РУ
O’Z
UZS
/
/
Bolani maktabga qanday tayyorlash, qachon bog‘chaga berish va moslashish davrida aqldan ozmaslik kerak? Bolalar psixologi ma'lumot berdi
21.08.2024

Bolani maktabga qanday tayyorlash, qachon bog‘chaga berish va moslashish davrida aqldan ozmaslik kerak? Bolalar psixologi ma'lumot berdi

Bolani maktabga qanday tayyorlash, qachon bog‘chaga berish va moslashish davrida aqldan ozmaslik kerak? Bolalar psixologi ma'lumot berdi

Bolani 3 yoshida bog‘chaga yuborish normal holatmi? Bolani maktabga tayyorlash kerakmi? Farzandimiz haqida tinimsiz tashvishlanaversak-chi? Bu va boshqa savollarga bolalar psixologi Shahzoda Pulatova javob berdi.

Shahzoda Pulatova

Bolalar va oila psixologi, Toshkentdagi Lomonosov nomidagi Moskva Davlat Universitetini tamomlagan, ko‘plab kurslar va superviziylarni bitirgan. U umumta’lim maktabida ishlab, u yerda bolalar bilan ishlash bo‘yicha qimmatli tajribaga ega bo‘lgan. U erta rivojlanish bo‘yicha mutaxassis edi, so‘ng shaxsiy amaliyotga o‘tib, o‘z ofisini ochdi. 

Pulatova bolalar psixologiyasining deyarli barcha sohalari bilan ishlaydi: agressiya, og‘ma harakatlar, ota-onalarning ajralishi, aka-ukalar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar – bolalar do‘stlasha olmaydigan vaziyat va albatta, oilaviy masalalar. 

1-qism – Bolalar bog‘chasi 

Bolani 5 yoshdan oldin bog‘chaga bermaslik kerak degan fikr bor. Go‘yoki, bu vaqtgacha bola ota-onasi yonida, iloji boricha xavfsiz ruhiy muhitda bo‘lishi lozim – stress va boshqalar bilan ortiqcha muloqotsiz. Bu masala yuzasidan fikringiz qanday?

Avvalo, shuni ta’kidlashim kerakki, bu ota-onaning tanlovi. Hech kim unga shartlarni belgilashga va unga fikr bildirishga haqli emas – na mutaxassis, na qo‘shnisi, na qarindoshlari. 

Ikkinchi tomondan, va bu mening shaxsiy fikrim: bolani bog‘chaga oldinroq yuborgan ma’qul deb hisoblayman. Chunki hozir bolalar tez rivojlanmoqda, shuningdek, deyarli har birida gadjetlar mavjud. Mening amaliyotimga ko‘ra esa, 99% bolalar uyda telefonda – foydali bo‘lmagan multfilmlarni tomosha qilib o‘tiradi. 

Zamonaviy multfilmlarda hodisalar tez-tez o‘zgaradi va lipillab ko‘rinadi, qahramonlar turli tillarda gaplashadi, undagi suratlar esa haddan tashqari yorqin. Shu sababli bolalarda “klipli fikrlash” shakllanadi, bu esa e’tibor, konsentratsiya va hatto nutq rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bog‘chada esa gadjetlar bo‘lmaydi, bolalar bilan shug‘ullaniladi va ularga e’tibor beriladi. Xulosa o‘zingizdan. 

Oldinga qaraydigan bo‘lsak, bolalar bog‘chasiga boradigan bolalar yanada “tartibli”roq bo‘lib, kelajakda maktabga moslashishi ancha oson bo‘ladi. Ko‘p hollarda, bog‘chaga boradigan bola allaqachon o‘qish, yozish kabilarni bajara oladi va bu juda ko‘p narsani anglatadi.

Tashvishli onalardan savol. Bolani bog‘chaga yuborish katta stress, bola esa albatta onaning ana shunday stressli hissiy holatini his qiladi va hatto uni o‘ziga olishi mumkin. Bunday hollarda qanday o‘zini tinchlantirish kerak? 

