Toshkentda ijodkor yoshlar RE/Generation festivali boʻlib oʻtadi
4-5-sentyabr kunlari boʻlib oʻtadigan RE/Generation Art Fest Toshkent shahrida 70 dan ortiq yosh ijodkorlarni birlashtiradi, ular 700 dan ortiq sanʼat namunalarini — surat, fotografiya, spektakllarni taqdim etadi. Mehmonlar bilan uchrashuvlar Moskva “Garaj” muzeyi vakili va sanʼat sohasidagi boshqa mutaxassislar tomonidan oʻtkaziladi.
4-5-sentyabr kunlari Anhor bogʻidagi Axelon karting markazida RE/Generation Art Fest ijodkor yoshlarning birinchi festivali boʻlib oʻtadi.
Ikki kun davomida makon Oʻzbekistondan 70 dan ortiq sanʼatkor va ijodkorlar uchun maydonga aylanadi. Ular oʻz asarlarini turli sanʼat turlari: rangtasvir, grafika, fotografiya, installyatsiya, spektakl, koʻcha-art, video va raqamli sanʼat, shuningdek, elektron musiqa va audiovizual sanʼat sohasidagi eksperimentlarni taqdim etadi.
Tadbirda oʻzlikni anglash, oʻzini namoyon qilish, texnologiya, avlodlar aloqasi, ijodkorlik, innovatsiya va yangilanish kabi mavzularga bagʻishlangan 700 dan ortiq sanʼat obyektlari namoyish etiladi.
Tadbir dasturi bir nechta maʼruzalar va panel muhokamalarini oʻz ichiga oladi. Ishtirokchilar orasida Moskva zamonaviy sanʼat muzeyi “Garaj” jamoat dasturi kuratori Anastasiya Mityushina, zamonaviy sanʼat koʻrgazmalari kuratori va prodyuseri Mixail Slobodinskiy, sanʼatshunoslik fanlari doktori, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Nigora Ahmedova va Toshkentdagi “Karvon” rasm galereyasi direktori, sanʼatshunos Natalya Musina.
Festivalning maxsus mehmoni sanʼat sohasidagi tadqiqot tashabbuslari va madaniy almashinuvlarni faol qoʻllab-quvvatlovchi “Marjoniy” jamgʻarmasi prezidenti va rahbari Rustam Sulaymonovdir. Bundan tashqari, festivalga xorijlik ekspertlar – Xelsinkidan Futuarts sanʼat tarixi byurosi asoschisi Aura Seikkula va Olmaotadan “Aspan” galereyasi direktori Aleksandra Kim tashrif buyurishadi.
Festivalning asosiy yoʻnalishi madaniy merosni asrab-avaylash bilan zamonaviy sanʼatdagi innovatsiyalar va yangilanishlarni uygʻunlashtirishga qaratilgan. Festival tashkilotchilarining taʼkidlashicha, ularning maqsadi yosh ijodkorlarni birlashtirib, ularning asarlarini keng jamoatchilikka taqdim etishdir. Festival, shuningdek, fikr almashish va sanʼat olamidagi dolzarb mavzularni muhokama qilish uchun maydon yaratishga qaratilgan.