Hamster Kombat nima va nega bu og‘maxonlar har joyda? Haypga aylangan o‘yinni oson tahlil qilamiz
Bir necha oydan beri hamma joyda og‘maxonni “bosish” o‘yini haqida gapirishmoqda: bu haqda yirik ommaviy axborot vositalari yozmoqda, ixtisoslashgan kripto manbalari batafsil tahlil qilmoqda, tanishlar esa onda-sonda yo‘naltiruvchi havolani yuboradi – agar shu havola orqali Hamster Kombat’da ro‘yxatdan o‘tsa, havolani jo‘natuvchi qo‘shimcha tangalarga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, juda ko‘p tushunarsiz narsalar mavjud: masalan, o‘yinga sarflangan soatlar hech bo‘lmaganda biror miqdorda bo‘lsa ham pul keltiradimi? Toping.uz mashhur loyiha haqida asosiy ma’lumotlarni to‘pladi.
Bu nima?
Hamster Kombat – bu Telegramga o‘rnatilgan o‘yin bo‘lib, unda foydalanuvchi o‘z kripto almashinuvini rivojlantirishi kerak, og‘maxon obrazi esa uning ijrochi direktori vazifasini bajaradi.
Boshlash uchun o‘yinni ishga tushirish kifoya, faollashtirilgandan so‘ng siz og‘maxon ko‘rsatilgan ekranga o‘tasiz. Hayvonga bir marta teginsangiz – bitta qo‘shimcha tanga hisobingizga yoziladi. O‘yinda yana turli xil vazifalar va mini-o‘yinlar mavjud, bir nechtasini bajarganingizdan so‘ng ko‘proq – bir vaqtning o‘zida bir necha million ichki valyutani olishingiz mumkin.
Tangalar passiv rejimda ham hisoblanishi mumkin. Buning uchun virtual kompaniyaning turli bo‘limlari – qo‘llab-quvvatlash, IT-guruh, marketing va boshqalarni takomillashtirish orqali ichki kripto almashinuvini rivojlantirish kerak.
Bu o‘yin nega shunchalik mashhur?
Hammasi potensial foyda haqida. Qachon “Listing” (kripto birjalarida Hamster Kombat tangalarini joylashtirish) amalga oshirilsa, shunda barcha bosib ega bo‘lingan millionlar nazariy jihatdan haqiqiy pulga aylantirilishi mumkin. Aniqrog‘i, oldin kripto valyutasiga, keyin uni “Fiat” (oddiy) mablag‘larga aylantirish mumkin.
O‘yinning bunday mashhurlikka erishishining yana boshqacha – oddiy tushuntirish mumkin. Hamster kombatga kirish minimal harakatlarni talab qiladi. Hatto yuklab olishning hojati yo‘q: Telegramda chat-botni ishga tushiring va o‘yin tangalarini ishlab chiqarishni boshlang. Foydalanuvchidan ham minimal kuch talab etiladi: masalan, do‘stlaringizga havolani yuborish, o‘yindagi oddiy kunlik vazifalarni bajarish. Shularni ham qilishga erinsangiz – shunchaki og‘maxonni ustiga bosib o‘tiring va ichki byudjetingiz o‘sishini kuzating.
Bu o‘yinda qancha pul ishlash mumkin?
Buni hech kim bilmaydi. Asosiy rolni tangalarning mashhurligini ko‘rsatadigan “Listing” o‘ynaydi.
Shunga o‘xshash yana bir loyiha – “Notcoin”, yana bir “ustiga bosish” o‘yini mavjud. Ba’zi manbalardagi izohlarga ishonadigan bo‘lsak, “Listing”dan so‘ng bir qancha foydalanuvchilar bir necha ming dollargacha pulllarini olishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo xulosa qilishga shoshilmang. Birinchidan, bunday izohlar shunchaki mavhum sharhlardir, hech kim ularning ishonchliligini tekshirmagan. Ikkinchidan, odamlar shu tarzda o‘nlab va yuzlab soatlarni befoyda faoliyat – soatlab telefon ekraniga barmoqlar bilan urib turganlarini shunday oqlashlari mumkin. Uchinchidan esa, ehtimol sizda 10 kilogrammlik baliq tutganini maqtanadigan do‘stingiz yoki qo‘shningiz bor, lekin hech kim va hech qachon bu baliqni aslida ko‘rmagan, to‘g‘rimi?
