Inson nega oyga 50 yildan beri uchmayapdi? Fitna nazariyasini birgalikda tahlil qilamiz
Inson oxirgi marta 1972 yil oxirida oyda yurgan: 11-dekabr kuni uchuvchi Ron Evans o‘z hamkasblarini jamoa modulida kutib turganda kosmonavtlar Yujin Sernan va Xarris Shmitt sun’iy yo‘ldosh yuzasiga qadam qo‘yishgan. Hatto o‘sha paytda ham «Apollon» dasturida yer yuzidagi sun’iy yo‘ldoshga parvozlar g‘ayritabiiy hodisa deb hisoblagan skeptiklar bor edi. Vaqt o‘tishi bilan farazlar yanada ko‘payib, quyidagi dalillar paydo bo‘la boshladi: agar oyga borish o‘sha paytda mumkin bo‘lgan bo‘lsa, unda nega endi yarim asrdan keyin insonlar oyga uchmayapdi?
AQShning 35-prezidenti Jon Kennedi 1962 yildagi ommaviy nutqida NASA uchun asosiy vazifa: inson oyga uchishi kerakligini aytdi. Va bu hozirgi o‘n yillikda, ya‘ni 1970 yilgacha sodir bo‘lishi kerakligini ham ta’kidlab o‘tdi. Vazifaning qanchalik aqlbovar qilmasligi: bir yil oldin, 1961 yil 12 aprelda, inson ilk bor Yer sayyorasidan tashqariga chiqib ko‘rganligi yaqqol dalildir.
Yuriy Gagarinning parvozi inson tomonidan boshqariladigan kosmik parvozlarni rivojlantirish, texnologiyalarni o‘rganish hamda mavjud texnologiyalar va imkoniyatlarning chegaralarini tushunish uchun ilk qadam bo‘ldi.
Oyga uchish sayyoramizning eng zo‘r daholari umuman duch kelmagan ko‘plab xavf va qiyinchiliklarni anglatadi. Bu ishga juda og‘ir raketa («Saturn 5»), kosmonavtlarning hayotini qo‘llab-quvvatlash tizimini o‘ylab ko‘rish, oyga qo‘nish uchun modul yaratish, mos skafandrlar va eng muhimi – insonlar yerga tirik qaytishlari ham kerak edi.
Muammolar juda ko‘p edi, ba’zida esa bu fojialarga olib kelardi. 1967 yil 21 fevralda «Apollon» dasturi doirasida birinchi uchuvchi parvoz boshlashi kerak edi. Ekipaj tarkibiga Edvard Uayt (kosmosdagi birinchi amerikalik), Virjil Grissom (kosmosga ikki marta sayohat qilgan ilk astronavt) va Rodjer Chaffi kirgan. 27-yanvar kuni astronavtlar kosmik kemada parvozni mashq qilishdi. Kema ichidagi atmosfera toza kisloroddan iborat bo‘lib, kema kostruksiyasini yengil yasash imkonini berar edi. Biroq, barchaga ma’lumki, kislorod tez portlovchi moddadir. Mashg‘ulot paytida bortda yong‘in boshlanib, tezda kabinaga tarqaladi. Ekipaj lyukni ocholmay, uchala astronavt ham halok bo‘lishadi.
Ushbu fojia NASAda qanchalik xavfli va mas’uliyatli ish olib borilayotganligi haqidagi eslatma bo‘lib qoldi.
«Apollon» da insonlarning uchirilishi 1968 yil oktyabrgacha qoldirilib, kema sezilarli darajada takomillashtirildi va xavfsizroq qilindi.
Nihoyat, 1969 yil 21 iyulda amerikaliklar Jon Kennedining topshirig‘ini bajaradilar (afsuski, Kennedi 1963 yil 22 noyabrda o‘ldirilganligi sababli uning o‘zi g‘alabaga guvoh bo‘lmagan): «Apollon 11» komandiri Nil Armstrong Oy modulidan chiqib, Bazz Aldrin bilan birgalikda Oy yuzasida yurgan. Missiyaning uchinchi ishtirokchisi Maykl Kollinz Oy orbitasidagi jamoa modulida qolganligi sababli Oyga hech qadam bosib ko‘rmagan.
Ratsionalizm va kosmik romantika
Shundan so‘ng, «Apollon» dasturi doirasida yana oltita Oy parvozi amalga oshirildi va ulardan beshtasi muvaffaqiyatli bo‘ldi. «Apollon 13» – go’yo baxtsiz raqam gardishi bilan muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Bir nechta tizimlar ishlamay qolib, ekipaj mo‘jizaviy ravishda yerga qaytgan. Bu falokat xavfini oshiradigan texnologiyaning puxtamasligi va dasturni o‘ta shoshqaloqlik bilan tayyorlanganligi haqida dalolat beradi.