Avvalo, ajralish rivojlanish uchun muhim vaqt ekanini tushunishingiz kerak. Biz bolani bog‘chaga yuborganimizda, u onasidan ajraladi, o‘zini mustaqil – kichik shaxs kabi his qila boshlaydi. Bu hozirgi vaqtda juda muhim, chunki endi biz rivojlanishga e’tibor qaratishimiz kerak. 

Yana bir muhim tomoni: ona o‘z farzandini bolalar bog‘chasiga yuborganida, ozod bo‘ladi va o‘z resurslarini to‘ldiradi – ko‘proq dam oladi, o‘zi va ishlari haqida o‘ylay boshlaydi. 

Charchagan ona farzandiga kerakli darajada g‘amxo‘rlik, e’tibor va mehr bera olmaydi. Shuning uchun ham bolalarda e’tibor defitsitlari mavjud. Garchi bola kun bo‘yi onasi bilan birga bo‘lib ko‘rinsa-da, nega unga e’tibor yetishmaydi? Chunki onaning energiyasi yo‘q, mehr berishga kuchi ham yo‘q. 

Farzandingizni kamida yarim kun yoki bir necha soat davomida bolalar bog‘chasiga yuborganingiz ma’qul. Asta-sekin energiya balansingiz tiklanadi. Ishoning, siz darhol yaxshi tomonga o‘zgarishni sezasiz. 

Bolalar bog‘chasidan keyingi har bir uchrashuv quvonchli bo‘ladi. Siz energiyaga to‘lib, bolangizga butun e’tiboringiz va mehringizni berishga tayyor bo‘lasiz. Bu esa sizni bolangiz bilan yaqinlashtiradi. Baxtli ota-onalar – baxtli bolalar! 

Bolani bog‘chaga borishga tayyorlashda yordam beradigan layfhaklar bormi? 

Menimcha, bunday tayyorgarlik ko‘proq onalarga kerak, bolalarda hamma narsa tabiiy ravishda sodir bo‘ladi. Ha, bola bog‘chaga borganida, u, albatta, tashvishlarni boshdan kechiradi – aynan onasi uni olib ketishga qaytmaydi deb o‘ylab, yig‘lab baqira boshlaydi. 

Ana shunday vaziyatga tayyor bo‘lishingiz kerak. Bolaning asabiy holatiga to‘g‘ri munosabatda bo‘lib, uni tinchlantirishga urinishingiz kerak bo‘ladi. Unga javoban baqirmang, tanbeh bermang va jazolamang. Shunchaki uning bu tuyg‘ularni qabul qiling, ichidagi alamini tashqariga chiqarishiga izn bering, so‘ng esa har doim uning yonida ekanligingiz, uni yaxshi ko‘rishingiz va hatto shu his-tuyg‘ularini qabul qilishingizni mehr bilan, masalan, quchoqlashish bilan ko‘rsating. 

Bola bog‘chada (boshlanishiga) qancha vaqt bo‘lishi kerak? 

Agar moslashishning boshlang‘ich davri haqida gapiradigan bo‘lsak, bolani birinchi marta bolalar bog‘chasiga yarim soatga olib borish kerak. U yugurib, o‘ynayotgan paytda ko‘z oldida bo‘lib, yaqin atrofda ekaningizni ko‘rsatib turganingiz yaxshi. U mazza qilib o‘ynaydi, bog‘chada bolalar borligi, bu qiziqarli va umuman qo‘rqinchli emas degan fikrga keladi. 

Ikkinchi marta uni 1-2 soat davomida qoldirishingiz mumkin, ammo baribir unga yaqin masofada bo‘lib, unga istalgan vaqtda yaqinlashib – hol-ahvol so‘rash imkonida bo‘lganingiz ma’qul. 

Shu tarzda asta-sekin, kichik qadamlarda, bolani bog‘cha bilan tanishtiring. Birinchi martadan bog‘chaga kun bo‘yi yoki yarim kun juda ko‘plik qiladi. Ammo ba’zi bolalar bog‘chaga birinchi marta keliboq, darhol qo‘shilib ketadigan istisnolar ham mavjud. 

