Toshkentdagi xalqaro simpoziumda yaratilgan 20 dan ortiq haykal shahar bogʻlariga joylashtiriladi
Toshkentda oʻtgan Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumida 15 ta davlatdan 27 haykaltarosh ishtirok etdi. Bir oy davomida ular global ekologik muammolarni aks ettiruvchi 20 dan ortiq haykalni yaratdi. Ular Toshkent shahridagi istirohat bogʻlari va sayyohlik markazlariga oʻrnatiladi.
7-sentyabr kuni Toshkentda III Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi yopildi, uning yakunlari sarhisob qilindi, deb xabar berdi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati.
Tadbirda Xitoy, Hindiston, Turkiya, Eron, Bolgariya, Ispaniya, Rossiya, Estoniya, BAA, Belarus, Ozarbayjon, Gruziya, Ukraina, Keniya kabi 15 davlatdan 20 nafar haykaltarosh hamda Oʻzbekistondan 7 nafar professional haykaltarosh ishtirok etdi.
Simpozium “Haykaltaroshlik, atrof-muhit va iqlim oʻzgarishi” mavzusiga bagʻishlandi. Uni oʻtkazish davomida global ekologik muammolar va tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan gʻoyalarni aks ettiruvchi 20 dan ortiq haykaltaroshlik asari yaratildi. Saralash bosqichida 150 nafar haykaltaroshning 600 ga yaqin loyihasi taqdim etilgan boʻlib, ulardan 27 tasi tanlab olindi.
“Tabiatning ifloslanishiga, avvalo, insoniyat sababchi boʻlgan. Insonlar azal-azaldan atrof-muhitga turli shakllarda zarar yetkazib kelishgan. Endi esa bu holatga barham berish, yaʼni uygʻonish vaqti keldi. Shuning uchun ham men tabiat oldida tiz choʻkib, uzr soʻrayotgan inson obrazini tasvirladim va bu asarimni “Uygʻonish” deb nomladim”, — deydi eronlik haykaltarosh Shaho Rezai.
Simpozium davomida yaratilgan haykallar Toshkent shahrining madaniy muhiti va badiiy qiyofasini shakllantirish maqsadida istirohat bogʻlari, dam olish zonalari, koʻngilochar va sayyohlik maskanlariga, shu bilan birga, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University)ga oʻrnatiladi, deyiladi bayonotda.