Toshkentda pulli toʻxtab turish joylari uchun toʻlovlar miqdori tasdiqlandi
Toshkent shahri hokimi qarori bilan pulli toʻxtab turish joylarini tashkil etish tartibi va transport vositalarining pulli toʻxtab turish joylaridan foydalanganlik uchun toʻlovlar miqdorlari tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, hokimlik va “Toshkent Invest kompaniyasi” AJning transport vositalarining pulli toʻxtab turish joylari faoliyatini yanada takomillashtirish hamda ularni bosqichma-bosqich tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullandi.
Hujjatda pulli toʻxtab turish joylaridan foydalanganlik uchun toʻlovlar miqdori ham tasdiqlangan. Taʼkidlanishicha, Parking hududlari 5 ta tarif zonasiga boʻlinadi. Bir soatlik toʻxtab turish narxlari:
- 1-tarif zonasida 12 ming soʻm;
- 2-tarif zonasida 10 ming soʻm;
- 3-zonada 8 ming soʻm;
- 4-zonada 6 ming soʻm;
- 5-tarif zonasida 5 ming soʻmni tashkil qiladi.
Parking transport vositalarini saqlash uchun moʻljallanmagan. U yerda uchinchi shaxslar tomonidan transport vositalarining olib qochilishi va shikastlanishi xavfi avtomobillar egalari zimmasida qoladi.
Maʼlumot oʻrnida, ayrim guruh nogironlari, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga bepul xizmat koʻrsatiladi. Shuningdek, davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaydigan ikki gʻildirakli transport vositalari bepul joylashtirilishi mumkin.