Umuman olganda, bog‘chaga moslashish muddati o‘rtacha 3 oydan 6 oygacha davom etadi. 

Bog‘chadan qaytgan bola bilan qanday munosabatda bo‘lish kerak? 

Agar bolangiz uyga g‘azablanib qaytsa, uni kun davomida to‘planib qolgan bosim va stressdan xalos etish kerak. U bilan dildan gaplashib olish, tinchlantirish va yana mehr ko‘rsatish kerak. Hayron bo‘ladigan joyi yo‘q: uyda asabiy konsertlar uyushtirish ham bog‘chaga moslashish davrining bir ko‘rinishidir. Bu ham vaqti kelib o‘tib ketadi. 

Xulosa qilib aytganda, bolani erta yoshda bolalar bog‘chasiga yuborish nafaqat mumkin, balki zarur hamdir. Bog‘chada bola rivojlanadi, boshqa bolalar bilan muloqot qilishni o‘rganadi va mustaqilroq bo‘ladi. O‘z o‘rnida bu unga maktabga moslashishi osonroq bo‘lishini anglatadi. 

2-qism – maktab 

1-sentyabrga ham oz qoldi va bugungi kunda eng muhim savol: bolani maktabga qanday tayyorlash kerak? Ayniqsa, u birinchi sinf o‘quvchisi bo‘lsa.
 

  • Maktabga borishdan oldin axloqiy yordam ko‘rsatish. Siz ham o‘sha yerda bo‘lib, unga yordam berishingizni ayting. Shuningdek, u har doim har qanday savol bilan o‘qituvchiga murojaat qilishi mumkinligini ham bildiring.
  • Oldindan hamma narsa birinchi martadanoq yaxshi chiqmasligi mumkinligi tushuntiring. Kamolotchilikni rivojlantirmaslik, plankani baland qo‘ymaslik, juda yuqori yutuqlarni talab qilmaslik muhimdir. Bularning barchasi bolani nevrozga olib kelishi mumkin. Maktabga borish – 45 daqiqa darsda o‘tirishning o‘zi – bola uchun ulkan bosimdir!
  • Agar bola maktabga borishni istamasa, bu normal holat. Zamonaviy bolalar juda hushyor va bu stressli ekanini oldindan tushunishadi. Shuning uchun ularni aldashning hojati yo‘q. Aksincha, ochiq aytish kerak: bu bosqichni o‘tkazib yuborish mumkin emas, u muhim, ammo qiziqarli bosqich ekanini tushuntirish kerak. U esa bolalar bog‘chasi uchun allaqachon kattalik qilishini ham aytish lozim.
  • Motivatsiya berish kerak. Ammo motivatsiyaning universal usuli yo‘q, hamma buni qanday amalga oshirishini o‘zi hal qiladi.
  • O‘zingiz tinchlanib oling va maktabda psixolog borligini yodda tuting. Agar bolangiz tajovuz va boshqa muammolarga duch kelsa maktab psixologiga qo‘llab-quvvatlash uchun murojaat qilishdan tortinmang. 

Moslashish davrida bolani maktabga borgani uchun turli shirinliklar, sovg‘alar va hatto pul bilan rag‘batlantirish kerakmi? 

O‘ylashimcha, bolani bunday mukofotlarga (ayniqsa, pullik) o‘rgatishga arzimaydi. Bunday bonusli tizim zararga aylanishi mumkin. Axir, kattalar hayotida hech kim har bir harakat uchun hech qanday ball bermaydi. Agar bola bunga o‘rganib qolsa va bir kun xonasini yig‘ishtirish, do‘konga yoki o‘sha maktabga borgani uchun bonusga ega bo‘lmasa, u stressga tushib qolishi mumkin. 

Yana bir bor takrorlayman: asosiysi e’tibor. Axir u bolalar va ota-onalar o‘rtasidagi munosabatlardagi asosiy valyuta hisoblanadi. Agar siz farzandingizni birinchi marta maktabga borganini judayam rag‘batlantirmoqchi bo‘lsangiz, quyidagi iborani ishlatishingiz mumkin. 

