Yangilangan rekord, sergoʻsht palov va Habib Nurmagomedovdan tabrik. Bu Olimpiada nimalar bilan yodda qoldi?
Fransiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qilgan Yozgi Olimpiada oʻyinlari ham oʻz nihoyasiga yetmoqda. Unda Oʻzbekiston sportchilari tarixiy natija qayd etib, umumjamoa hisobida 13-oʻrinni egalladi. Bu maqolada musobaqaning eng hayratlanarli va yodda qoladigan jihatlari sanab oʻtiladi.
Parij-2024 Olimpiadasining yopilish marosimi 11-dan 12-avgustga oʻtar kechasi boʻlib oʻtadi. Sportsevarlarni yana bir katta shou kutib turibdi. Undan oldin esa ushbu Olimpiada natijalari, rekordlari va yodda qolarli voqealari haqida suhbatlashamiz.
Albatta, bu musobaqa Oʻzbekiston tarixidagi eng ijobiy turnir boʻldi. Sababi bizning jamoa umumiy hisobda 13 ta medal (8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza) qoʻlga kiritdi. Shu tariqa, Oʻzbekiston umumiy reytingda 13-oʻrinni egalladi. Bu mamlakat tarixidagi eng yuqori natija.
2024-yilgi Olimpiada oʻyinlari reytingi
Kutilganidek, bu musobaqada ham AQSH va Xitoy jamoalari birinchi oʻrin uchun murosasiz kurash olib bordi. Bu mamlakatlar sport turnirlarida azaliy raqib hisoblanadi va Parij Olimpiadasida ham ular yuzlab sportchilar bilan qatnashdi. Yakuniy natijalarga koʻra, kuchli uchlik quyidagicha shakllandi:
- AQSH — 40 ta oltin, 44 ta kumush va 42 ta bronza (jami 126 ta medal);
- Xitoy — 40 ta oltin, 27 ta kumush va 24 ta bronza (jami 91 ta medal);
- Yaponiya — 20 ta oltin, 12 ta kumush va 13 ta bronza (jami 45 ta medal).
Kuchli beshlikka Avstraliya va Fransiya jamoalari yakun yasadi, ularda mos ravishda 18 ta hamda 16 ta oltin medal mavjud. Musobaqa favoritlaridan hisoblangan Buyuk Britaniya, Korey ava Germaniya jamoalari esa bu safar kuchli oʻnlik bilan cheklandi.
Oʻzbekiston uchun rekord natija
Oʻzbekiston Olimpiada oʻyinlariga qatnashib boshlagandan beri eng yaxshi natijasini qayd etdi. Mamlakat kuchli 15 ta davlat roʻyxatidan joy oldi. Dzyudo, taekvondo, erkin kurash va boks kabi sport turlaridagi oltin medallar bizga 13-oʻrinni egallashga yordam berdi. Yunon-rum kurashi va ogʻir atletika kabi musobaqalarda kumush hamda bronza medallari olindi.
Bu natija oʻz-oʻzidan qayd etilgani yoʻq. Unga sportchilarning uzoq yillik mehnati va sabr-irodasi sabab deyish mumkin. Shavkat Mirziyoyev Tokio Olimpiadasidan keyin oʻtkazilgan uchrashuvda Oʻzbekiston top-15 ga kirishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilishini bildirgandi. Buning uchun Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish dasturlari ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq qilingan.
Oʻzbekiston bundan oldingi eng yaxshi natijani Rio-2016 Olimpiadasida qayd etgandi. Oʻshanda 4 ta oltin medal bilan umumjamoa hisobida 21-oʻrin qayd etilgan. Ammo Tokio Olimpiadasi sportchilarimiz uchun unchalik omadli kelmadi va faqatgina Bahodir Jalolov, Ulugʻbek Rashitov hamda Akbar Joʻrayevlar oltin medallarga ega chiqdi. Shundan soʻng Oʻzbekistonda Olimpiada oʻyinlariga boʻlgan eʼtibor karrasiga oshdi, deyish mumkin.
Kutilmagan hodisa: kimlar tarixiy natijalarni qayd etdi?
Olimpiada oʻyinlari doimo oʻzining yangi rekordlari bilan sport ixlosmandlarini xursand qilib keladi. Bu boʻlimda biz faqatgina Oʻzbekiston sportchilarining tarixiy natijalari haqida gaplashamiz.
Futbol
Birinchidan, futbol boʻyicha Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi tarixida ilk marta toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Futbolchilarimiz guruh bosqichidayoq kuchli qarshilikka duch keldi. Ular Ispaniya, Misr va Dominikan jamoalariga qarshi bahs olib bordi.
