Toshkentda III xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi oʻtkaziladi
Simpoziumda Oʻzbekiston hamda xorijiy davlatlar haykaltaroshlari tomonidan “Haykaltaroshlik va atrof-muhit” mavzusida toshdan ijod asarlari yaratiladi. Simpozium yakunida ishtirokchilarga sertifikat va gonorarlar topshiriladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi tomonidan “Toshkent – 2024” III xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi oʻtkaziladi.
10-avgust–10-sentyabr kunlari boʻlib oʻtadigan simpoziumda Oʻzbekiston hamda xorijiy davlatlarning tajribali, mahoratli haykaltaroshlari tomonidan “Haykaltaroshlik va atrof-muhit” mavzusida toshdan ijod asarlari yaratiladi.
Shuningdek, yosh ijodkorlar uchun mahorat darslari, amalish mashgʻulotlar tashkil etiladi, ustoz-shogird anʼanalari namoyish qilinadi. Bundan tashqari, simpozium ishtirokchilari uchun Toshkent shahri, Buxoro va Toshkent viloyatlaridagi muzeylar hamda madaniy meros obyektlariga sayohatlar uyushtiriladi.
Simpozium davomida yaratilgan haykallar Toshkent shahrining madaniy muhiti va badiiy qiyofasini shakllantirish maqsadida istirohat bogʻlari, dam olish zonalari, koʻngilochar va sayyohlik maskanlariga, shu bilan birga, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetiga oʻrnatiladi. Simpozium yakunida ishtirokchilarga sertifikat va gonorarlar topshiriladi.