/
/
Toshkentda Qozogʻistonning galmart supermarketi ochildi
28.08.2024

Toshkentda Qozogʻistonning galmart supermarketi ochildi

Premium segment doʻkoni Tashkent City Mall savdo markazida joylashgan.

Toshkentda Qozogʻistonning galmart supermarketi ochildi

25-avgust kuni Toshkentda Qozogʻistonning galmart riteyleri birinchi supermarketining texnik ochilishi boʻlib oʻtdi.

Supermarketning rasmiy ochilishi sentyabr oyi oxiriga rejalashtirilgan, biroq doʻkon allaqachon tashrif buyuruvchilarni qabul qila boshlagan.

Doʻkon formati premium segmentda oilaviy xarid qilishga qaratilgan. Supermarket dushanbadan payshanbagacha — 10:00 dan 23:00 gacha, jumadan yakshanbagacha esa 10:00 dan 00:00 gacha ishlaydi.

“CMWP” konsalting kompaniyasi maʼlumotlariga koʻra, supermarket Tashkent City Mallʼdagi 6 ming kvadrat metrga yaqin maydonni egallaydi. galmart keng assortimentdagi mahsulotlarni, jumladan, tayyor hamda brend nomi ostidagi taomlarni taklif etadi.

“Ushbu loyihaning ishga tushirilishi Toshkent aholisining isteʼmol istaklari asta-sekin oʻzgarayotganini, tovarlar va doʻkon formatlarining keng tanloviga boʻlgan talab ortib borayotganini koʻrsatadi va, albatta, xizmat koʻrsatish, umuman, savdo sohasi uchun yangi standartlarni belgilaydi”, — dedi yangi doʻkonga tashrif buyurgan “CMWP” eksperti Amal Xaitov.

Toshkentdagi galmart supermarketlar tarmogʻining oʻn birinchi va Qozogʻistondan tashqaridagi birinchi nuqtasi boʻldi. Tarmoqning Oʻzbekiston bozoriga kirishi haqidagi maʼlumotlar ilk bor 2023-yil avgustida paydo boʻlgandi.