Avtomobil kuzovini qanday himoya qilish kerak? Plyonka va nanokeramikaning afzallik va kamchiliklari
Hamma ham avtomobil sotib olganda, uning asl ko‘rinishini iloji boricha uzoqroq saqlashni istaydi. Ammo bu qo‘shimcha himoya vositalarisiz deyarli imkonsiz: bo‘yoq quyoshda o‘chib ketadi, lak qum parchalaridan ishqalanadi, mayda toshchalardan esa qirilishlar paydo bo‘ladi. Yaxshiyamki, yillar davomida avtomobil kuzovini deyarli yangiga yaqin holatda saqlash usullari mavjud. Bugun mashhur: plyonka va nanokeramika yechimlarini ko‘rib chiqamiz.
Plyonka
Ushbu himoya usuli global miqyosda materialga ko‘ra ikki turga bo‘linadi: vinil plyonka (PVX) yoki poliuretan. Ularning farqi nafaqat narxida, balki birinchi navbatda kuzovga yopishtirish maqsadlaridadir.
Vinil plyonka – asosan stayling uchun mo‘ljallangan hamda faqat sizning byudjetingiz va tasavvuringiz bilan cheklanishi mumkin bo’lgan minglab turli xil ranglari va effektlari mavjud. Uning mat effektli, yaltiroq, oynali va boshqa variantlari bor.
Bunday plyonkalar yordamida mashinangiz ko‘rinishini ajoyib tarzda – go‘yo yangisini sotib olgandek o‘zgartirishingiz mumkin.
Faqatgina eshiklar, yukxona yoki kapotni ochibgina, mashina aslida plyonka bilan qoplanganini bilish mumkin, chunki mashinaning ichkariga o‘tish joylarida odatda plyonka yopishtirilmaydi va u yerda mashinaning asl bo‘yoq rangi turadi.
Albatta, vinil bilan qoplangan avtomobil kuzovi tashqi ta’sirlarga bardoshliroq boladi. U qum parchalari va qirilishlardan himoya qilsa-da, jiddiyroq narsalardan himoya qilishini kutmang. Bundan tashqari, vinil plyonka ehtiyotkorlik bilan qo‘llashni talab qiladi: uzoq vaqt davomida jazirama quyoshda tursa, usti ba’zida shishadi, bunday plyonkani olib tashlaganda esa tagida yelimi qolishi va uni albatta polirovka qilishga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, vinil plyonka ultrabinafsha nurlarini to‘sadi. Bu, ayniqsa, qisman yopishtirganda – masalan, mashina boshqa rangda bo‘lsa, tomni qora rangga “plyonkalash”da amal qiladi. Bir necha yil o‘tgach, himoyalanmagan korpus plyonka ostida yashiringan joydan rangi bilan farq qilishi mumkin.
Poliuretan – vinil plyonka bilan solishtirganda haqiqiy zirh desa ham bo‘ladi. Bunday material ancha kuchli bo‘lib, u kuzovni shag‘al, mayda toshlar, shoxlar va shunga o‘xshash boshqa yoqimsiz narsalardan himoya qilishga qodir. Bundan tashqari, poliuretan yanada chidamliroqdir – plyonkani to‘g‘ri yopishtirib, ehtiyotkorlik bilan parvarish qilsa, u taxminan besh yil yoki undan ham ko'proq xizmat qiladi. Uning boshqa afzalliklari qatorida ultrabinafsha nurlanishining o‘tishiga imkon berishidir, ya’ni bo‘yoq oftobda bir xil xiralashadi. Nihoyat, poliuretan plyonka quyosh qizdirishi yoki soch quritish feni bilan asta-sekin tiklanadi (o‘zingiz qilib ko‘rmang, materialni shikastlash xavfi katta).
