РУ
O’Z
UZS
/
/
Toshkentda Urbanizatsiya, arxitektura va dizayn boʻyicha Markaziy Osiyo forumi boʻlib oʻtadi
09.09.2024

Toshkentda Urbanizatsiya, arxitektura va dizayn boʻyicha Markaziy Osiyo forumi boʻlib oʻtadi

Toshkentda Urbanizatsiya, arxitektura va dizayn boʻyicha Markaziy Osiyo forumi boʻlib oʻtadi

Toshkentda oʻtkaziladigan Markaziy Osiyo urban-forumida xorijlik meʼmor, urbanist va dizaynerlar yigʻiladi. Ular shaharlarni kengaytirish va u bilan bogʻliq ekologik muammolarni muhokama qiladi. Ushbu masalalardagi takliflar davlat organlariga taqdim etiladi. Forumda barcha fuqarolar ishtirok etishi mumkin.

Markaziy Osiyo Urban-forumi 26-sentyabr kuni Toshkent Botanika bogʻida boʻlib oʻtadi. 

U Markaziy Osiyo va uzoq xorijlik arxitektorlar, dizaynerlar va urbanizatorlarni, shu jumladan, Britaniya Qirollik arxitektorlar instituti talqiniga koʻra “100 nafar amaliyotchi ayol arxitektor” reytingidagi mutaxassislarni, shuningdek, yetakchi developerlar, dizayn byurolari ekspertlari va mutaxassislik yoʻnalishlari talabalarini yigʻadi.

Tadbir Oʻzbekiston yosh arxitektorlar uyushmasi tomonidan tashkil etilmoqda. Bu tadbirni oʻtkazish uchun texnologiya oʻzgarishi va shaharlarni kengaytirish sohasidagi masalalarni hal qilishni talab qiladigan “qurilish bumi” sabab boʻldi.

“Bunday urbanizatsiya natijalari mehnat bozorlari, infratuzilma degradatsiyasi va mintaqadagi iqlim zaifligiga bosim oʻtkazadi. Ostona, Olmaota, Bishkek, Dushanbe va Toshkent muntazam ravishda eng yomon havo sifati boʻyicha jahon reytingida yetakchilik qiladi. Mintaqa mamlakatlari birodarlik anʼanalarida ham, urbanizm va atrof-muhitga zarar yetkazadigan darajada intensiv shaharsozlik muammolarida ham oʻxshashdir. Markaziy Osiyo munosib hayot sifatini taʼminlash uchun sarmoya va shahar infratuzilmasini barqaror rivojlantirishga muhtoj”, — deya taʼkidladi forum tashkilotchilari “Gazeta.uz”ga.

Urban-forum arxitektura, qurilish, ekologiya va raqamli texnologiyalar sohasidagi davlat organlari, xususiy sektor va mutaxassislarni ochiq muloqotda birlashtirishga qaratilgan. Saʼy-harakatlarni birlashtirish, ayniqsa, iqlim oʻzgarishi sharoitida qurilish va uy-joy muammolarini hal qilish masalalarida muammo va chaqiriqlarning optimal yechimlarini topish imkonini beradi.

Tomonlar oʻrtasidagi muloqot natijasida ekspertlar arxitektura va shaharsozlik sohasidagi islohotlar uchun amaliy tavsiyalarni aks ettiruvchi deklaratsiyani imzolaydilar. Takliflar qurilish va xususiy sektorni rivojlantirish sohasida davlat, biznes va aholining tabiatni hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan normativ bazani takomillashtirishga taalluqlidir. Hujjat koʻrib chiqish uchun mintaqadagi har bir mamlakatning tegishli idoralariga topshiriladi.