РУ
O’Z
UZS
/
/
Fikrlash kuchi: plasebo effekti nima va u qanday ishlaydi?
20.07.2024

Fikrlash kuchi: plasebo effekti nima va u qanday ishlaydi?

Fikrlash kuchi: plasebo effekti nima va u qanday ishlaydi?

“Plasebo” atamasi – dori sifatida taqdim etiladigan, dorivor xususiyatlarga ega bo‘lmagan moddalar va muolajalarni anglatadi. Plasebo effekti esa – soxta dorining samaradorligiga bo‘lgan ishonchi tufayli bemorning ahvolini yaxshilaydigan psixologik hodisa.

Dori-darmon hisoblanmasa-da, plasebo bosh og‘rig‘ini migren tabletkalariga qaraganda ikki baravar samaraliroq yengillashtiradi. Yo‘tal xurujlari bilan kurashishda esa, siropdan qolishmaydi. Bu fantastika deysizmi? Keling, bu hodisa nima ekani va nima uchun bu haqda bilish muhimligini tushunib olamiz.

Dorimi yoki o‘z-o‘zini ishontirish?

Shifokorlar “fikr sehrlari”ning birinchi kuzatuvlarini 400 yil oldin kuzatishgan, ammo plasebo atamasi tibbiy ma’lumotnomalarda faqat ikki asr o‘tgach paydo bo‘lgan va u yerda “kundalik texnika yoki dori” deb talqin qilingan. 1811-yilda esa, u bizga tanish bo‘lgan ta’rifni oldi: “bemorga yordam beradigan emas, balki unga yoqadigan har qanday dorini qo‘llash”.

Olimlar plasebo qanday ishlashini hali tushunmagan. Ammo ular neyromediatorlar: endorfin va dopamin ishlab chiqarish bilan bog‘liq biokimyoviy reaksiyani qo‘zg‘atadi, degan nazariya  tarafidalar. Shuningdek, u og‘riqni his qilish va hissiyotlar uchun mas’ul bo‘lgan miya qismlarini faollashtiradi.

Tabletkani qabul qilganimizdan so‘ng, undan ta’sir kutamiz. Bu kutish jarayoni, miyaga og‘riqni yengillashtirish vaqti kelgani haqida signal beradi. Miya reaksiyalar zanjirini ishga tushiradi va natijada ahvolingiz subyektiv tarzda yaxshilanadi. Shunda og‘riq manbai yo‘qoldimi? Yo‘q. Shuning uchun shifokorlar plaseboni to‘liq davolovchi deb hisoblamasdan, kasallikning sababini izlab, uni davolashadi.

Plasebo effektining qanday foydalari bor?

Avvalo, ilmiy. Bemorning davolanish samaradorligiga bo‘lgan ishonchi shunchalik kuchli bo‘lishi mumkinki, klinik tadqiqotlar uchun oltin standart sifatida “plasebo nazorati” deb ataldi: bemorlarning bir qismi dori-darmonlarni, ikkinchisi esa, plasebo qabul qiladigan usul. Bu preparatning haqiqiy ta’sirini o‘lchash va psixologik omillarni yo‘q qilish imkonini beradi.

Aytaylik, siz bosh og‘rig‘i tabletkalarini sinayapsiz. Buning uchun subyektlarni bir necha guruhga bo‘lish kerak: bir guruhga preparatni buyurish, ikkinchisiga esa dori-darmonga o‘xshash shakar to‘plari shaklida plasebo berish kerak. Agar plasebo guruhi bo‘lmaganida, biz quyidagi natijaga erishishimiz mumkin edi: tabletkalar subyektlarning uchdan bir qismiga bosh og‘rig‘idan xalos bo‘lishga yordam berardi! Ammo plasebo guruhini kiritishda biz quyidagilarni ko‘ramiz: bemorlarning 50% shakar to‘plarini qabul qilgandan keyin yaxshilanganini qayd etdi. Bu shuni anglatadiki, bizning dorimiz o‘z-o‘zini ishontirish bilan bir xil ishlaydi. Achinarli, lekin bu haqiqiy ta’sir ko‘rsatadigan yangi moddalarni izlashga undaydi.

Bundan tashqari, plasebo yuqori tashvish, bezovta ichak sindromi, surunkali og‘riq, dermatit va astmaning ayrim turlari uchun simptomatik davolanishni to‘ldirishi (ba’zan o‘rnini bosishi) mumkin. Qiziq tomoni shundaki, plasebo effekti, hatto soxta dorini ongli ravishda qabul qiladigan bemorlarda ham kuzatiladi.

