1996-yildan hozirga qadar: Oʻzbekistonda birinchi boʻlib qaysi mashina ishlab chiqarilgan?
Bugun Toshkent koʻchalarida turli rusumdagi mashinalarni koʻp uchratyapmiz. Ayniqsa, har beshinchi mashina elektrokar va ularga boshidagi yashil hoshiyasi bor avtoraqamlar taqilgan. Lekin bugungi mavzu bu haqda emas. Ushbu maqolada yaqin oʻtmishga — 1996-yilga sayohat qilib, oʻzbek avtosanoatida inqilob yasagan mashina haqida gaplashamiz.
Bundan yigirma sakkiz yil avval Asaka avtomobil zavodi ishga tushgandi. 1996-yil 19-iyul kuni Asakada UZDaewooAuto qoʻshma korxonasining rasmiy ochilish marosimi boʻlgan.
Birinchi prezident Islom Karimov oʻsha tantanali marosimdai: “Oʻzimizning yurtimizda ham, uzoq va yaqin qoʻshnilarimiz ham yaxshi tushunadiki, bunday ulkan zavodni qurish uchun nafaqat iqtisodiy va moliyaviy imkoniyatlarga, balki katta maʼnaviy qudratga, qolaversa, katta yurakka ham ega boʻlish kerak”, degan edi.
Zavoddan chiqqan ilk avtomobillar
Asaka avtomobil zavodi oʻz faoliyati koʻlamini yil sayin kengaytirib bordi. Milliy avtomobilsozlikda yangi rusumlar paydo boʻldi. Jumladan, zavodda birinchi boʻlib 1996-yilda Damas mashinasi ishlab chiqarilgan. 2001-yilning avgust oyida Matiz hetchbeki, 2002-yilning sentyabrida yangi rusumdagi Nexia DOHC sedani taqdim etildi.
2003-yilda avtomobil sanoatimiz Lacetti rusumidagi avtomashina ishlab chiqarishni oʻzlashtirdi. 2004-yilning dekabr oyida bir litr hajmli dvigatel va avtomat uzatmalar qutisiga ega Matiz Best, 2006-yilning fevral oyidan yangi Damas-2 avtomashinalari ishlab chiqarila boshlandi.
2008-yilda tarmoqdagi toʻngʻich korxona – Asaka avtomobil zavodi hayotida yangi davr boshlandi. Uning negizida “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi hamda General Motors kompaniyasi taʼsischiligida GM Uzbekistan qoʻshma korxonasi tashkil etildi. Oʻzbek avtomobillari safi yangi, zamonaviy va sifatli avtomobillar hisobiga yanada kengaya boshladi.
2010-yilda ancha takomillashtirilgan va texnologik ixchamlashtirilgan Spark, 2011-yilda modernizatsiya qilingan Captiva, 2012-yilda Malibu, 2013-yilda Cobalt avtomobili ishlab chiqarila boshlandi. Soʻnggi yillarda milliy avtosanoat avtomobillari qatoriga yangi rusumdagi mashinalar qoʻshildi. Xususan, yangilangan Lacetti, 2014-yil boshida Orlando oilaviy avtomobili namoyish etildi.
Ha, yuqorida sanab oʻtilgan avtomobillarning koʻpchiligi yil oʻtgan sari ishlab chiqarilishdan toʻxtadi. Xususan, Tico, Matiz, Epica, Tacuma kabi modellar isteʼmoldan chiqarildi. 2015-yilda chiqarila boshlangan Gentra bilan ham 2024-yilda xayrlashildi. Hozirda zavod Nexia-3, Tracker, Trailblazer, Equinox va Traverse kabi modellarni ishlab chiqarmoqda. Ammo shunday model borki, u ishlab chiqarish boshlangandan beri bestseller boʻlib keladi.
“Nontopar” Damas haqida
Damas — 1996-yildan buyon Asaka avtomobil zavodida ishlab chiqarilayotgan mini-ven. Suzuki Carry avtomobilining nusxasi. Sakkiz oʻrindiqli yoʻlovchi tashuvchi, ikki oʻrindiqli va orqasi ochiq (pikap), ikki oʻrindiqli va orqasi yopiq hamda ikki oʻrindiqli va orqasi kuzovga biriktirilgan furgonsimon turlari bor.