Biroq, poliuretanning ham kamchiliklari bor. Birinchidan, dastlab ushbu plyonka shaffof holda (yaltiroq yoki mat) ishlab chiqarilgan, hozirda esa rangli variantlar mavjud bo‘lsa-da, ular vinil kabi xilma-xil emas. Ikkinchidan, poliuretan plyonka PVXdan bir necha baravar qimmat. Boshqa tomondan esa, ham chidamliroq, ham mashinani yaxshiroq himoya qiladi. Xulosa qilib aytsak:
- Poliuretan – qimmat, ammo ishonchli mahsulot; ayniqsa dag‘al yo‘llarda ko‘p yuradiganlarning yangi avtomobil bo‘yoqlarini saqlash uchun ideal variantdir. Bundan tashqari, u qum parchalari va mayda toshchalar hamda ifloslanishga moyil bo‘lgan joylar: faralar, tomning old qismi, qanotlar, kapot, oyna korpuslarini himoya qilishda qisman yopishtirish uchun ham foydalanishi mumkin.
- Vinil (PVX) – arzon, himoyasi zaif, kamroq сhidamli. Ammo har qanday holatda ham, bunday mashina plyonkasiz mashinaga qaraganda yaxshiroq himoyalangan bo‘ladi.
Plyonkalarning ikkalasini ham: kuzov rangini o‘zgartirish uchun vinil bilan qoplab, ustiga shaffof poliuretan qo‘yish mumkinmi? Ha, agar narxi to‘g‘ri kelsa bunday “buterbrod” ham amalga oshiriladi. Narxi esa yaxshigina qimmat bo‘ladi: axir, ustalar uchun bu ikkita ish, bundan tashqari siz ikkita plyonka sotib olishingiz kerak.
Nanokeramika
Ushbu himoya usuli plyonkalarga nisbatan bitta shubhasiz afzallikka ega – keramikani qo‘llash uchun mashina qismlarini (masalan, eshik tutqichlari, oynalar, bamperlar) yechib olish shart emas.
Nanokeramika – odatda bir necha qatlamlarda qo‘llaniladigan suyuq qoplamadir. Natijada, mashina o‘zgacha ajoyib ko‘rinishga – kuzov yanada yorqinroq bo‘ladi. Ammo nanokeramikadan oldin kuzovni polirovkalash kerak. Shu bilan birga gidrofobik himoyasini ham ta’kidlash lozim. Bunday qoplamadan keyin avtomobil yuvish shaxobchasiga kamroq muhtoj bo‘ladi, chunki nanokeramika o‘zining silliq xususiyati yordamida yomg‘ir va ko‘lmaklardan uchgan tomchilar, chang va iflosliklarni kuzovda yopishib qolishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Shu bilan birga, mashina qirilishlardan oz bo‘lsa-da yaxshiroq himoyalanadi: nanokeramika lakka singib, uni tashqi ta'sirlarga nisbatan kamroq sezuvchan bo‘lishiga yordam beradi. Biroq, siz hatto zamonaviy kimyo imkoniyatlarini ortiqcha baholamasligingiz kerak – birinchi navbatda, nanokeramika jiddiyroq narsalardan emas, yengil qirilishlar va qum parchalaridan himoya qiladi. Bundan tashqari, mashinani kamroq yuvdirganingiz tufayli kuzovda yuvish vositalaridan ham mikroqirilishlar qolish ehtimoli kamayadi.
Qo‘shimcha bonusi – nanokeramika ultrabinafsha nurlanishini to‘sadi, shuning uchun qoplama paytida mashinaning asl rangi quyosh ostida xiralashmaydi.
Afzalliklari: mashinaning savlatli ko‘rinishi, ultrabinafsha nurlaridan himoya, gidrofobik xususiyati, avtomobilni demontaj qilmasdan qo‘llaniladi, mashina uzoqroq muddatda toza turadi.
Kamchiliklari: kontaksiz yuvishlardam foydalangan ma’qul, tashqi ta’sirlardan to‘liq himoya qilmaydi, (ishlatishga qarab) ta’siri 1-2 yil davom etadi, ko‘plab sifatsiz mahsulotlarning mavjudligi.
Qay birini tanlash kerak?
- Poliuretan – eng qimmat, ammo ayni paytda eng ishonchli va bardoshli variant.
- Vinil plyonka – umuman hech narsa bo‘lgandan ko‘ra yaxshiroq, bundan tashqari kuzovni turli xil ranglar bilan o‘zgartirish imkonini beradi.
- Nanokeramika – kuzovni himoya qilmasa-da, mashinaga maksimal darajada savlatli ko‘rinish berishning usuli.