Toshkentdagi O‘zbekiston ovozi ko‘chasi obodonlashtiriladi
Poytaxtdagi markaziy ko‘chalardan biri — O‘zbekiston ovozi ham yangicha ko‘rinish kasb etadi. Ushbu ko‘cha taʼmirlanishida piyodalarning erkin harakatlanishiga e’tibor qaratiladi. Loyiha Sankt-Peterburgdagi arxitektura kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan.
16-avgust kuni Respublika bolalar kutubxonasida Oʻzbekiston ovozi koʻchasini obodonlashtirish gʻoyasining taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Loyiha meʼmorlari @ludi_architects byurosi azim koʻchaning yangi qiyofasini mahalliy aholi va shahar hokimligi vakillari eʼtiboriga havola qildi.
Loyiha konsepsiyasi koʻcha boshidan kechirgan anʼanaviy, modernist va zamonaviy turli tarixiy davrlarini talqin etadi. Oʻziga xos va qiziqarli boʻlgan har bir davr yangi obodonlashtirish mohiyatida oʻz xayrixoh aks sadosini topadi.
Maʼno va tasvirlarga boy mazmun Oʻzbekistonning anʼanaviy hunarmandchiligi va madaniyati, meʼmorchiligidagi ramziy bezak va mahalliy tajriba-sinovlar orqali taqdim etilgan.
Mazkur obodonlashtirish loyihasi haqida ludi_architects byurosining meʼmori, bosh direktori va asoschisi Lyubov Leonteva hamda ludi_architects meʼmori, loyihalar rahbari va ijrochi direktori Nehmat Samedov atroflicha maʼlumot berdi.
“Koʻchalarni obodonlashtirishda asosiy eʼtibor avtomobillardan koʻra odamlarning ustuvorligidir. Loyihada biz piyodalar uchun qulay va xavfsiz muhitni ishlab chiqmoqdamiz, avtomobillar va velosipedlar harakatini oqimlarni chegaralaydigan va aholi uchun toʻsiqsiz maydon yaratadigan tarzda tuzamiz”, — dedi Ludi_architects bosh direktori va asoschisi Lyubov Leontyeva.
Toshkent shahar hokimligi axborot xizmatining Toping.uz’ga taqdim etgan loyihasiga koʻra, koʻchaning obodonlashtirilishida tabiiy omillar toʻliq hisobga olingan. Yaʼni quyoshdan, yogʻingarchilikdan va shamoldan himoyalanish masalalari uchun batafsil yechimlar taqdim etilgan. Koʻcha rekontruksiyasi 3 ta fragment asosida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston ovozi koʻchasidagi binolar fasadi ham toʻliq yoki qisman renovatsiya qilinishi belgilangan. Arxitektorlar jamoasi Yevropa tendensiyalari asosida binolar fasadini yangilashni va ularga milliy ruh qoʻshish maqsadida mozaikalardan keng foydalanishni taklif qilgan. Shuningdek, yashil bogʻ manzarasini baxsh etuvchi sunʼiy va tabiiy oʻsimliklardan foydalanish ham mumkin.
ludi_architects jamoasi bundan avval ham Toshkent uchun bir qancha loyihalar amalga oshirgan. Jumladan, Respublika bolalar kutubxonasi rekontruksiya loyihasini ham ishlab chiqqan. Taʼmirlash ishlari 2023-yilda toʻliq tugallangan. Loyiha bosh maqsadi klassik kutubxona uslubini saqlab qolgan holda meʼmorchilik obidasiga zamonaviylik baxsh etishdan iborat boʻlgan.