Tan olish kerak, ushbu guruh oʻlim guruhi sifatida qayd etilgani oʻzini isbotladi. Chunki shiddatli va murosasiz kechgan bahslarda jamoalar kichik hisobda gʻalabaga erishdi. Ilk uchrashuvda Oʻzbekiston uchun tarixiy hisoblanadigan ilk golni Ispaniya darvozasiga Eldor Shomurodov kiritdi.
Bizning terma jamoamiz guruh bosqichida Ispaniya va Misrga bitta toʻp farqi bilan magʻlub boʻldi. Misr jamoasi yarim finalda, Ispaniya esa finalda oʻynadi. Ispanlar bu yilgi Olimpiada chempionligini qoʻlga kiritgan boʻlsa, Misr vakillari Marokashga qarshi kechgan bahsda qaqshatqich tarzda tor-mor etildi.
Dzyudo
Bu Olimpiada oʻzbek sportchi qizi Diyora Keldiyorova nomini dunyoga tanitdi. Bizning vakilimiz barcha davralarda ishonchli harakat qilib, oʻzining nomdor raqiblarini turnirdan chiqarib yubordi. Jumladan, u 1/16 finaldayoq yengilmas raqibasi yaponiyalik Uta Abeni magʻlubiyatga uchratdi. Abening tinimsiz koʻz yoshlari Diyoraga dunyo eʼtiborini koʻproq qaratdi, deyish mumkin.
Shundan keyin Oʻzbekiston vakili har bir davrada nomdor sportchilarga qarshi tatamiga tushdi va ularning ustidan irodali gʻalaba qozondi. Keldiyorova finalda kosovolik Distria Krasnichini magʻlub etib, oltin medalga sazovor boʻldi. U mamlakat tarixida dzyudo boʻyicha oltin medal olgan ilk sportchiga aylandi.
Shuningdek, birinchi marta oltin medal olgan ayol sportchi ham boʻldi. Diyora Keldiyorovaning gʻalabasi Oʻzbekistonda katta bayramga aylandi. Uni dastlab prezident Shavkat Mirziyoyev telefon orqali tabrikladi. birin-ketin rasmiy amaldorlar ham dzyudochini muborakbod eta boshladi. Diyora Keldiyorovaning kimonosi esa Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi muzeyidan joy oldi.
Oʻzbekistonlik dzyudochilardan Armen Bagdasarov (Atlanta-1996) va Abdullo Tangriyev (Pekin-2008) Olimpiya oʻyinlarida kumush, Rishod Sobirov uch marotaba bronza medalini qoʻlga kiritgan. Shuningdek, Diyorbek Oʻrozboyev va Davlat Bobonov hisobida ham bittadan bronza medali bor.
Boks
Oʻzbek boks maktabi dunyodagi eng kuchlilaridan biri sifatida eʼtirof etiladi. Bu safar ham sportchilarimiz nimalarga qodir ekanini isbotladi va 5 nafar finalchining barchasi oltin medalni qoʻlga kiritdi. Bu Oʻzbekistonning Olimpiada uchun eng yaxshi natijasi hisoblanadi. Faqatgina 2016-yilda bokschilarimiz 3 ta oltin medalni qoʻlga kiritgan.
Aslida boksda bir jamoaning 5 ta oltin medal olishi kamdan kam uchraydigan holat hisoblanadi. Yaqin tarixda bu natijani faqatgina Kuba qayd etgan. Jumladan, kubaliklar 2004-yilda 5 ta, 2020-yilgi Olimpiya oʻyinlarida esa 4 ta oltin medalga sazovor boʻlgan. Shu tariqa, Oʻzbekiston soʻnggi yillardagi tendensiyani oʻzgartirdi.
Aslida bu Olimpiadaga erkak bokschilarimiz 7 ta vazn toifasida toʻliq tarkibda qatnashdi. Afsuski, -63,5 kg vazn toifasidagi Ruslan Abdullayev va -80 kg vazn toifasidagi Toʻrabek Habibullayev turnirdagi ishtirokini erta yakunladi. Oʻzbekiston jamoasi 5 ta oltin bilan oʻzining tarixiy natijasini yangiladi va boksda tengsiz ekanini yana bir bor isbotladi.
Erkin kurash
Dogʻistonda tugʻilgan sportchi Razambek Jamalov bu yil Olimpiada oʻyinlarida Oʻzbekiston bayrogʻi ostida harakatlandi va oltin medalni qoʻlga kiritdi. Razambek Tokio-2020 bronza medali sovrindori Bekzod Abdurahmonov oʻrniga terma jamoaga kiritilgan.
