Bloger effekti: Nega odamlar Qoraqalpogʻistonga piyoda yurib boryapti?
Omon qolish boʻyicha mutaxassis nomi bilan tanilgan bloger Shohijahon bundan roppa-rosa 40 kun oldin Andijondan Qoraqalpogʻistonga piyoda yoʻlga chiqqandi. Keyinchalik bu trendga aylanib, turli uzoq manzillarga piyoda, velosipedda, hatto suzib borishni rejalashtirganlar koʻpaydi. Bu maqolada trend qanday paydo boʻlgani, unga kimlar qoʻshilgani va boshqalar haqida soʻz boradi.
Andijonlik bloger Shohijahon oʻzining hazilomuz videolari bilan omma eʼtiboriga tushib, kichik auditoriya toʻplashga ulgurgandi. Uning videolaridan birida Andijondan Qoraqalpogʻistonga piyoda boring degan izoh yoziladi.
Bloger agar shu izoh kerakli layklar sonini yigʻsa, albatta, sharqqa piyoda yurishga vaʼda beradi. Auditoriyaga esa sarguzasht qiziq, ular bir necha kun ichida layklar sonini 50 mingdan oshiradi.
Trend asoschisi kim?
Shunday qilib Shohijahonning Andijondan Qoraqalpogʻistonga deb nomlangan sarzugasht seriali boshlandi. Hozir safarning 41-kuni, bloger Buxoro choʻllaridan yurib oʻtmoqda. Uni tanib qolganlar mashinadan tushib, salom-alik qilib ketishadi.
Koʻpchilik aslida bu trendning asoschisi mashhur bloger IsomTV ekanini taʼkidlaydi. Chunki u 16-yanvar kuni eʼlon qilingan videoda har bir bosilgan layk uchun bir qadam yurishini aytgan. Videoga hozirga qadar 1 mln 200 mingga yaqin layk bosilgan.
Bu 1200 kilometr masofa degani. Toshkentdan Qoraqalpogʻistongacha boʻlgan yoʻl esa 880 kilometrni tashkil qiladi. Toʻgʻri, agar rostan shuncha masofa bosib oʻtilsa, qolgan 300-400 km hech kimni bezovta qilmaydi. Ammo bloger Isomjon Islomov Shohijahondan bir oy kechroq yoʻlga chiqdi.
Uning oʻzi buning sababini quyidagicha tushuntiradi: “Aslida may oyi boshida yoʻlga chiqishim kerak edi. Ammo ayolim homiladorlikning soʻnggi oyida boʻlib, uni kuchli toksikoz qiynadi. Bunday paytda uni tashlab ketolmasdim. 8-mayda farzandli boʻldik, shu sababli ham safar muddati biroz kechikdi”.
Shohijahon 31-iyul kuni yoʻlga chiqqan, IsomTV esa 6-sentyabrda Qoraqalpogʻistonga otlandi. Why Shoha bir oʻzi harakatlanmoqda, Isomjon esa ikki operator va bir mashina bilan manzil sari bormoqda. Kim trend asoschisi ekanini oʻquvchilarning oʻzi hal qilsin, degan qarorga keldik.
Yana kimlar trendga qoʻshildi?
Toʻgʻrisi, ularni sanashning iloji yoʻq. Bu maqolada muallif ijtimoiy tarmoqlar orqali koʻzi tushgan blogerlar jamlangan. Biz koʻrmagan yoki safarini boshidanoq yakunlaganlar ham yetarlicha topiladi. Bu boʻlimda koʻpchilikning eʼtiboriga tushib, oʻz manzili tomon shahdam qadam tashlayotgan yoki safarini yakunlagan inson haqida soʻz boradi.
Birinchi qahramon — Komil Vlogs. U ushbu trendga birinchilardan boʻlib qoʻshilganlardan. Yana bir narsani taʼkidlab oʻtish kerak, bloger Samarqandning Kattaqoʻrgʻon tumanidan Toshkent shahridagi Nest One binosigacha piyoda kelishni maqsad qilib yoʻlga chiqqan. U 13 kun davom etgan safardan keyin poytaxtdagi eng baland binoga yetib keldi.
Shundan soʻng Komiljon binoning 52-qavatiga zinalardan koʻtarila boshlagan. U 21 daqiqa ichida soʻnggi qavatga chiqqan. Piyoda yurish va zinadan koʻtarilish oʻrtasida katta farq bor ekan, deb taʼkidlaydi bloger. U oʻz maqsadini toʻliq amalga oshirganidan va muxlislari doimo qoʻllab-quvvatlab turganidan xursandligini taʼkidlab, bundan keyin ham qiziqarli kontentlar tayyorlashini aytgan.
“Uzoq masofaga piyoda borishda ust va oyoq kiyimga ahamiyat berish kerak. Qulay va havo oʻtkazuvchi matodan kiyimlar, yumshoq oyoq kiyim tanlash kerak. Safar davomida umuman tobim qochmadi, oʻzimni juda yaxshi his qildim. Yoʻlda mashinada ketayotganlar toʻxtab, meni ichimlik yoki yegulik mehmon qilishdi. Piyoda yurmoqchi boʻlganlarga maslahatim, bir kunda eng uzogʻi 30 km masofa bosib oʻting. Undan koʻpi sogʻliqqa jiddiy ziyon”, — deb taʼkidlaydi bloger Toping.uz bilan suhbatda.
