Toshkentda “Tamerlano” operasining premyerasi boʻlib oʻtadi
Georg Fridrih Gendel musiqasi Kirill Rihterning zamonaviy talqinida Alibek Kabdurahmanov boshchiligidagi Oʻzbekiston milliy simfonik orkestri ijrosida yangraydi. Simfonik orkestr sadolariga oʻzbek milliy cholgʻu asboblari joʻr boʻladi.
Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri sahnasida 2–3-oktyabr kunlari rejissyor Stefano Poda ijodiga mansub “Tamerlano” operasining ilk namoyishlari boʻlib oʻtadi.
Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi taklifiga binoan dunyoga dongʻi ketgan ilgʻor rejissyor uch asr avval yaratilgan operaning qayta anglangan shaklini taqdim etadi.
“Tamerlano” asarining voqealar rivoji markazida usmonlilar sultoni Boyazidning Amir Temur tomonidan asirga olinishi hamda oʻz raqibining qizi Asteriyaga nisbatan dafʼatan alangalangan ishqiy tuygʻulari yotadi.
Georg Fridrih Gendel musiqasi Kirill Rihterning zamonaviy talqinida Alibek Kabdurahmanov boshchiligidagi Oʻzbekiston milliy simfonik orkestri ijrosida yangraydi. Simfonik orkestr sadolariga oʻzbek milliy cholgʻu asboblari joʻr boʻladi.
Bu esa Amir Temur davrining asl oʻtmish saslari yanada jarangdor taralishi imkoniyatini vujudga keltiradi. Premyera joriy yilning 2–4-oktyabrida Toshkentda Oʻzbekiston mezbonlik qiluvchi IV Butunjahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasi kunlari arafasiga moʻljallangan. Chiptalar hozirda iticket.uzʼda sotilmoqda.