РУ
O’Z
UZS
/
/
Toshkentda X Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi bo‘lib o‘tadi
11.10.2024

Toshkentda X Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi bo‘lib o‘tadi

Toshkentda X Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi bo‘lib o‘tadi

14−18-oktyabr kunlari Toshkentda X Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi bo‘lib o‘tadi. Bu yil 40 ta mamlakatdan rassom va kuratorlar ishtirok etishi kutilmoqda. Ko‘rgazmalarda 120 dan ortiq san’at asarlari namoyish etiladi. Dasturda xorijlik rassomlarning mahorat darslari va xalqaro konferensiya o‘rin olgan.

14−18-oktyabr kunlari X Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi bo‘lib o‘tadi. Bu yilgi mavzu — “San’at va dunyo”.

Biyennale konsepsiyasi san’at va zamonaviylik o‘rtasidagi munosabatni o‘rganishga qaratilgan. Rassomlar o‘z asarlarida qutblangan jamiyat fonida ko‘plab global muammolarga duch kelayotgan zamonaviy dunyoga qarashlarini aks ettiradi.

Tashkilotchilarga ishtirok etish uchun 350 dan ortiq ariza kelib tushgan, ularning uchdan ikki qismi xorijdan kelgan. Tanlovga 40 ta davlatdan 38 nafar xorijlik va 50 dan ortiq o‘zbekistonlik ijodkor olindi. Toshkentda biyennale doirasida ochiladigan ko‘rgazmalarda 120 dan ortiq barcha turdagi san’at asarlari: rangtasvir, haykaltaroshlik, installyatsiya, video-art va spektakl namoyish etiladi. Xorijiy ishtirokchilar bir qator ma’ruzalar va mahorat darslari o‘tadi.

“Bugun O‘zbekistonda barcha sohalar qatori milliy tasviriy san’at ham muttasil rivojlanib bormoqda. San’at sohasiga o‘zining dadil qadamlari, o‘z uslubi, ijod yo‘li bilan ko‘plab iste’dodli yoshlarimiz kirib kelmoqda. Ularning ijodini dunyo rassomlariga namoyish etish, qolaversa yosh musavvirlarimizning jahon mo‘yqalam sohiblari ijodi bilan tanishtirishda, ularning o‘zaro muloqotini yo‘lga qo‘yishda ushbu biyennale keng imkoniyatlar ochadi”, — deydi Badiiy akademiya raisi Akmal Nuriddinov.

Bu yil biyennaleni o‘tkazish uchun budjetdan 860 million so‘m (taxminan 67 ming dollar) ajratildi, deya ma’lum qildi biyennale direktori Orziqul Ro‘ziyev “Gazeta.uz”ga. Mablag‘lar xorijlik ishtirokchilarni joylashtirish, ularni tashish va boshqa xarajatlarga sarflandi, dedi u.

2001-yildan buyon davlatning faol ko‘magida har ikki yilda bir marta o‘tkazib kelinayotgan biyennale tasviriy san’at sohasida madaniy almashinuv, dolzarb masalalarni muhokama qilish va turli mamlakatlarning zamonaviy ijodiy salohiyati bilan tanishish uchun platforma vazifasini o‘tamoqda.