РУ
O’Z
UZS
/
/
Uzbekistanʼs Club futbol boʻyicha Olimpiya terma jamoasi rasmiy madhiyasini eʼlon qildi. Konsta jarayon haqidagi fikrlari bilan boʻlishdi
02.07.2024

Uzbekistanʼs Club futbol boʻyicha Olimpiya terma jamoasi rasmiy madhiyasini eʼlon qildi. Konsta jarayon haqidagi fikrlari bilan boʻlishdi

Uzbekistanʼs Club futbol boʻyicha Olimpiya terma jamoasi rasmiy madhiyasini eʼlon qildi

Uzbekistanʼs Club Oʻzbekiston tarixida ilk bor futbol boʻyicha Olimpiya terma jamoasiga rasmiy madhiya yaratdi. “Men oʻzbekistonlikman — qonimda gʻalaba” deb nomlangan musiqa uchun suratga olingan klip ham taqdim etildi. “Toping.uz” madhiya muallifi Konsta bilan suhbatlashib, Oʻzbekiston terma jamoasining Olimpiadadagi boʻlajak ishtiroki haqida fikrlari bilan qiziqdi.

Videoni tasvirga olishda eng yaxshi mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda germaniyalik kinooperator Maks Tsui ham ishtirok etgan. Unda terma jamoaning barcha futbolchilari hamda bosh murabbiy Timur Kapadze qatnashgan.

Madhiya oʻzbekistonlik taniqli reper Konsta tomonidan ijro etilgan. Loyihada, shuningdek, sanʼat va media sohasining yorqin namoyandalari, xususan, Asal Saparbayeva (Littos), Alisher Uzoqov, Davron Kabulov, Kamila Gemadinova, Sardor Zuhriddinov, Samandar Nizomov, Husnora Shodiyeva, Sitora Alimjonova, Maftuna Shokirova, Abdurahmon Fozilov va boshqalar suratga tushgan.

“Toping.uz” muxbiri ushbu madhiya va unga ishlangan klip yuzasidan Konstadan kichik intervyu oldi. Uning taʼkidlashicha, futbol doim xalqni birlashtiradigan katta kuchlardan biri boʻlgan.

“Butun mamlakat, oʻn millionlab odamlar bir maqsad uchun birlashsa, natija ham shunga yarasha katta boʻladi. Futbol va uning atrofida xalqimiz birlashsa, bu boshqa sohalarda ham ulkan ishlar qilishga yordam beradi”, — deydi reper.

Sanʼatkor, shuningdek, Oʻzbekiston terma jamoasining hozirgi formasiga ham toʻxtaldi. Uning aytishicha, futbolga bunday katta eʼtibor berilayotgani jamoaning rostan ham ijobiy natijalar qayd etayotganidan dalolat beradi. “Biz nafaqat osh atrofida, balki futbol atrofida ham birlasha olamiz”, — deb hazillashadi Konsta.

“Men suratga olish maydonchasida futbolchilar bilan muloqot qila olmadim. Buning oʻzi yaxshi signal hisoblanadi. Chunki terma jamoaning barcha ishtirokchilari mashgʻulotlarga qaytishi kerakligi sababli suratga olish ishlari juda tez amalga oshirildi. Ular hozir bor eʼtiborini Olimpiadaga tayyorlanishga qaratgan”, — deb taʼkidladi xonanda.

Uzbekistanʼs Club loyihasi asoschilaridan biri Nikita Makarenko ushbu madhiya haqida bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov hamda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov iliq fikr bildirganini maʼlum qildi. Matbuot kotiblari terma jamoaning Olimpiya oʻyinlaridagi ishtirokida omad tilagan.