“Barakalla, bugun judayam yaxshi ish qilding – birinchi marta maktabga o‘qishga bording. Buning sharafiga birgalikda muzqaymoq yeb, ilk taassurotlaringni aytib berishingni taklif qilaman”. 

Keyin esa telefoningiz yoki boshqa gadjetlaringizni chetga qo‘yib, barcha e’tiboringizni farzandingizga qarating. Hozirgidek shirinlik olishlar har kuni bo‘lmasligi, bugun esa – maktabning birinchi kuni sharafiga mumkinligi haqida ham aytib o‘ting. 

Bolaning maktabga moslashishiga yana nimalar yordam berishi mumkin? 

Bu muloqot va sizning qiziqishingiz. Bolaga oldindan aytishingiz mumkin: ertaga maktabga borasan, keyin esa u yerda nima senga yoqqani, nimalarni ko‘rganing, qanday yangi narsalarni o‘rganganingni muhokama qilamiz. 

Ana shu yerda bola aytib beradigan har qanday ma’lumotni ijobiy va katta qiziqish bilan tinlash muhimdir. Bu bilan siz uning hayotidagi yangi bosqichga 100% qiziqishingiz borligini ko‘rsatasiz. 

Aytgancha, bu bolani diqqat bilan o‘qishga undashning ajoyib usuli: u maktabga kelganida diqqatini jamlashga, barcha ma’lumotlarni eslab qolishga va keyin uyga borib, onasi/otasiga o‘z hikoyasi bilan hayratda qoldirishga harakat qiladi. 

Boshqa bolalarning munosabati moslashishga xalaqit berishi mumkinmi? Ayniqsa, agar sinfda tajovuzkorlik ko‘rsatadigan va bolangizni tez-tez xafa qilib turadigan zo‘ravon bo‘lsa, bu holda nima qilish kerak? Axir, ko‘pchilik bolalar “chaqimchi bo‘lish”dan qo‘rqadi. 

Shunday vaziyatlar ham bo‘lib turadi. Bu borada bolaga tajovuzga qanday qilib javob berishi kerakligini oldindan tushuntirishingiz kerak. Unga o‘zini himoya qilish, to‘g‘ri – musht va haqorat so‘zlarsiz qarshilik ko‘rsatishni o‘rgating. Umumiy qilib aytganda, shaxsiy chegaralarni yaratish haqida batafsil tushuncha bering. 

Agar vaziyat takrorlansa, o‘qituvchisiga murojaat qilishingiz, umumiy ota-onalar guruhiga (agar bo‘lsa) yozishingiz kerak – vaziyatni tushuntirib, zo‘ravonning onasi yoki otasidan chora ko‘rishini so‘rang. 

Agar maktabda moslashish davri chidab bo‘lmas darajaga yetsa, ota-onalar nima qilishni bilmay, psixologga murojaat qilishi kerakmi? 

Ha, ha va yana bir bor ha. O‘z vaqtida mutaxassis bilan maslahatlashish juda muhimdir. Chunki muammoning ildizini topish, bolaning hissiy xotirjamligi va o‘quvchi roliga o‘rgana olmasligining sababini topish zarur (bunga maktab ham, oiladagi vaziyat ham sabab bo‘lishi mumkin). Shundan keyin alohida tavsiyalar olinadi. 

Ammo maktabga moslashish ham bolalar bog‘chasi kabi taxminan 6 oy davom etishini unutmang. Oldindan vahima qilish kerak emas. 

Bolani psixologga olib borish kerakligini ko‘rsatadigan stressning asosiy “alomatlari”:

  • Siz o‘z farzandingizni tanimay qoldingiz: xotirjam va qobil boladan u asabiy va agressiv bo‘lib qoldi.
  • Bola har narsaga doim yig‘laydi, u har doim yomon kayfiyatda.
  • Har qanday tushunarsiz vaziyatda bola urisha boshlaydi, nafaqat boshqalarga, balki o‘ziga ham jismoniy og‘riq tug‘dirishga intiladi.