Toshkentda Amerika texnologiyalar universiteti faoliyatini boshladi
Poytaxtda Amerika texnologiyalar universiteti ochildi. Unda muhandislik, sogʻliqni saqlash, axborot texnologiyalari, arxitektura va dizayn, iqtisodiyot va moliya, xalqaro munosabatlar sohalari oʻqitiladi. 2024/2025 oʻquv yilida Xalqaro savdo va Dasturiy muhandislik yoʻnalishida oʻqish boshlanadi.
Toshkent shahrida Amerika texnologiyalar universiteti faoliyatini boshladi, deya xabar bermoqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati. Prezident iyul oyida mazkur universitetni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida qaror imzolagandi.
1-oktyabr kuni poytaxtda AQSHning “Cintana Education” kompaniyasi va “Times Higher Education” reytingida 182-oʻrinni egallab kelayotgan Arizona davlat universiteti bilan hamkorlikda oliy taʼlim muassasasining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Mazkur universitet oliy taʼlim sohasiga yetakchi xorijiy taʼlim muassasalarining ilgʻor tajribasini joriy etish ishlarini yanada kengaytirish maqsadida tashkil etilgan. Unda muhandislik, sogʻliqni saqlash, axborot texnologiyalari, arxitektura va dizayn, iqtisodiyot va moliya, xalqaro munosabatlar sohalari uchun oliy maʼlumotli kadrlar xalqaro standartlar darajasida tayyorlanadi.
2024/2025 oʻquv yilida Toshkent shahrida Amerika texnologiyalar universitetida Xalqaro savdo va Dasturiy muhandislik yoʻnalishida bakalavr bosqichida oʻqish tashkil etiladi. Vazirlik xabariga koʻra, keyinchalik oʻquv dasturlari kengaygani sari OTM Arizona davlat universitetining diplomlaridan tashqari AQSHning boshqa yetakchi universitetlari diplomlarini berishi mumkin boʻladi.