Shundan soʻng Jamalovni koʻplab dunyo sporti yulduzlari, jumladan, Habib Nurmagomedov va Hamzat Chimayev shaxsan tabrikladi. Razambek ham oʻz oʻrnida ularning tabrigiga javob qaytarib, bu uchun minnatdorlik bildirgan. U oʻzbek xalqiga ham chuqur hurmatini izhor etdi.
Maʼlumot oʻrnida, bu Oʻzbekistonning soʻnggi 20 yil ichida erkin kurash boʻyicha olingan ilk Olimpiya oltinidir. Oxirgi marta Artur Taymazov va Aleksandr Dokturishvili Oʻzbekiston terma jamoasiga 2004-yilda oltin medalni qoʻlga kiritgan edi.
Ikki karra chempionlar
Ushbu Olimpiadada uch nafar sportchimiz ikkinchi marta oltin medalni qoʻlga kiritdi. Hasanboy Doʻsmatov, Bahodir Jalolov boksda, Ulugʻbek Rashitov esa taekvondoda oʻzlarining ikkinchi oltin medallariga ega chiqdi. Bu ham Oʻzbekiston uchun tarixiy natija hisoblanadi.
Taekvondochi qiz Svetlana Osipova ham tarixga kirdi. Yoʻq, u ikki karta chempion boʻlmadi. Balki final bahsida fransiyalik tajribali raqibiga qarshi jangda soʻnggi soniyalarda magʻlub boʻldi va Oʻzbekiston tarixiga Olimpiada oʻyinlarida ilk kumush medalni qoʻlga kiritgan ayol sportchi sifatida kirdi.
Xalqaro sport: memga aylangan sportchilar
Bu turnirda oʻzbek bokschisi Bahodir Jalolovning sportchilar ovqati va sharoiti haqidagi gap-soʻzlari keskin tanqidga uchradi. U delegatsiyadan kimki sharoitlardan nolisa, uni sportchi sifatida hurmat qilmasligini taʼkidlab, hark un goʻshtli ovqatlar berishayotganini qoʻshimcha qilgan.
Keyinchalik maʼlum boʻlishicha, rostan ham boks terma jamoasi vakillari uchun maxsus konservalangan osh, qazi va boshqa turdagi goʻsht mahsulotlari bor ekan. Aynan shu videodan keyin Oʻzbekiston oshxonasi koʻplab internet memlarga sabab boʻldi.
Turkiyalik mergan Yusuf Dikech 4 yillikning eng yirik sport musobaqasida oʻq otish sport turida ekipirovkalarsiz, oddiy kundalik koʻzoynagi bilan qatnashdi va kumush medalni qoʻlga kiritdi. Olimpiadaning boshqa ishtirokchilaridan u harbiy oʻtmishi orqali ajralib turadi. Yusuf turk jandarmeriyasining isteʼfodagi kichik ofitseri.
Yusuf oʻzining otish uslubi orqali tarmoqlar yulduziga aylandi. Sport ixlosmandlarining koʻpchiligi hatto nahotki Turkiya Olimpiadaga professional killerni yuborgan boʻlsa deb hazil aralash izohlar yozishdi. Ayrimlar esa uni har xil ashqol-dashqollarsiz sayohatga joʻnaydigan yigit sifatida eʼtirof qilgan.
Xitoylik gimnastikachi qiz Jou Yaqin ham bu Olimpiadani oʻzining shirin harakatlari bilan entiktirib yubordi. 18 yashar sportchi oʻzining birinchi Olimpidasida kumush medalini qoʻlga kiritdi va shohsupaga koʻtarildi. U birdan raqibalarining medalni tishlayotganiga guvoh boʻldi va shosha-pisha shu harakatni takrorlashga kirishdi. Yaqinning bu xatti-harakati koʻplab internet-memlarga sabab boʻldi.
Shunday qilib, toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasi ham oʻz nihoyasiga yetdi. U bizga unutilmas xotiralar, tarixiy natijalar va turli qiziqarli shoular taqdim etdi. Albatta, sport musobaqasida bir qancha koʻngilni xira qiluvchi holatlar ham kuzatildi. Ammo oʻzbek sportchilarining rekordlari ortidan bu koʻngilsizliklar unutildi. Bundan buyon ham mamlakatimizda sport rivojlanishi va bayrogʻimiz jahon arenalarida baland koʻtarilishi tilakdoshimiz.