РУ
O’Z
UZS
/
/
Akneda sut ichish mumkin emasmi? Dermatolog 9 ta eng muhim savolga javob berdi
23.09.2024

Akneda sut ichish mumkin emasmi? Dermatolog 9 ta eng muhim savolga javob berdi

Akneda sut ichish mumkin emasmi? Dermatolog 9 ta eng muhim savolga javob berdi
Muallif
Leyla Li

Shifokor-dermatolog Imil Xalitov akne haqida eng keskin 10 ta savolga javob berdi.

 

– Haqiqatan ham akne faqat o‘smirlar kasalligimi?

Agar biz husnbuzar toshmasi haqida gapiradigan bo‘lsak, u haqiqatan ham ko‘pincha o‘smirlik davrida kuzatiladi, lekin bu akne boshqa yosh guruhlarida uchramaydi, degani emas. Ko‘pincha bu kasallikdan aziyat chekishda davom etayotgan 25-30 yoshli bemorlar qabulga murojaat qilishadi. Shunday bemorlar borki, ularda husnbuzar toshmasi dermatolog yordamisiz 45 yoshgacha ham o‘tib ketmaydi, shuning uchun akne o‘smirlik muammosi deb ta’kidlash mutlaqo noto‘g‘ri. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda birinchi haftalarda paydo bo‘ladigan akne kasalligi borligini ham eslatib o‘tish kerak. Ammo u o‘z-o‘zidan ketadi va bu holatni katta yoshli odamlardagi husnbuzar kasalligidan alohida ko‘rib chiqish kerak.

- Agar husnbuzar siqilsa, sepsis bo‘lishi mumkin, degan gap rostmi?

Ugrilarni siqib chiqarishning hojati yo‘q. Birinchidan, uzoq vaqt o‘tib ketmaydigan izlar qoladi, ikkinchidan, infeksion jarayon kuchayib, atrofdagi to‘qimalarga tarqalishi mumkin. Yuz kabi nozik sohada katta jarrohlik muammosi bo‘lgan abssess paydo bo‘ladi. Bu esa jiddiyroq va murakkabroq davolanishni talab qiladi. Sepsisning paydo bo‘lish ehtimoli bor, lekin juda kam.

Shuni yodda tutingki, eng yaxshisi, davolanish uchun dermatolog tayinlagan vositalardan foydalanish kerak.

- Akneda skrablar qo‘llamaslik kerakligi rostmi?

Akne paytida skrablardan davolash vositasi sifatida foydalanmaslik kerak, chunki ularning tarkibidagi abraziv moddalar terining qo‘shimcha mikrotravmatizatsiyasiga va ushbu sohalarda yallig‘lanishning kuchayishiga olib kelishi mumkin. Husnbuzar toshmasidan qutulishning ancha samarali usullari mavjud. Bunda dermatolog va dermatokosmetologlar yordam beradi.

- Quyosh haqida-chi?

Quyosh aknesi borlarga do‘st emas. Agar dastlabki kunlarda odamlar o‘zlarining husnbuzarlari qurib borayotganini sezsalar, ma’lum vaqt o‘tgach, yangi toshmalar soni sezilarli darajada ko‘payadi. Shuning uchun aknega moyil bo‘lgan odamlarga quyoshda uzoq vaqt turmaslik tavsiya etiladi.

- Tashqarida sovuq bo‘lsa, aknesi borlar terini parvarish qilishining o‘ziga xos xususiyatlari bormi?

Bunday kunlarda terini sovuq urishidan va shamollashdan saqlash tavsiya etiladi, chunki terining qurishi va uning ta’sirlanishi sodir bo‘ladi. Agar kerak bo‘lsa, hatto teri qoplamalarini himoya qilish uchun yog‘li kremlardan foydalanish mumkin.

- Aytishlaricha, akneda shirin, o‘tkir, konservalangan va sut mahsulotlari mumkin emas. Shundaymi? Parhez qilish kerakmi?

Yuqori glikemik indeksga ega mahsulotlar yangi toshmalar sonini oshirishi mumkinligini ko‘rsatadigan tadqiqotlar mavjud. Sut esa past glikemik indeksga ega, lekin u qonda insulin va insulinga o‘xshash faktorning o‘sishiga sabab bo‘ladi. Bu moddalar teri yog‘ining ishlab chiqarilishini oshiradi. Giperkeratoz va bakteriyalar bilan birgalikda u yallig‘lanishni hosil qiladi. Shuning uchun aknesi bor bemorlar o‘z ratsionidan yuqori glikemik indeksga ega mahsulotlar va sutni chiqarib tashlashlari kerak.

- Akne surunkali kasallikmi? Undan butunlay xalos bo‘lish mumkinmi?

Akne - qayta qo‘ziydigan kasallik bo‘lib, yog‘ bezlari faolligini pasaytirmaguncha va genetik omil o‘z ta’sirini yo‘qotmaguncha qayta-qayta paydo bo‘laveradi. Shuning uchun akneni butunlay davolash mumkin degan fikr noto‘g‘ri. Ammo shunday bemorlar ham borki, davolanishdan so‘ng ularda toshma butunlay yo‘qoladi yoki uzoq vaqt davomida sezilarli darajada kamayadi.

- Yuzda akne paydo bo‘lmasligi uchun amal qilish kerak bo‘lgan umumiy tavsiyalar bormi?

Ha, albatta. O‘z vaqtida dermatologga murojaat qilish kerak. Gastroenterolog, endokrinolog, ginekolog yoki tabiblarga emas, aynan dermatologga. Shunda kasallikning dastlabki bosqichlarida minimal nojo‘ya ta’sirlar bilan samarali davolash mumkin bo‘ladi.

- Akneni umuman davolamaslik mumkinmi yoki bu xavflimi?

Ba’zilarda davolanmasdan ham o‘tib ketishi mumkin, lekin bunga umid qilmaslik kerak.  Bemor qancha uzoq vaqt davolanmasa, kasallikni va uning asoratlarini davolash shunchalik murakkab, uzoq va qimmat bo‘ladi.  Ko‘pchilik terisida korreksiyalash qiyin bo‘lgan chandiqlar qoladi. Ba’zan bunday bemorlar jarrohlik yordamiga ham muhtoj bo‘ladilar.

- Terini uyda noto‘g‘ri parvarish qilish natijasida akne paydo bo‘lishi mumkinmi?

Ha, albatta. Noto‘g‘ri tanlangan uy parvarishi komedonlarning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin, ular esa keyinchalik to‘laqonli husnbuzar toshmasiga aylanadi. Shuning uchun bemor terisining ko‘plab xususiyatlarini hisobga olgan holda, parvarish usulini mutaxassis - dermokosmetolog tanlashi lozim.