Xulosa: NASA Oyga yettita missiyani yuborgan, ulardan oltitasi sun’iy yo‘ldoshga qo‘nishi bilan, ya’ni ijobiy yakunlangan. Xo‘sh, nega unda bu ishlar to‘xtatildi?
Sababi juda oddiy: «Apollon» dasturi juda qimmat edi. Unga deyarli $26 milliard sarf qilingan, bugungi kunda esa bu taxminan $264 milliardni tashkil etadi. Chorak trillion dollar – mamlakat obro‘si va ilmiy tadqiqotlar uchun, hatto eng ilg‘or bo‘lsa ham juda yuqori narxdir. O‘sha paytda hukumat NASAga AQShning yillik byudjetining 4,5 foizini ajratgan.
Oy dasturida tanqidchilar paydo bo‘lib, ular orasida yuqori martabali siyosatchilar ham bor edi. Ularning noroziligi quyidagicha edi: boshqa xarajatlar yetarli bo‘lgan paytda, buncha pulni nima uchun sarflash kerak? Bundan tashqari, AQShning Oyga qo‘nishi barchaga hamma narsani isbotlab bo‘ldi. Sovet Ittifoqi ham shunday parvozni rejalashtirgan edi, ammo dastur amalga oshirilmay qoldi. Hammasi shundayga ham isbotlangan bo‘lsa, buni davom ettirishning nima keragi bor?
Raketa va modullarni takomillashtirish, astronavtlarni tayyorlash dasturi, Oyni o‘rganish bo‘yicha tobora ulkan rejalar yanada katta xarajatlarni talab qiladi. Dasturni minimallashtirish bo‘yicha takliflar tobora ko‘payib borib, oxir-oqibat bu dastur yopilishiga olib keldi.
Nega yana «Apollon» texnikasidan foydalanishmaydi?
Oyga parvoz qilish uchun texnik jihatdan hamma narsa bor deb o‘ylashingiz mumkin: raketa, modullar va buni qanday amalga oshirish haqida umumiy tushuncha – axir, yarim asr oldin odamlar buni amalga oshirishga muvaffaq bo‘lishganku. Ammo hammasi bir nechta muhim muammolarga borib taqaladi. Birinchidan, u qurilmalar axloqiy jihatdan eskirgan va bizning davrimizda ular xavfsiz deb hisoblanmaydi. 50 yil oldingi texnikani modernizatsiya qilish esa uni to‘liq qayta yasash kerakligini anglatadi.
Ikkinchidan, bunday baza endi mavjud emas: dastur yopilishi bilan yig‘ish ustaxonalari va tadqiqot markazlari yopildi, ushbu yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash to‘xtatilib, bu ancha vaqt oldin bo’lganligi sababli ko‘plab olimlar va muhandislar endi hayot ham emaslar. Bu esa Oyga qaytish dasturini deyarli noldan ishlab chiqishni talab qiladi. Bu hozirgi zamonda deyarli aql bovar qilmas byudjetga olib keladi.
Sovuq urush tugashi bilan NASA mablag‘lari sezilarli darajada kamaydi: «Apollon» davridagi 4,5 foizdan AQSh byudjetining taxminan 0,5 foizigacha qisqartirildi. Bundan tashqari, bunday dasturlarni ishlab chiqish yillar davom etishi tufayli barqaror moliyalashtirishni talab qiladi. Ammo hukumat mamlakat uchun ustuvor deb hisoblagan narsalarga qarab yildan-yilga ajratilgan summalar o‘zgarishi mumkin. Bu esa dasturdagi rejalarni amalga oshirishda muddatlarning buzilishi va umumiy muammolar paydo bo‘lishi mumkin.
Xo‘sh, biz oyga qaytamizmi?
Hozirda NASA «Artemida» dasturi ustida ishlamoqda, demak bu insonning Oyga qaytishini anglatadi. «Saturn 5» ning vorisi – «SLS» (Space Launch System) o‘ta og‘ir raketa tashuvchisi allaqachon ishlab chiqilgan. Birinchi uchuvchisiz parvoz 2022 yil oxirida amalga oshirilib, «Artemida-1» missiyasi muvaffaqiyatli o‘tdi. Endi «SLS» kosmosga tayyor turgan «Orion» kemasini olib chiqishi kerak.
Bortda isonlar bilan birinchi parvoz 2025-yil sentabriga rejalashtirilgan, ekipaj a’zolari ham ma’lum: uchta amerikalik va bitta kanadalik.
Ushbu missiyada astronavtlar oyni aylanib chiqadilar, ammo qo‘nmaydilar. Yana bir yil o‘tgach, 2026 yil sentyabr oyida «Artemida-3» parvozi amalga oshirilishi kerak, aynan ana shu vaqtda insonning oy yuzasiga chiqishi rejalashtirilgan.
Ko‘rib turganingizdek, Oyga qaytish ehtimoli juda yuqori: dasturda kechikishlar bo‘lsa-da, u rivojlantirilmoqda.