Endi juda yaqin tarixga qaytamiz. Damas doim eng koʻp ishlab chiqarilgan avtomobillar qatorida boʻlgan. Soʻnggi yillarda bu oʻrin uchun Cobalt ham kurashmoqda. Ammo otaxon mashina doimo oʻzining natijalari bilan hayratda qoldirgan. Soʻnggi uch yillikda ham Damas ishlab chiqarish koʻrsatkichlari faqatgina oʻsdi.
Masalan, 2022-yilning yanvar-dekabr oylarida jami yirik korxonalar tomonidan 72 235 dona Damas avtomobili ishlab chiqarilgan boʻlib, mazkur ishlab chiqarish boʻyicha, 2021-yilning tegishli davriga nisbatan oʻsish surʼati 131,2 foizni tashkil etdi. 2023-yil boshida ham sezilarli oʻsish kuzatilgan. Atigi bir oyda 9,4 ming dona shu rusumdagi mashina sotuvga chiqarilgan.
“Damas – 0.8 L hajmidagi, 38 ot kuchi quvvatidagi motori boʻlgan besh eshikli tijorat maqsadidagi avtomobil. Uning zamirida doimo amaliyotga moslik va funksional uygʻunlik boʻlib, konstruksiyasi har qanday yoʻl sharoitida uzoq yillar davomida buzilishsiz ishlashini kafolatlaydi. Avtomobil tijorat yoki oilaviy ehtiyojlar uchun moʻljallangan”, — deyiladi Chevrolet.uz saytidagi rasmiy maʼlumotda.
Nega Damas sotuvi pasayib ketmaydi?
Bunga bir qancha sabablar bor. Birinchidan, mashina narxi hamyonbop. Hozirda Damas sotuvdagi avtomobillar ichida eng arzoni hisoblanadi. Uning narxi 93 million soʻmdan boshlanadi. Hattoki UzAutoʻning sotuv boʻyicha rekord oʻrnatishi kutilgan avtomobili Onix ham undan ancha qimmat, mashina narxi 161 million soʻmdan boshlanadi.
Narx eng katta omil deyishimiz ham mumkin. Umuman olganda, oʻrtacha daromad topadigan oilalar ham bemalol Damas xarid qilishi mumkin. Ikkinchi sabab boʻlsa, avtomobil koʻplab xizmatlar uchun qoʻl keladi. Masalan, viloyatlarda undan marshrutlarda qatnaydigan taksi sifatida foydalanishadi. Taksi haydovchilari oʻz-oʻzini band qilgan shaxs hisoblanadi, yaʼni ular Damas ortidan oilasini boqa oladi.
Kichik bizneslar uchun ham bu mashina qoʻl keladi. U yetkazib berish xizmatlarida keng qoʻllaniladi. Bunga sigʻimi kengligi va benzinni kam sarflashi ham sabab boʻlgan. Toshkent koʻchalarida ham Damasʼni tez-tez koʻrib turish mumkin. Koʻplab yirik brendlar ham bu avtomobildan mahsulotlarni tashishda va pochta xizmatlarini koʻrsatishda foydalanishadi.
Xulosa qilib aytganda, Damas oʻzbekistonliklar tomonidan sevib boʻlmasada xarid qilinadigan va ularning hayotini bir muncha yaxshilashga xizmat qiladigan qimmatli mashina hisoblanadi. U negadir doimo past baholangandek koʻrinadi, chunki Damas qiladigan ishlarni koʻrib, unga haykal qoʻyish kerak degisi keladi odam. Bu ketishda UzAuto Motors kompaniyasi ham hali-beri mini-ven ishlab chiqarishni yakunlaydiganga oʻxshamaydi. Nima ham deymiz, eng qadimiy mashina omon boʻlsin, koʻp yaxshi kunlarda xizmat qilsin.