РУ
O’Z
UZS
/
/
Toshkentda ovqatlanish va shahar shovqinidan qochish uchun eng yaxshi uchrashuv joylari
28.06.2024

Toshkentda ovqatlanish va shahar shovqinidan qochish uchun eng yaxshi uchrashuv joylari

Toshkentda ovqatlanish va shahar shovqinidan qochish uchun eng yaxshi uchrashuv joylari

Agar Toshkentda eng yaxshi uchrashuvni o‘tkazish uchun g‘oyangiz bo‘lmasa, lekin juftligingizni hayratda qoldirish yoki ko‘nglini olishni istasangiz, uchrashuv joylari ro‘yxatini e’tiboringizga taqdim etamiz. Saqlab qo‘yishni unutmang, kelajakda to‘yingizga taklifnomani kutib qolamiz

Toshkentda sevgilingiz bilan sayr qilish uchun qayerga borish mumkin?

Taassurot qoldiradigan joylar

  • Otda sayr qilish

Manzil: Otchopar maydon, Yangibozor

Barcha romantiklarga maqul keladigan Toshkentdan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan ot minish maydoni. Birgalikda ot minishni o‘rganish, otlarni boqish, esda qolarli suratlarga tushish va quyosh botishini tomosha qilish g‘oyasiga nima deysiz? Bularning hammasi romantik komediya ssenariysiga o‘xshaydi. 

  • Keramika bo‘yicha master-klass

Agar 90-yillardagi Gollivud filmlarini yaxshi ko‘rsangiz, “Arvoh” filmidagi Demi Mur va Patrik Sueyzi kulolchilik g‘ildiragida vaza yasagan sahnani osongina eslaysiz. Agar ko‘rmagan bo‘lsangiz, o‘z romantik epizodingizni yaratish uchun ajoyib imkoniyat. Buning uchun keramika ustaxonasiga borib, bir-biringiz uchun ismlar yozilgan krujka yasashni maslahat beramiz. Shunda, tongda sevimliga aylangan krujkadagi har bir qahva ichish yoqimli xotiralarni uyg‘otadi. 

Manzil: Toshkentdagi keramika studiyalari – DVOE, Pottervillestudio

  • Havo sharida uchish

Uchrashuv uchun yana bir ajoyib g‘oya – havo sharida uchish. Ayniqsa, yoqimli hamroh bilan bu o‘zgacha yoqimli bo‘lishi aniq. Nikoh taklifi uchun ham juda mos keladigan manzil. Balki siz anchadan beri buni qanday va qayerda amalga oshirishni bilmay yurgandirsiz. 

Manzil: Airballoon, Parkent tumani, Samsarak MYF

Ovqatlanadigan joylar

  • Kechki nonushta (branch)

Chiroyli va mazali joyda nonushta qilishga hech narsa teng kelolmaydi. Ayniqsa, siz odatda uyda ovqatlansangiz va oshxona menyuingizni o‘zgartirmoqchi bo‘lsangiz. Endigina tanishayotgan bo‘lsangiz, ovqatlanish orqali bir-biringizning tanlovingizni yaqindan bilib olasiz.

Manzil: Benedict, Beans&Brewers 

  • To‘g‘ri ovqatlanishni yoqtiradiganlar uchun tushlik

O‘z sog‘lig‘i va qomati haqida qaygʻuradiganlar va shu bilan birga mazali ovqatlanishni yoqtiradiganlar uchun ushbu manzillarni tavsiya qilamiz. Agar juftingiz kaloriyalarga e‘tiborli va hisobli bo‘lsa, mutaxassilarining vloglarini ko‘rib, doimiy ravishda ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ri ovqatlanish retseptlarini qidirsa, unda ushbu restoranlarning to‘g‘ri ovqatlanish (PP) tushligini albatta ma’qullaydi. Chunki u yerda juda mazali, shu bilan birga qomatga ziyon yetkazmaydigan taomlar bor.

Manzil: B’you, Breadly

Shahar tashqarisiga chiqish

  • Oilaviy vino zavodi

Yangi vinolarni tatib ko‘rishni yaxshi ko‘rsangiz va har doim Italiya yoki Fransiyadagi uzumzorlarga tashrif buyurishni orzu qilgan bo‘lsangiz, unda bu manzil aynan siz uchun. U yerda tatib ko‘rish, ekskursiya qilish yoki unutilmas fotosessiyani tashkil etish mumkin. Aytgancha, yirik xo‘jalik hududida mehmonxona ham ishlaydi.

Manzil: Uzumfermer, Kattasuv, Mirobod ko‘chasi, 1/1

  • Innovatsion ekologik ferma

Agar siz innovatsion, g‘ayrioddiy va kelajakka oid narsalarni yaxshi ko‘rsangiz, unda ushbu ferma sizga yoqishi aniq. Shovqinli va ifloslangan shahardan charchagan va tabiat bilan uyg‘unlikda: qushlar sayrashi va milliy musiqa navolari ostida uchrashuv o‘tkazishni istaganlar uchun ajoyib tanlov.

Manzil: Kosa farm, Parkent tumani, Samsarak

  • Dam olish maskani

Agar haqiqiy dam olish uchun harajatlardan qochmasangiz doimiy mavsumiy hisoblanadigan “Amirsoy” kurortiga borishingiz mumkin. Qishda bu yerda chang‘i, konki yoki “vatrushkalar”da uchsangiz bo‘ladi, yozda esa SPA-salonda dam olishingiz, kvadrosikl haydashingiz yoki basseynda cho‘milishingiz mumkin.

Manzil: Amirsoy, Bo‘stonliq tumani, Chimyon QFY hududi