻsha Toshkent tramvaylari ajratilganidek. Shunda avtobusning boʻlagiga boshqa mashinalar ham kirolmaydi, avtobuslar tirbandliklarda qolib ketmaydi, avtobus qatnovi tezlashadi. Avtobus qatnovi tezlashgach, oʻz-oʻzidan koʻpchilik, masalan, ishga shaxsiy avtomobilda borish odatidan kechadi.

Shaxsiy tajriba: Toshkent boʻylab piyoda sayr qilganingizda qanday muammolarga duch kelgansiz?

Agar bir oʻzim sayr qiladigan boʻlsam, hech qanday muammoga duch kelmayman - yetti muchcham sogʻ, ayni qirchillama yoshdaman axir. Biror noqulay joydan sakrab yoki chetlab oʻtishim mumkin. Ammo bolalar bilan chiqadigan boʻlsam, avvalroq qulay, tekisdek koʻringan yoʻlning ham noqulayliklari koʻrina boshlaydi. Birinchi muammo, koʻp joylarda normal piyodalar yoʻlaklari yoʻq, baʼzi joylarda umuman yoʻlakning oʻzi yoʻq.

Bolalar aravachasi bilan koʻchaga chiqqanlar shu masalada juda qiynalishadi. Bunday hollarda avtomobil yoʻliga chiqib harakatlanishga majbur boʻlasiz, lekin bu juda xavfli. Yana shunday holatlar boʻladiki, yoʻlakchalar shunchaki dabdala ahvolda boʻlgani bois uni chetlab oʻtishga harakat qilasiz. Chunki bola bola-da, katta odamga oʻxshab: “Bu yomon yoʻl ekan, bu yerda ehtiyot boʻlish kerak”, deb oʻylaymaydi, aynan yomonroq joyda uning oʻyinqaroqligi kuchayadi. Ë yiqilib, yo mashina yoʻliga chiqib ketib, biror kor-hol orttirishi mumkin.

Baʼzan tuppa-tuzuk piyodalar yoʻlagi oʻzidan-oʻzi tugab qoladi — davomini topolmaysan. Yogʻingarchiliklar boshlangach, boshqa muammolar yuzaga chiqadi. Masalan, bruschatka bilan qoplangan yoʻlaklar, quruvchilar ishni qoʻl uchida qilgani uchun, xuddi suvli mina maydoniga aylanadi - “qaysi birini bossam, u joyidan qimirlamaydi, ust-boshimni shalabbo qilmayman”, deb oʻylanib yurasiz. Tunda eng yaxshi piyodalar yoʻlaklarining ham hammasi yorugʻ boʻlmaydi — notekisroq joyga kelib qolganingda, koʻrmay, koʻlmakka tushib ketishing ham mumkin.

Taʼkidlaganimdek, men hozir soppa-sogʻ boʻlganim uchun (koʻz tegmasin!) bemalol yuribman. Ammo bu maqtanish ham, maqtov ham emas. Yoʻllar faqat toʻrt muchasi sogʻlar uchun emas, avvalo imkoniyati maksimum darajadagi cheklanganlar ham bemalol yurishiga moslab qurilishi kerak.

Toshkentda piyodalar uchun qulay va shinam shahar muhitini yaratish uchun qanday yechimlar kerak, deb hisoblaysiz?

Bu borada shaharning ayrim qismlarida yechimlar qilindi. Hozirda yangicha uslubda barpo etilayotgan cityʼlar va tematik koʻchalarda piyoda imkon qadar ustuvor darajaga olib chiqilyapti. Shahar uchun koʻp yaxshi tajribalar ham qilinyapti. Menimcha, aynan shu tajribalarni butun shahar boʻylab yoyish kerak. Buning uchun qaror qabul qiluvchilarga ozroq qatʼiyat kerak, deb oʻylayman.

Shaharga koʻpdan koʻp sokin xiyoboni sayilgohlar kerak - odamlar bemalol, bexavotir, toʻsiqsiz muhitda dam hordiq chiqarishi mumkin boʻlgan yashil hududlar koʻpaytirilishi kerak. Koʻpaytirganda ham shaharning barcha nuqtalarida imkon qadar teng koʻpaytirish kerak. Shahar markazida bir necha soʻlim istirohat bogʻlari yonma-yon boʻlgani holda, chekka mavzelarda birorta ham attraksionsiz park boʻlmasa, bu ham yechim emas, hatto mana shunday tengsizlik, masalan, tirbandliklarga ham oʻzining salbiy taʼsir qiladi.

Ayni vaqtda, shahar markazi haqiqatan ham katta bir bogʻ, saylgoh boʻlishi ham yomon fikr emas. Ammo buning uchun uni egasi ertalab ishxonasiga kirib ketib, kechasi ish tugagach qaytib chiqadigan, kun boʻyi shahar markazida minglab kvadrat metr joyni behuda, hammaga, xususan, piyodalarga xalal bergan holda egallab yotadigna avtomobillardan tozalash kerak. Bunday tozalash uchun pulli parkovka tizimini nihoyat ishga tushirish kerak.

Shu vaqtgacha ishga shaxsiy avtomobilida kelayotgan ofis xodimlari ishga bemalol kelib-keta olishi uchun jamoat transporti tizimi ham tinimsiz rivojlantirilishi, tarmogʻi, turlari yanada koʻpayishi lozim. Oʻz navbatida, minglab avtobuslarni olib kelib, ularni tirbandliklarda qoldirish ham yaramaydi — avtobuslar betoʻxtov harakatda boʻlishi uchun zarur infratuzilmani ham tashkil etish kerak; yoʻl chetidagi alohida ajratilgan boʻlak - bu hatto yarimchora ham emas.

Avtomobillarga ustuvorlik berish gʻoyasidan voz kechish amalda sezila boshlashi kerak. Masalan, avtomobillar uchun koʻpriklar qurish kabi gʻoyalarni toʻxtatish kerak. Va yoʻllarda avtomobil haydovchilaridan boshqa ishtirokchilar ham borligini eslab, ular haqida ham oʻylay boshlash kerak - axir shahar rivojlanyapti, unda samokat, skuter kabi yangi-yangi transport turlari nafaqat paydo boʻlyapti, balki kun sayin koʻpayyapti. Ular uchun ham oʻziga mos infratuzilma kerak.

Lekin bu borada ham oʻtgan yillarda qilingan xato - velosipedchilarga piyodalar hisobidan yoʻlak qilib berish xatosi takrorlanmasligi kerak. Piyodaning haqiga tegilmasin, velosipedchi, samokatchi yo skuterchiga qancha yoʻlak kerak boʻlsa, hammasi avtomobil yoʻli hisobidan olinsin va u avtomobillardan ham, piyodalardan ham jismonan ajratilsin. Ajratilmasa, yo mashina velosipedchini urib ketadi, yo samokatchi trotuardagi biror bolani bosib ketadi.