“Yura davri dunyosi 4” filmining suratga olish ishlari yakunlandi
Film syujeti sayyorada qolgan uchta eng yirik dinozavrning DNK namunalarini yigʻishi kerak boʻlgan maxfiy izlovchilar guruhi atrofida rivojlanadi.
Buyuk Britaniyada “Yura davri dunyosi: Qayta tugʻilish” filmining suratga olish jarayoni nihoyasiga yetdi. Bu haqda filmning prodyuseri Frank Marshall ijtimoiy tarmoqlarda xabar berdi.
Kartinaning premyerasi 2025-yil 2-iyulga moʻljallangan. Filmni Garet Edvards (“Rogue One”, “Yaratuvchi”) rejissyorlik qilgan. Bosh rollarni Skarlett Yohansson, Jonatan Beyli, Mahershala Ali, Rupert Frend va boshqalar ijro etishgan.
Film syujeti sayyorada qolgan uchta eng yirik dinozavrning DNK namunalarini yigʻishi kerak boʻlgan maxfiy izlovchilar guruhi atrofida rivojlanadi. “Qayta tugʻilish” ssenariysi ustida asl “Yura davri bogʻi” muallifi Devid Kepp ishlagan.
Suratga olish ishlari Tailandda ham olib borildi va jami 106 kun davom etdi. Franshizaning soʻnggi filmi “Hukmronlik” 2022-yilda ekranlarga chiqib, 1 milliard dollardan ortiq mablagʻ toʻplagan edi.