Bunday tadqiqotlardan birida, Garvard olimlari bezovta ichak sindromi bo‘lgan bemorlarga oddiy tabletkalarga o‘xshash idishchalarni tarqatishdi. Muhim farq shundaki: ularda faol moddalar yo‘q edi – faqat shakar va kraxmal aralashmasi. Bundan tashqari, bankachalarda “plasebo” yozuvi bor edi va olimlarning o‘zlari subyektlarga oddiy shirinliklar berishlarini yashirmadi. 3 hafta o‘tgach, xulosa qilish vaqti keldi: bemorlarning 59 foizi ahvoli yaxshilanganini ta’kidladi.      

  

Plasebo hammaga ta’sir qiladimi?

Har bir inson o‘z-o‘zini ishontira olishi har xil darajada bo‘ladi. Bu irsiy va psixologik xususiyatlarga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Hatto, hayotda optimist yoki pessimist bo‘lishingizga qarab. Kim dunyoga ijobiy qarasa va tiklanishiga ishonsa, plasebo ta’sirini boshdan kechirish ehtimoli ko‘proq.

Plasebo ta’sirini kuchaytiradigan yana bir qator xususiyatlar mavjud:

  • Tabletkalar soni va manipulyatsiyaning murakkabligi. Ikkita soxta-tabletkalar bittadan ko‘ra ko‘proq yordam beradi. Kapsulalar tabletkalarga qaraganda, inyeksiyalar esa, kapsulalarga qaraganda samaraliroq. Ammo olimlar izlanishda davom etishdi va hatto plasebo operatsiyasini ham amalga oshirishdi: tizza bo‘g‘imiga haqiqiy jarrohlik o‘rniga, osteoartrit bilan og‘rigan bemorning terisida kesma hosil qilib, boshqa odamning operatsiyasi videosini ko‘rsatishdi. Taxmin qilganingizdek, bunday shou o‘z samarasini berdi: bemorda tizza og‘rig‘i haqiqatan ham kamaydi.
  • Shifokorning xayrixohligi. Stenford olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, shifokor qanchalik do‘stona va malakali ko‘rinsa, bemor o‘zini shunchalik yaxshi his qiladi.
  • Davolash narxi. Biz ko‘pincha “qancha qimmat bo‘lsa, shuncha yaxshi” deb o‘ylaymiz. Tadqiqotchilar shuni aniqladiki, qimmat plasebo og‘riqni 85% ga, arzoni esa, 61% ga kamaytiradi. Mantiqan: qancha ko‘p pul to‘lasangiz, shuncha katta ta’sirga ega bo‘lasiz. Agar haqiqat kutilganidan past bo‘lsa, miya siz uchun hamma narsani o‘ylab qo‘yadi.

Plaseboning aksi

Agar siz o‘zingizga ijobiy o‘zgarishlarni ilhomlantira olsangiz, unda salbiy narsalar bilan natija taxminan bir xil bo‘lishi mantiqan. Tanishing – notsebo effekti.

Kishi muolaja yoki dori-darmonlardan yomon natijalarni kutsa, uning ahvoli yomonlashishi mumkin, hatto, u faol moddalarsiz haqiqiy dori bo‘lmasa ham. Shuni esda tutish kerakki, plasebo va notsebo tanaga ta’sir qilmaydi, davolamaydi va turli xil kasalliklarga olib kelmaydi. Bu ikkala hodisa ham ahvolingizga ta’sir qiluvchi subyektiv hissiyotlardir.

Notseboning so‘nggi va juda aniq misollaridan biri bu bemorlarning COVID-19 vaksinasiga bo‘lgan munosabati. Sinovlarda qatnashganlar bir nechta guruhlarga bo‘lingan: haqiqiy vaksina oluvchilar va plasebo nazorati guruhi. Plasebo guruhidagi ko‘ngillilarning 35 foizi garchi ular aslida fizrastvordan iborat inyeksiyalarni qabul qilishgan va buni bilishmagan bo‘lsa-da, salbiy reaksiyalar haqida gapirgan.

Tish shifokori hali og‘riq qoldiruvchi vositani yuborishga ulgurmagan, ammo yuzingiz allaqachon karaxt bo‘lib, yurak urishi kuchayganga o‘xshash tuyg‘u sizga tanishmi? Ha, afsuski, bizning miyamiz jismoniy hislar bilan nafaqat ijobiy fikrlarni, balki yomon narsani kutishni ham biladi.

Shunday qilib, keyingi safar boshingiz og‘risa va uyingizda bosh og‘rig‘iga qarshi tabletka bo‘lmasa, bir stakan suv yoki choyni – dorivor qaynatma deb tasavvur qilishga harakat qiling. Tushuning, siz bu bilan organizmingizga hech qanday yomon ta’sir qilmaysiz, ammo plasebo effekti sizga yordam berishiga imkon berasiz.

Asosiysi: har qanday sog‘liq muammolari tashxisga muhtojligini unutmang. Shuning uchun, oddiy konfet sizga og‘riq qoldiruvchi vosita kabi yordam bersa ham, shifokorga murojaat qilishni unutmang.