РУ
O’Z
UZS
/
/
Konditsioner ishlaydigan xonada kasal bo‘lmaslik uchun 12 ta tavsiya
10.07.2024

Konditsioner ishlaydigan xonada kasal bo‘lmaslik uchun 12 ta tavsiya

Konditsioner ishlaydigan xonada kasal bo‘lmaslik uchun 12 ta tavsiya

Konditsionerlardan foydalanish ommalashgani bilanoq doim sovqotadigan va isib ketadiganlar o‘rtasida abadiy qarama-qarshilik boshlanadi. Konditsioner tufayli kasal bo‘lish mumkinmi yoki yo‘qligini va bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun nimalar qilish kerakligini aniqlaymiz. 

Haqiqatan ham konditsioner nafas olish kasalliklari va pnevmoniyani keltirib chiqarishi mumkin. Bu to‘rtta asosiy sababga ko‘ra sodir bo‘ladi. 

  • Tashqi va ichki harorat kontrasti tufayli juda qattiq sovutish.

  • Konditsionerdan haddan tashqari sovuq havo chiqishi.

  • Shilliq pardalar, nafas yo‘llarini quritadigan quruq havo tananing himoya funksiyalarini zaiflashtiradi.

  • Konditsionerlarni ishlatish va texnik xizmat koʻrsatish qoidalariga rioya qilmaslik, xonada pnevmoniya kabi kasalliklarni keltirib chiqaradigan patogen bakteriyalarini faollashtiradi.

Konditsioner sizga xavf tug‘dirmasligi uchun nima qilish kerak? 

Xona harorati tashqariga qaraganda taxminan 6-10 daraja sovuqroq bo‘lishini nazorat qiling. Haroratning 18 darajaga tushishiga yoʻl qo‘ymang, bu infeksiyaning organizmga kirishiga asosiy to‘siq vazifasini o‘taydigan shilliq pardalarga qon ta’minotini yomonlashtiradi va tomirlarda og‘riq paydo bo‘lishiga olib keladi.

  • Havoning namligiga e‘tibor bering. U 40-65% oraligʻida boʻlishi kerak. Bunga havo namlagichi va o‘simliklarning ko‘pligi yordam beradi. 

  • Konditsionerni yoqishdan oldin va keyin kuniga ikki marta: masalan, ertalab va kechqurun xonani shamollating. Yomon shamollatilgan xonada virus yoki infeksiyani yuqtirish ehtimoli katta.

  • Xona harorati kun bo‘yi bir xil bo‘lishi uchun konditsionerni havo juda isib ketmasidan yoqing. Antibakterial filtri va namlagich funksiyasi bor modellarni sotib olishga harakat qiling.

  • Sovuq havo oqimi, yuqoriga qarab esayotganiga ishonch hosil qiling, oʻzingiz va yaqin atrofdagi odamlar uning ostiga o‘tirmaslikka harakat qiling. Avtomobilda ham konditsionerning havo oqimini to‘g‘ri oʻzingizga emas, yon tomonga yo‘naltiring.

  • Yoz faslida teri va shilliq pardalarni namlash uchun yetarli miqdorda, yaʼni kamida ikki litr suv iching.

Konditsioner koʻrsatmalarini diqqat bilan oʻrganib, unga rioya qiling, qurilmani muntazam tozalab, filtrlarni almashtiring. Agar ushbu qoidalarga eʼtiborsizlik qilsangiz, filtrlarda toʻplanadigan patogen bakteriyalar havo oqimi orqali tarqalishi mumkin.

Agar siz tez shamollasangiz yoki trigeminal nevralgiya bilan kasallangan boʻlsangiz, konditsionerdan iloji boricha uzoqroqda bo‘lishga harakat qiling. Konditsionerni karavot, divanlar, ish va ovqatlanish stoli to‘g‘risida o‘rnatmang. Uyqu paytida tana harorati pasayadi, shu sababli kechasi konditsioner haroratini 25 darajaga koʻtaring. Sovutilgan xonadan darhol jazirama quyoshga chiqmasdan, bir oz vaqt soyada yoki konditsioner boʻlmagan xonada turish maslahat beriladi. 

Haddan tashqari issiqlik yurak-qon tomir va nevrologik kasalliklariga olib kelishini unutmang. Koreyalik olimlar “2018-yilda konditsionerlar minglab odamlarga anomal issiqdan saqlanishga yordam bergan” – degan xulosaga keldi. O‘sha paytda Koreyaning ko‘plab shaharlarida meteorologik kuzatuvlar olib borilgan so’nggi 111 yil davomidagi eng yuqori harorat rekordlari o‘rnatilgan. 

Konditsionerdan foydalanishni rad qilmang. Yuqorida sanab o‘tilgan tavsiyalarga amal qilsangiz, sog‘lig‘ingizga xavf tug‘dirmagan holda o‘zingizga qulay boʻlgan haroratli xonadan bahramand bo‘lasiz.