РУ
O’Z
UZS
/
/
ChL. 2-turning diqqatga sazovor beshta uchrashuvi
27.09.2024

ChL. 2-turning diqqatga sazovor beshta uchrashuvi

ChL. 2-turning diqqatga sazovor beshta uchrashuvi

Ilk bor yangi formatda oʻtkazilayotgan UEFA Chempionlar ligasi musobaqasining birinchi tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Oldinda bizni voqealarga boy boʻlgan ikkinchi tur kutib turibdi. Toping.uz Chempionlar ligasi ikkinchi turidagi eng diqqatga sazovor oʻyinlar haqida maʼlumot beradi.

UEFA Chempionlar Ligasi 2024-25 yilgi mavsumda turnirning 32 jamoadan 36 jamoaga kengaytirilishi bilan yangi bosqichga qadam qoʻydi. Bu mavsumda yangi format ham joriy etildi.

Anʼanaviy guruh bosqichi bekor qilindi. Uning oʻrniga barcha 36 ta klub yagona jadval asosida musobaqalashadi va birinchi bosqich yakunida eng yuqori sakkizta oʻrinni egallagan jamoalar toʻgʻridan-toʻgʻri 1/8 finalga yoʻl oladi.

Jadvalda 9-24-oʻrinlarni egallagan jamoalar ikki bosqichli pley-off seriyasida bellashadi, sakkizta gʻolib ham nokaut bosqichiga chiqadi. 25-oʻrin va undan pastroq oʻrinlarni egallagan jamoalar musobaqadan chiqib ketadi va UEFA Yevropa Ligasiga oʻtmaydi.

Mavzuga doir: UEFA Chempionlar ligasi 2024-2025 o‘yinlar jadvali va natijalar

Har bir jamoa birinchi bosqichda sakkizta turli raqib bilan sakkizta oʻyin (toʻrttasi uyda, toʻrttasi safarda) oʻtkazadi. Payshanba kuni Monakodagi Grimaldi forumida UEFA tomonidan oʻtkazilgan qurʼa tashlash natijasida birinchi bosqich oʻyinlari aniqlab olingandi.

Assotsiatsiya maʼlumotlariga koʻra, 1/8 final 4-martdan boshlanadi. Bu mavsumning finali 31-may kuni Myunxenda boʻlib oʻtadi. Superkubok shaklidagi musobaqaning uchrashuvlarni tomoshabinlarni hayratga solishda davom etmoqda. Quyida ikkinchi bosqichdagi eng qiziqarli beshta oʻyinga nazar tashlaymiz:

“Barselona” — “Yang Boys”

Ispaniya chempionatida yettita oʻyinda yettita gʻalaba qayd etgan “Barselona”ning xalqaro maydonlarda omadi kelmayapti. Xansi Flik shogirdlari birinchi turda “Monako”ga magʻlub boʻldi.

Ikkinchi turda esa biroz yengilroq raqib — “Yang Boys”ga qarshi maydonga tushadi. Chempionlar Ligasidagi omadsizlikka chek qoʻyish uchun yaxshi imkoniyat.

“Barselona” va “Yang Boys” uchrashuvi

  • Sana: 2024-yil 2-oktyabr, chorshanba
  • Soat: Toshkent vaqti bilan 00:00 da
  • Stadion: Olimpiya, Barselona

“Slovan” — “Man Siti”

“Manchester Siti”da ham holat deyarli “Barselona”niki bilan oʻxshash. Jamoa APLda birinchi oʻrinda ketmoqda.

Ammo shaharliklar CHL birinchi turida “Inter” bilan nursiz durang qayd etdi. Bundan tashqari, Xoland xalqaro maydonda ham oʻz mahoratini koʻrsatadigan payt keldi.

“Slovan” va “Manchester Siti” uchrashuvi

  • Sana: 2024-yil 2-oktyabr, chorshanba
  • Soat: Toshkent vaqti bilan 00:00 da
  • Stadion: Milliy, Bratislava

“Bayer” — “Milan”

Oʻtgan mavsumdagi magʻlubiyatsiz seri yasi bilan furor koʻtargan va hozir ham yaxshi oʻyin koʻrsatib kelayotgan “Bayer” oʻz maydonida Italiya chempionati soʻnggi turida mumtoz Milan derbisida gʻolib chiqqan va yaxshi kayfiyatda boʻlgan “Milan”ni qabul qiladi.

Bu uchrashuv ikkinchi turning eng quvnoq va gollarga boy oʻyini boʻlish uchun daʼvogarlardan biri hisoblanadi.

“Bayer” va “Milan” uchrashuvi

  • Sana: 2024-yil 2-oktyabr, chorshanba
  • Soat: Toshkent vaqti bilan 00:00 da
  • Stadion: Bay Arena, Leverkuzen

“Arsenal” — “PSJ”

Ikkinchi turning markaziy uchrashuvi. “Arsenal” Angliya chempionati soʻnggi turida “Manchester Siti”dan qolib ketgan alamini soʻnggi paytlarda biroz oʻyini oʻxshamayotgan “PSJ”dan olishi mumkin.

Ammo Luis Enrike shogirdlari bunga shunchaki qarab turmaydi. Demak, oldinda bizni murosasiz va sensatsiyalarga boy oʻyin kutib turibdi deb bemalol taxmin qilishimiz mumkin. Bunga sabablar yetarlicha.

“Arsenal” va “PSJ” uchrashuvi

  • Sana: 2024-yil 2-oktyabr, chorshanba
  • Soat: Toshkent vaqti bilan 00:00 da
  • Stadion: Emirates Stadium, London

“Liverpul” — “Bolonya”

“Liverpul” qatorasiga ikkinchi turda ham Italiya klubiga qarshi oʻyin oʻtkazadi. Chempionlar Ligasi birinchi turida “Milan”ni magʻlub etgan Arne Slot shogirdlari bu safar “Enfild”da “Boloniya”ni kutib oladi.

Italiyaliklar bu oʻyinda favorit boʻlmasada, “Liverpul”ga jang taklif qila oladi.

“Liverpul” va “Bolonya” uchrashuvi

  • Sana: 2024-yil 3-oktyabr, payshanba
  • Soat: Toshkent vaqti bilan 00:00 da
  • Stadion: Enfild, Liverpul

Quyidagi suratda ikkinchi turning barcha oʻyinlari roʻyxati keltirilgan. Ayni paytda Oʻzbekistonda Chempionlar Ligasi uchrashuvlarini Zoʻr TV telekanali rasmiy ravishda efirga uzatmoqda.

Toping.uz futbol ixlosmandlari uchun yangi “UEFA Chempionlar Ligasi” deb nomlangan boʻlimni ishga tushirgan. Unda chempionatning barcha uchrashuvlari anonsi, natijalari, yorqin vaziyatlari va umumiy tur tahlillari berib boriladi. Bizni kuzatishda davom eting!