Toshkent viloyatida uyida ilon boqib kelgan shaxs ularni ochiqqa qoʻyib yubordi
Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanida oʻz uyida kobra saqlab kelgan shaxs ilonlarni ochiqqa qoʻyib yuborgani aniqlandi. Bu haqda Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, tumanning Tuyaboʻgʻiz mahallasi hududida yashovchi, 1980-yilda tugʻilgan fuqaro N.Yu. oʻzi yashayotgan xonadonida 30 dan ortiq kobra ilonlarini tegishli ruxsatnomasiz saqlab kelgan.
Nomaʼlum sabablarga koʻra, fuqaro N.Y. xonadonida saqlanayotgan ilonlar ochiqqa qoʻyib yuborilgan. Bu holat mahalliy aholi tomonidan aniqlanib, 2 ta kobra tutib oʻldirilgan.
Holat yuzasidan tuman IIB, FVB, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish, obodonlashtirish, ekologiya boʻlimlari va boshqa tegishli tashkilotlar xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilgan.
Hozirda ishchi guruh tomonidan yaqin atrofda yashovchi aholi xonadonlarida dorilash ishlari olib borilmoqda. Qoʻshimcha qilinishicha, holat boʻyicha IIB xodimlari tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.