/
/
iOS 18: iPhone operatsion tizimida qanday yangiliklar bor?
16.09.2024

iOS 18: iPhone operatsion tizimida qanday yangiliklar bor?

Bugun Apple kompaniyasi iyun oyida taqdim etgan iOS 18 ning foydalanuvchi versiyasini chiqarmoqda. Yangilanish iPhone XS va Xr modellaridan boshlab, shuningdek, undan keyingi barcha yangi avlod qurilmalari uchun ham mavjud bo‘ladi. Biz iOS 18’dagi asosiy o‘zgarishlar to‘plamini tayyorladik.

 

iOS 18: iPhone operatsion tizimida qanday yangiliklar bor?

Apple Intelligence

Apple o‘z qurilmalarining aqlli fishkalari haqida gapirar ekan, "sun’iy intellekt" iborasidan qochadi. Hatto sun’iy intellekt deb ataladigan AI (sun’iy intellekt) qisqartmasi ham Apple Intelligence sifatida talqin qilinadi.

iOS 18 da AI bilan muhim xususiyat bor: faqat iPhone 15 Pro / Pro Max va bir necha hafta oldin taqdim etilgan iPhone 16 ning butun liniyasi qo‘llab-quvvatlanadi. Kompaniyaning boshqa smartfonlarida, jumladan, oddiy iPhone 15 va iPhone 15 Plus’da sun’iy intellekt joriy qilinmagan.

Apple Intelligence iOS’ning ko‘plab funksiyalariga singib ketgan. Masalan, u yozilgan matnni qayta ishlashda yordam beradi, kontentdan xulosalar chiqaradi, bildirishnomalarni umumlashtiradi va foydalanuvchiga kiruvchi xabarlar hamda xatlar haqida asosiy ma’lumotlarni taqdim etadi. So‘nggi xususiyat ko‘p bildirishnoma oladigan kishilar uchun juda foydali bo‘ladi.

Bundan tashqari, AI noyob tasvirlar - Genmojis yaratish qobiliyatiga ega. Rasmlar sizning matnli tavsiflaringiz asosida yaratiladi, shu bilan birga fotosuratlarni o‘zgartirish ham mumkin - aytaylik, rasmdagi ortiqcha obyektni olib tashlash imkoniyati mavjud.

Darhol maxfiylik masalasi ko‘tariladi: sun’iy intellekt amalda smartfoningizda saqlangan barcha ma’lumotlarni qayta ishlaydi. Ammo Apple kompaniyasi ta’kidlashicha, shaxsiy ma’lumotlar hech qayerga uzatilmaydi va hisob-kitoblar kontentni serverga yubormasdan iPhone’ning o‘zida amalga oshiriladi.

Yangi Siri

Ovozli yordamchi ancha aqlli bo‘ldi va so‘rovlarga ilgarigidan ko‘ra tabiiyroq javob beradi. Siri kontekstni yaxshiroq tushunadi va mos ravishda javob beradi. Shuningdek, yordamchi bilan matn orqali muloqot qilish mumkin, ilgari u faqat ovozli buyruqlarni tanigan.

Siri’ga OpenAI kompaniyasining eng shov-shuvli generativ sun’iy intellekt (GenAI) modeli - ChatGPT integratsiya qilingan. Bu yordamchi bilan ishlash tajribasini yaxshilashi kutilmoqda.

Menyu sozlamalari

Bu yerda Apple Android’ni quvib o‘tishga harakat qilmoqda. Google operatsion tizimli smartfonlar allaqachon menyu dizaynini xohlagancha o‘zgartirishga imkon berardi, endi esa nihoyat iOS uchun ham bu imkoniyat yaratildi. Yangi operatsion tizim bilan ilovalar ikonkalarining ranglarini o‘zgartirish, ularni istalgan tartibda joylashtirish va boshqa shu kabi amallarni bajarish mumkin. Dizayn masalasida tizimning o‘zi yordam beradi: u o‘rnatilgan fon rasmiga mos keladigan ikonkalar rang palitrasini taklif etadi.