Ikkinchi mashhur ishtirokchi bloger Dildora Ubaydullayeva hisoblanadi. U nisbatna qisqa masofani tanlagan, yaʼni Andijondan Toshkentga piyoda yurib keldi. Dovon yoʻlini hisobga oladigan boʻlsak, bu masofani bosib oʻtish ham oson boʻlmagani aniq.
Bloger 8-avgust kuni Andijondan yoʻlga chiqqan boʻlsa, 18-avgust kuni Toshkent shahriga kirib kelgan. Unga ham yoʻlovchilar dalda berib, turli noz-neʼmatlar bilan siylagan. Bloger safar davomida umuman charchamaganini, aksincha bu adrenalin berganini taʼkidlaydi.
Uchinchi eʼtiborga molik bloger Xudoberdi Ahmadjonovdir. U Fargʻonaning Yozyovon tumanidan velosipedda yoʻlga chiqqan. Bloger har bir kunni alohida postga joylamagan boʻlsada, uni kuzatuvchilar soni ancha oshib qoldi. U, ayniqsa, ibratomuz gaplari bilan tomoshabinlar qalbidan joy oldi.
“Fargʻonadan Xorazmgacha velosipedda yoʻlga chiqdim va 22 kunda manzilga yetib keldim. Safarning 4-kunida havo almashgani sababli isitma qilib, tobim qochdi. Ammo keyinchalik tanam oʻrgandi, hozirda hammasi joyida. Oʻqish boshlangani sababli Samarqandga qaytyapman [bloger SamDAQUda oʻqiydi - tahr.]”, deb taʼkidlaydi Ahmadjonov biz bilan suhbatda.
Trendning gʻayrioddiy ishtirokchilari
Albatta, har bir trendda boʻlgani kabi piyoda yurish chellenjida ham umuman aqlbovar qilmas harakatlarni amalga oshirayotganlar topildi. Kimlardir manzilga suzib bormoqchi boʻlsa, yana kimlardir Oʻzbekistondan Makka shahriga piyoda yetib olmoqchi. Bu boʻlimda aynan shunday ishtirokchilar haqida gap boradi.
Jumladan, bir ishtirokchi Andijondan Qoraqalpogʻistonga suzib borishni rejalashtirgan. Ammo u buning uchun 500 mingta layk toʻplanishi kerakligini aytgan. Bu nomaʼlum bloger uchun oʻta katta koʻrsatkich hisoblanadi. Bundan tashqari, daryo orqali Nukusgacha suzib borish imkonsiz.
Namanganning Chust tumanidan yoʻlga chiqqan Muqaddas opa esa alohida tahsinga sazovor. U hozir 56 yoshda. Blogerning aytishicha, aslida bundan bir necha yil oldin piyoda sayohatga chiqishga harakat qilgan, ammo sogʻligʻidagi muammo sababli buning imkoni boʻlmagan.
“Men uzoq yillar davomida qandli diabet bilan kurashib kelaman. Oxirgi yillarda oyoqlarim bilan bogʻliq muammolar sababli koʻchaga ham chiqolmay qolgandim. Ammo doim tezroq sogʻayib, uzoq masofaga piyoda yurishni xohlaganman. Shu sababli yaqinda Buxoro tomonga otlandim. Yoʻlda menga Shohijahon ismli bola ham piyoda yurayotganini aytishdi, ammo men bundan avval xabardor emasdim”, — deydi bloger maqola muallifi bilan suhbatda.
Bu chellenjdan foyda bormi?
Boʻlim sarlavhasi nazariy tarzda nomlandi. Chunki blogerlar uchun chellenjlarda qatnashish va oʻzini namoyon etish yangi auditoriya eshiklarini ochib beradi. Obunachilar koʻpayishi esa doimo foydali.
Ammo bunda koʻplab nyuanslar bor. Masalan, kamroq tanilgan yoki shu trendga qoʻshilish uchungina kontent ola boshlaganlar videolari millionlab odamlarga tarqalmasligi mumkin. Bunga kontent sifati, nutq madaniyati va boshqalar taʼsir qiladi.
Ammo avvaldan oʻz obunachilariga ega boʻlgan, qiziqarli kontent tayyorlaganlarning uzoq yoʻlga safari ham koʻplab yangi obunachilarni olib keladi. Chunki ular qanday kontent odamlarga yoqishini juda yaxshi biladi va aynan ana shu ayyorlik usullaridan foydalanib, bizning hissiyotlarimizni qitiqlaydi.
Misol uchun, Shohijahon oʻzining yoʻl taassurotlari, janjalli holatlari va hayot haqidagi falsafiy qoʻshiqlari bilan obunachilari sonini 40 kunda 400 mingtaga koʻpaytirib oldi. IsomTV esa yoʻlga mashinada uch kishi boʻlib chiqqan. Yaʼni operator va bloger piyoda yuradi. Ammo ularning ortidan mashinada bir kishi doimiy kuzatib boradi.
Piyoda yurish sogʻliqqa foydali. Lekin uzoq masofaga kerakli tayyorgarlikni koʻrmasdan otlanish bu koʻplab kutilmagan xavflarni keltirib chiqarishi mumkin. Maqsad auditoriya toʻplash boʻlsa, albatta, chellenjga qoʻshilishingiz va kontent yaratishingiz mumkin. Faqatgina obunachilarga yetkazilayotgan axborot sifatli, ishonchli va qiziqarli boʻlishiga eʼtibor qarating. Boʻlmasa siz ham oqim ichida yoʻqolib ketasiz.