Toshkentda yana bitta gastronomik koʻcha tashkil etiladi
Mirobod tumanidagi Taras Shevchenko koʻchasi gastronomik koʻchaga aylantirilishi rejalashtirilmoqda. Qurilish ishlari 15-iyulda boshlanadi. U yerda yoritish tizimlari, oʻrindiqlar, axlat qutilari oʻrnatilib, koʻchatlar ekiladi va boshqalar amalga oshiriladi.
Toshkent shahri Mirobod tumanidagi Taras Shevchenko koʻchasi gastronomik koʻchaga aylantiriladi. Ushbu turistik koʻchaning ishga tushirilishi tadbirkorlar daromadini oshirishi aytildi.
Bunyodkorlik ishlari davomida Taras Shevchenko koʻchasida yoritish ustunlari, oʻrindiqlar va chiqindi urnalari hamda sugʻorish tizimlarini oʻrnatish, daraxt koʻchatlari oʻtqazish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, bu yerda audio musiqa tizimini tashkil etish, dekorativ arka va ustunlar, fotozonalar uchun dekorativ elementlar oʻrnatish, piyodalar va velo-yoʻlaklar, bolalar oʻyingohi, koʻrgazmali sahna barpo etish ham rejalashtirilmoqda.
Hokimlikning “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, Toshkent shahri hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati”ga ariza berilgan, shundan soʻng smeta va pudratchi aniqlanadi. Koʻchaning Shahrisabz koʻchasi bilan kesishmasidan Nukus koʻchasidagi kesishmagacha (94-maktab yonida) boʻlgan 800 metrli qismida ishlar olib borilishi rejalashtirilmoqda.