Listingdan keyingi birinchi haftada “Notcoin” raqamli sertifikatining narxi 85% ga kamaydi. Bu ko‘chki effekti edi: odamlar tangalarni iloji boricha tezroq sotishga va qanday bo‘lsa ham pul ishlashga intilishdi, bu esa uning qiymatining pasayishiga olib keldi.
Agar Hamster Kombat ham qachondir listingga yetib borsa, uni ham taqdiri xuddi shunday bo‘lishi hech gap emas. Ehtimol, “Notcoin”dan ham tezroq: axir barcha shunday hollarda nima sodir bo‘lishini allaqachon ko‘rdi va odamlar “hamster” raqamli sertifikatlarini yanada tezroq sotishga intilishlari aniq.
Listing qachon bo‘ladi?
Uning aniq sanasi yo‘q. Taxmin qilishlaricha, bu yaqin oylarda sodir bo‘ladi. Bo‘lajak kripto valyutaga ega bo‘lish uchun siz biror bir “TON” kripto hamyoningizni ulashingiz kerak (masalan, Telegramdagi “Tonkeeper”).
Bundan tashqari, “AirDrop” – o‘yinda olingan tangalarni birjada sotiladigan kripto valyutasiga o‘tkazish, haqida ko‘plab mish-mishlar mavjud. Bunda kurs – token qancha tangaga baholanishi – hozircha noma’lum. Rasmiy Telegram kanalida ishlab chiquvchilar “AirDrop” barcha o‘yinchilarga tegishli bo‘lishini va turli aktivlarda ishtirok etish raqamli sertifikatlar miqdoriga ta’sir qilishini ta’kidladilar. Ya’ni, tangalar qancha ko‘p ishlangan bo‘lsa, shuncha ko‘p pul olinadi. Har qalay loyiha yaratuvchilari bunga barchani ishontirishmoqda.
Bu piramida yoki firibgarlik bo‘lishi mumkinmi?
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Hamster Kombat’ni piramida deb atab bo‘lmaydi: foydalanuvchidan hech qanday moliyaviy investitsiyalar talab qilinmaydi, o‘yinga sizdan hech qanday pul talab qilinmaydi. Hozircha o‘yindan kutilayotgan eng yomoni – odam shunchaki ko‘plab vaqtini behudaga sarflab, yetmagandek daromadsiz ham qolishi mumkindek ko‘rinmoqda.
Listinggacha qancha foyda olish umuman aniq emas, o‘zi foyda bo‘ladimi, buni hech kim bilmaydi va hech kim va’da bermaganini yodda tuting.
Qanday xavflar mavjud?
Ayni damda bu xatarlar faqat bilvosita – Hamster Kombat atrofidagi shov-shuvda pul ishlashga harakat qilayotgan firibgarlardan keladi. Noma’lum shaxslardan o‘yinchilarga tangalarni pulga almashtirish taklifi bilan havolalar yuborilgan holatlar ham ma’lum. Havola orqali o‘tib, foydalanuvchilar o‘zlarining akkaunt ma‘lumotlarini kiritganda, Telegramga kirish huquqini yo‘qotganlar. O‘zingizni bunday holatlardan himoya qilishning eng yaxshi usuli – maksimal darajada shubhali bo‘lib, begonalarning havolalariga e’tibor qilmaslik va messenjerga kirish ma’lumotlarini hech qanday holatda oshkor qilmaslik kerak.
Telegramda ikki faktorli avtorizatsiyani faollashtirganingizga ishonch hosil qiling, “TON” hamyoningiz uchun ishonchli parol yarating va unga ikki faktorli kirishni ham yoqing. Shuningdek, vaqti-vaqti bilan virtual hamyoningizdan shubhali operatsiyalar sodir bo‘lmaganini tekshirib turing.
Ishlab chiquvchilar barcha ma’lumotlarni rasmiy Telegram kanalida joylashtiradi. Hamster Kombat haqidagi yangiliklarni olishda faqat unga tayansa bo‘ladi.