800 yevro va diskovodsiz: eng kuchli PlayStation 5 Pro haqidagi barcha tafsilotlar
Uzoq yillik mish-mishlar tasdiqlandi: PlayStation 5 Pro real pristavka bo‘lib chiqdi. Sony uni yaqinda taqdim etdi, barcha tavsiflar allaqachon ma’lum, ayrim nashrlar esa yangilikni sinab ko‘rishga va taassurotlari bilan o‘rtoqlashishga muvaffaq bo‘ldi. Toping.uz hozirda eng kuchli (va qimmat) konsol haqida barcha ma’lumotlarni to‘pladi.
Bu oddiy PlayStation 5 o‘rnini bosadimi?
Yo‘q, PlayStation 5 bilan hamma narsa joyida. Pro-model xuddi shu avlod konsollari qatoriga kiradi, barcha o‘yinlar oddiy va quvvatliroq tizimlar uchun chiqariladi. Asl PlayStation 5 2020-yil noyabr oyida sotuvga chiqarilgan bo‘lib, uning hayot sikli yana kamida 2-3 yil davom etadi. PS5 va PS5 Pro o‘rnini faqat PlayStation 6 egallaydi — bu konsol, ehtimol, allaqachon ishlab chiqilmoqda, ammo beshinchi playstation bilan xayrlashish uchun hali erta.
Unda Pro-model nima uchun kerak bo‘ldi?
PlayStation 4 Pro davridan beri ko‘pchilik o‘yinlar sozlamalar tanlovini taklif etmoqda: yo yuqori aniqlik (4K gacha), biroq pastroq kadr chastotasi (odatda sekundiga 30 ta kadr), yoki pastroq aniqlik (Full HD yoki 1440p) yuqoriroq kadr tezligi va yaxshiroq grafika sifati bilan. Qaysi biri yaxshiroq ekani haqida yillardan beri bahs-munozaralar davom etmoqda. Ko‘p narsa shaxsiy afzalliklarga bog‘liq, shu bilan birga 4K rejimi uchun katta zamonaviy televizor kerak, xayriyatki, ular tobora arzonlashib bormoqda.
Shu o‘rinda, PlayStation 5 Pro o‘yinlarda 4K aniqlik bilan sekundiga 60 kadr, nur uzatish va boshqa texnologiyalar yordamida eng yuqori sifatli grafikani ta’minlashga mo‘ljallangan. Aslida, PlayStation 5 chiqishi bilan shunga o‘xshash imkoniyatlar va’da qilingandi, ammo amalda 4K/60fps ni juda oz o‘yinlar qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi va foydalanuvchilar yana PS4 Pro‘dagi kabi tanlov oldida qoldi.
PS5 Pro‘dagi ayrim loyihalar hatto 8K aniqlikda yoki sekundiga 120 kadr chastotasida ishlashi mumkin.
Uning quvvati qanday?
Hisoblash protsessori PlayStation 5 nikiga o‘xshash - AMD ning 16 oqimli Zen 2. U 3,5 GGs chastotada ishlaydi va yuqori yuklamada 3,85 GGs gacha tezlashishi mumkin. Grafik chip bo‘yicha o‘zgarishlar ancha jiddiy: asosiy PS5 dagi RDNA 2 o‘rniga RDNA 3 arxitekturasi qo‘llanilgan. Bu quvvatning uch barobar oshishini ta’minlaydi - 33,5 teraflops, standart modelda esa bu ko‘rsatkich 10,3 teraflopsga teng. Operativ xotira hamon 16 Gb, faqat ma’lumotlarni uzatish tezligi 18 Gbit/s gacha oshgan (PS5 da 14 Gbit/s edi).
Ko‘rinib turibdiki, eng sezilarli o‘sish grafik qismda bo‘lgan: tasvir renderlash 45% ga tezlashgan. Hatto sun’iy intellekt — PlayStation Spectral Super Resolution ham ishga tushirilgan. U tasvir sifati va soniyada kadr tezligi o'rtasidagi optimal muvozanatga erishish uchun piksellar sonini o‘lchashga javobgardir.
