Toshkent shahri Bosh rejaga koʻra 3 ta zonaga ajratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-oktyabr kuni Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi.
Qayd qilinishicha, bugungi kunda shahar hududi 43 ming 822 gektar, aholi soni 3 milliondan ziyod. Kelgusida bu miqyos yanada oshib boradi. Shu bois Toshkent shahrining 2045-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan bosh rejasi loyihalashtirildi.
Davlat rahbari bu boradagi ilk ishlanmalar bilan 2022-yilda tanishgan edi. Unda berilgan koʻrsatma va tavsiyalar asosida loyiha takomillashtirildi. “ToshkentboshplanLITI” korxonasida Singapur, Buyuk Britaniya, Turkiya, Germaniya, Xitoy va Niderlandiya kompaniyalari bilan hamkorlikda puxta ish olib borildi.
Loyihaga koʻra, Toshkent shahri hududi 3 ta zonaga ajratiladi. Konservatsiya zonasida madaniy meros binolari, tarixiy joylar, uylar va yashil hududlar oʻzgarishsiz qoladi. Rekonstruksiya zonasida master-rejalar asosida qoʻshimcha qurilishlar qilish mumkin boʻladi. Renovatsiya zonasida eskirgan uy-joy, binolar oʻrnida yangi qurilishlar va taʼmirlash amalga oshiriladi.
Bugungi kunda ekologiya va transport muammolari dolzarb boʻlib bormoqda. Xususan, oxirgi oʻn yilda Toshkentdagi havo harorati oʻrtacha 1 daraja koʻtarilgan. Baʼzi kunlarda atmosferadagi ifloslantiruvchi moddalar meʼyordan ortiq boʻlmoqda. Avtomashinalar ham kun sayin koʻpayib, yoʻl harakati qiyinlashib bormoqda.
Shu bois yangi bosh rejada bu masalalar inobatga olingan. Jumladan, Toshkent shahri va uning atrofidagi yashil hududlar 3 karra koʻpaytirilib, 25 ming gektarga yetkazilishi belgilanmoqda. Bu orqali aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yashil maydon hozirgi 3 kvadrat metrdan 6 kvadrat metrga oshadi.