Bloklash ekrani ham o‘zgaradi. Fonarni yoqish va kamerani faollashtirish uchun mo‘ljallangan doimiy tugmalarni boshqa funksiyalarga almashtirishning imkoni paydo bo‘ladi. Ilovalar va tizim sozlamalariga tezkor kirishni ta’minlovchi panel ham moslashtiriladi: belgilarni ekranning pastki qismiga siljitish mumkin bo‘ladi. Bu, ayniqsa, Pro Max modellarida ekran o‘lchamlarining kattaligi tufayli (avval 6,7 dyuym, 16 Pro Max dan boshlab esa 6,9 dyuymgacha) juda qulay bo‘ladi.

Suratlar

iOS 18 yangilangan dizayn va fotogalereya funksiyasiga ega bo‘ladi. Muayyan toifalar bo‘yicha suratlani to‘playdigan "To‘plamlar" bo‘limi paydo bo‘ladi: odamlarning guruhli rasmlari, sayohatlar, hayvonlar, yaqinda tushirilgan fotosuratlar va skrinshotlar.

Shu bilan birga, asosiy bo‘limlarga tez kirish imkoniyati bilan butun media-kutubxonani ko‘rish rejimi ham ishga tushiriladi. Bundan tashqari, iOS 18 da rasmlar karuseli, sevimli suratlar va geolokatsiyaga bog‘langan fotosuratlar qayta ishlangan.

Xabarlar

Standart xabarlar ilovasi funksionalligi jihatidan Telegram kabi messenjerlariga yaqinlashmoqda. Endi xabarni yuborish uchun aniq vaqtni belgilash, matnni ajratib ko‘rsatish (qalin shrift, tagiga chizish yoki kursiv bilan), shuningdek animatsiyali effektlardan foydalanish mumkin. Ishni osonlashtirish uchun tizim o‘zi xabarning u yoki bu vizual uslubini taklif qiladi.

Nihoyat, tizim RCS - Rich Communication Services qo‘llab-quvvatlovini oladi. Bu keng imkoniyatli xabar almashish formati bo‘lib, multimedia, joylashuv ma’lumotlari va guruhli chatlarni o‘z ichiga oladi. Shunday qilib, Android smartfon egalari bilan "Xabarlar" asosiy ilovasi orqali muloqot yanada interaktiv va rang-barang bo‘ladi.

Parol menejeri va maxfiylik

Apple iOS 18 tizimiga iCloud bulutli xizmatida saqlanadigan alohida parollar ilovasini joriy etadi. Bu parollarni qidirish va yaratishni osonlashtiradi: ilova Apple qurilmalari (iPhone, iPad, Mac) va Windows tizimlarida qo‘llab-quvvatlanadi.

Bundan tashqari, har qanday ilovaga parol yoki Face ID / Touch ID orqali kirish imkoniyatini o‘rnatish yoki ularni alohida yashirin papkaga joylash mumkin - bu papkani faqat foydalanuvchi tasdiqlangandan so‘ng ko‘rish imkoni bo‘ladi.

Safari brauzerida kontentni siqish

Apple’ning standart brauzeri sahifadagi ma’lumotlarning qisqacha mazmunini chiqara oladi - bu katta maqolalarni ochganda juda qulay. Safari ma’lumotlarni tahlil qilib, butun kontentni o‘qishga vaqt bo‘lmaganda eng muhim ma’lumotlarni jamlab beradi. Masalan, brauzer restoran yoki do‘kon manzilini tez topib berishi mumkin.

O‘yin rejimi

Tizim talabchan o‘yin ishga tushirilganda maxsus rejimni yoqish imkoniyatini beradi. Bu holatda o‘yin quvvatda ustuvorlikka ega bo‘ladi va barcha orqa fon jarayonlari minimal darajaga tushiriladi. Bundan tashqari, AirPods va simsiz geympadlarga ma’lumot uzatishdagi kechikish ham kamayadi.

***

Shuningdek, boshqa standart ilovalarda ham kichik o‘zgarishlar bo‘ladi. iOS 18 o‘rnatish uchun "Sozlamalar"ni ochib, "Asosiy" bo‘limini, keyin esa ikkinchi qatorni — "Dasturiy ta’minotni yangilash"ni tanlash kerak.