Hamster Kombat listingi: qachon bo‘ladi va nimalarni bilish kerak?
Bu nihoyat sodir bo‘ladi: uzoq kutilgan listing, ya’ni Hamster Kombat tokenlarini ochiq bozorda joylashtirish, 26-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da amalga oshiriladi. Virtual hamsterni “bosish”ga o‘nlab va yuzlab soatlarini sarflagan foydalanuvchilar o‘z mehnatlari evaziga pulning bir qismini olishga umid qilmoqda. Toping.uz 2024-yilning asosiy internet fenomeni listingi haqidagi ma’lumotlarni to‘pladi.
Gap nima haqida?
Qisqacha Hamster Kombat nimaligini va qaysi virtual xomyaklar haqida shunchalik ko‘p gap-so‘zlar qayerdan kelganini eslatib o‘tamiz. Bu Telegram’dagi o‘yin bo‘lib, unda foydalanuvchi kriptobirjaning egasiga aylanadi. Direktor-xomyak rolida oddiy topshiriqlarni bajarish va personajni “bosish”, ya’ni shunchaki ekranga teginish kerak. Shu tariqa virtual jamg‘armalar o‘sib boradi. O‘yin juda mashhur bo‘ldi: ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, uning 300 milliondan ortiq ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilari bor.
Listing HMSTR tangasini birjalarda sotuvga chiqarishni anglatadi. O‘yinchilarga yig‘gan jamg‘armalarini sotish imkoniyati paydo bo‘ladi — agar tanga sotib olishni xohlovchilar topilsa. Umuman olganda, bu Hamster Kombat foydalanuvchilari uchun g‘oyat muhim voqea hisoblanadi. Ishlab chiquvchilar esa shu yo‘l bilan o‘z va’dalarini bajaradilar: o‘yin rivojlanishi boshidanoq listing haqida gaplar yurardi va mana, u nihoyat amalga oshmoqda.
Tanga qancha turadi?
Pre-market ochilishi paytida bitta token narxi 238 dollargacha ko‘tarildi. Biroq, tabiiyki, yaxshi xabar uzoqqa cho’zilmadi va bu faqat qisqa muddatli eng yuqori ko‘rsatkich edi, xolos. HMSTR narxi 7-sentyabrgacha tushib ketdi, hozirgi kunlarda esa Coincodex.com ma’lumotlariga ko‘ra, uning qiymati taxminan 12 sentni tashkil etmoqda.
Shuningdek, tangalar joylashtirilgandan so‘ng ularning narxi pasayishi mumkinligini ham hisobga olish kerak. Bu boshqa shunga o‘xshash loyiha - Notcoin bilan allaqachon sodir bo‘lgan. Birinchi haftada narx 85 foizga tushib ketgan. Sababi juda oddiy: foydalanuvchilar tangani boshqa, barqarorroq kriptovalyutaga almashtirish imkoniyatini ko‘rib, shunday qilishga shoshiladi. Natijada taklif talabdan oshib ketdi va narx xuddi iqtisodiyot darsliklari kabi pasayib ketdi.
HMSTR bilan ham xuddi shunday holat yuz bermasligiga hech qanday kafolat yo‘q. Agar narx pasaysa, ko‘chki effekti sodir bo‘lishi mumkin: foydalanuvchilar narxning tushishini ko‘rib, tangalardan tezroq qutulishga harakat qila boshlaydilar.
Listing qayerda amalga oshiriladi?
Hozirgi vaqtda Hamster Kombat listingini tasdiqlagan kamida beshta yirik birja ma’lum: Bybit, Binance, Bitget, OKX, BingX. HMSTR tangasi boshqa maydonlarda ham joylashtirilishi ehtimoldan xoli emas.
Hamster Kombat vakillari ilgari o‘yinning 100 milliard tokenini chiqarishni rejalashtirganliklarini ma’lum qilishgan edi.
Listingdan keyin nima qilish kerak?
Agar sizda jiddiy miqdordagi tangalar to‘plangan bo‘lsa, yaxshisi narxning o‘zgarishini diqqat bilan kuzatib boring. Ehtimol, darhol barcha tangalarni sotish foyda keltirmasligi mumkin, sababi kutilmaganda narx oshadi. Yoki Notcoin listingiga o‘xshash vaziyat kuzatiladi: tangalar faol ravishda sotila boshlaydi va bu tokenning qadrsizlanishiga olib keladi. Har qanday holatda ham narxlar dinamikasini kuzatib borish va HMSTR bo‘yicha rejalaringiz asosida munosabat bildirish muhimdir.
Jamoa uchun listing qanday natijalarga olib keladi?
Taxmin qilish mumkinki, bunday loyihalar muvaffaqiyatli bo‘lsa, tangalar chiqaruvchi o‘yinlar ko‘payadi. Notcoin va Hamster Kombat sinov o‘yinlari bo‘lib, ularning katta daromadi boshqa ishlab chiquvchilar uchun turtki bo‘ladi.
Biroq, teskari ta’sir ham bo‘lishi mumkin. Agar tanga tez qadrsizlansa, o‘yin atrofidagi bunday shov-shuv ko‘plab odamlarning ko‘nglini cho‘ktiradi. Shubhasiz, odamlar kecha-yu kunduz xomyakni "bosib" o‘tkazgan vaqtlari haqida, oxir-oqibat bir finjon qahvaga zo‘rg‘a yetadigan pul topganlari to‘g‘risida hikoyalar paydo bo‘ladi.
Har holda, Hamster Kombat allaqachon tushunchaga aylandi. Birjada tangalarni chiqarish - bu kabi loyihalar g‘oyasining barqarorligini tekshirish uchun o‘ziga xos sinovdir.
***
Narx qanday bo‘lishi va listingdan keyin nima sodir bo‘lishi haqida aniq ma’lumotni faqat 26-sentyabrdan keyin aytish mumkin bo‘ladi. Tangalar joylashtirilgandan keyingi dastlabki haftalar HMSTR tangalarining istiqboli uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi kerak. Biz vaziyatni diqqat bilan kuzatib boramiz, shuning uchun bizni kuzatishda davom eting! Biz bilan qoling!