Toshkentda tirbandliklarga qarshi kurashish uchun yangi departament tashkil etiladi
Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov shahar aholisi yaqin kunlarda oʻzgarishlarni his qilishini maʼlum qildi.
Toshkentda tirbandliklarga qarshi kurashish va yoʻl muammolarini bartaraf etish uchun yangi departament tashkil etiladi, deb xabar bermoqda “Oʻzbekiston 24”.
Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov Toshkent yoʻllaridagi tirbandliklar masalasiga eʼtibor qaratdi. Prezident topshirigʻiga binoan, poytaxt hokimligi va Transport vazirligi Yoʻllarni boshqarish departamentini tashkil etadi.
“U oʻzini oʻzi taʼminlash mexanizmi asosida faoliyat yuritadi, yoʻl muammolarini hal etadi va qator vakolatlarga ega boʻladi. Prezident ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan rejalarni tasdiqladi. Oʻylaymanki, yaqin kunlarda Toshkent aholisi bu oʻzgarishlarni his eta boshlaydi”, — dedi Umurzoqov.
Eslatib oʻtamiz, bosh rejaga koʻra Toshkent 3 ta zonaga boʻlinadi. Konservatsiya zonasida madaniy meros binolari, tarixiy joylar, uylar va yashil hududlar oʻzgarishsiz qoladi. Rekonstruksiya zonasida master-rejalar asosida qoʻshimcha qurilishlar qilish mumkin boʻladi. Renovatsiya zonasida eskirgan uy-joy, binolar oʻrnida yangi qurilishlar va taʼmirlash amalga oshiriladi.