Boshqa bonuslar orasida oddiy konsol uchun 1 TB o‘rniga PlayStation 5 Pro’da 2 TB disk mavjud. Eng so’nggi simsiz standart Wi-Fi 7 ham qo‘llab-quvvatlanadi.
Konsol odatda Blu-Ray diskovodsiz keladi. Uni alohida xarid qilib o‘rnatish mumkin. Diskovod PlayStation 5 Slim raqamli versiyasi uchun yaqinda taqdim etilgan diskovod bilan bir xil. Uning yo‘qligi g‘alati tuyuladi: axir, PlayStation 5 Pro o‘zining narxi (bu haqda quyiroqda), nomi va pozitsiyasi bilan hech qanday murosasizilikni ko‘rsatadi, ammo o‘yinlarni almashtirishda muhim bo‘lgan diskovod to‘plamda mavjud emas. Aytgancha, qutida konsolni vertikal o‘rnatish uchun stend ham bo‘lmaydi, buning uchun siz yana 30 dollar to‘lashingiz kerak bo‘ladi;
Barcha o‘yinlar eng yuqori sifat va aniqlikda ishlaydimi?
Nazariy jihatdan, ha, ammo ba’zi loyihalar yangilanishlarni talab qiladi. Assassin’s Creed Shadows, Demon’s Souls, Alan Wake 2, Dragon’s Dogma 2, Final Fantasy 7 Rebirth, Gran Turismo 7, Hogwarts Legacy, Horizon Forbidden West, Marvel’s Spider-Man 2, Ratchet & Clank: Rift Apart, The Crew Motorfest, The First Descendant, The Last of Us Part 1 & 2, Until Dawn o‘yinlari alohida yangilanishlar ko‘rinishida takomillashtiriladi. PS5 Pro qurilmasi uchun maxsus moslashtirilgan o‘yinlar uchun disk versiyalari qutilari va PlayStation raqamli do‘konida PS5 Pro Enhanced belgisi paydo bo‘ladi.
Bundan tashqari, PlayStation 4 uchun chiqarilgan o‘yinlar yuqori aniqlikdagi tasvirga, yaxshilangan grafikaga va kadrlar tezligiga ega bo‘lishi kutilmoqda
PlayStation 5 Pro qancha turadi?
Konsol AQShda 700 dollar, Yevropada 800 yevrodan sotiladi. Diskovod yana 80 dollar turadi. Sotuvlar 7-noyabrdan boshlanadi.
Yangilanish kerakmi?
Hammasi sizning o‘yindan kutilmalaringiz va sharoitlaringizga — qanday konsol va televizoringiz borligiga bog‘liq. Oddiy PlayStation 5 ham ajoyib tasvirni kafolatlaydi: Horizon Forbidden West, Ratchet & Clank: Rift Apart, Marvel’s Spider-Man 2, Gran Turismo 7 kabi o‘yinlar hayratlanarli darajada chiroyli ko‘rinadi. Ba’zi o‘yinlarda unumdorlik rejimi va maksimal aniqlik o‘rtasidagi farqni faqat kadrma-kadr taqqoslash orqaligina payqash mumkin.
Hozirgi vaqtda konsolning narxi yuqori tuyuladi — bu nafaqat eng yuqori quvvatli, balki eng qimmat qurilma hamdir. Bundan tashqari, barcha o‘yinlar odatdagi PlayStation 5 uchun ham chiqarilishini unutmaslik kerak. Hozircha PS5 Pro imkoniyatlarini faqat juda katta ekranli va ideal holatda 8K ni qo‘llab-quvvatlaydigan televizorlar to‘liq namoyon qila oladi, deb taxmin qilinmoqda. Ammo har qanday holatda ham sotuvlar boshlanishini va turli o‘yinlarda oddiy hamda Pro’versiyalar o‘rtasidagi batafsil taqqoslashlarni kutish kerak bo‘ladi.