Ko‘p suv ichishga odatlanish bo‘yicha 9 ta tavsiya
Suv ichish kerak, lekin ichgim kelmaydi. Tanish holatmi? Bugun biz quyidagilarga aniqlik kiritamiz: sutkasiga qancha suyuqlik iste’mol qilish kerak, qanday qilib suvni sevimli ichimlikka aylantirish mumkin, organizmni suv ichishga qanday odatlantirish lozim?
Avvalo, “kuniga 2 litr suv ichish kerak” degan gapni unuting
Bu haqida albatta, ko‘p marta eshitgansiz. Ammo hamma uchun bir xil me’yor yo‘q. Dietolog Inna Rojokning fikriga ko‘ra, individual normani hisoblashning klassik tizimi quyidagicha:
30 ml * kg (vazningiz) = kuniga iste’mol qilishingiz kerak bo‘lgan suv miqdori
Issiq mavsumda suvga bo‘lgan ehtiyoj ortadi. Shu bilan birga, qishda issiq va quruq xonada uzoq vaqt bo‘lsangiz ham ko‘proq suv ichish kerakligini ham unutmang. Jismoniy mashqlar bilan ko‘p shug‘ullanganda ham shunday.
Deylik, kuniga 1,5 litr suv ichishingiz kerakligini aniqladingiz. Ammo bu bilan ham muammo hal bo‘lmadi: bu ham siz uchun ko‘p. Suvni o‘rniga yana nimalar ichish mumkin?
Xushxabar shuki, kundalik iste’mol qilinadigan suv miqdoriga kun davomida iste’mol qilingan barcha suyuqliklar, shu jumladan sho‘rvalar va hatto pishirilgan makarondagi suyuqliklar ham kiradi. Ammo organizmga suyuqlik borishi uchun sho‘rvadan uni tarkibiy qismini ajratish kerak. Shuning uchun, masalan, agar siz 300 ml sho‘rva ichsangiz, bu 300 ml suv bilan teng degani emas.
Biz yuqorida sanab o‘tgan formula bo‘yicha kamroq toza suv ichsa ham mumkinligini aniqladik, chunki biz uning bir qismini oziq-ovqat bilan olamiz. Organizmga zarur bo‘lgan suv miqdorini yana qanday kamaytirish mumkin?
Yordamga choy keladi. Asosiysi – uni meyyordan oshirib yubormaslikdir, chunki choy tarkibida kofein va turli mikroelementlar mavjud va katta dozalarda ular zararli. Shuning uchun hamma narsani me’yorda bo‘lgani ma’qul. Kuniga 2-3 piyola achchiq bo‘lmagan shakarsiz choy ichish mumkin, bu esa 500-750 ml ga yaqin.
Kompotlar, sharbatlar, mevali ichimliklar haqida nima deyish mumkin? Agar ularda shakar bo‘lmaganida yaxshi variant bo‘lardi. Lekin odatda shakar qo‘shilgani tufayli bunday ichimliklar yuqori glikemik indeksga ega bo‘ladi, shuning uchun ular, albatta, suyuqlik o‘rnini bosadi, lekin shu bilan birga ulardagi glyukoza deyarli bir zumda qonga kiradi. Insulinni sintez qiluvchi oshqozon osti bezi bundan o‘zgarishlarga uchraydi. Vaqt o‘tishi bilan insulin apparatining zahiralari kamayadi, bu esa ko‘pincha ko‘plab kasalliklarning rivojlanishiga olib keladi, birinchi navbatda qandli diabet.
Demak, ichishingiz uchun faqat suv qolayapti.
Agar suvni o‘zini icha olmasangiz, unda unga quyidagilarni qo‘shib iste’mol qiling:
– limon, laym, apelsin, greypfruit, olma;
– bodring bo‘laklari;
– yangi yoki muzlatilgan rezavorlar;
- yalpiz, limono‘t, tarxun, rozmarin, rayhon yoki boshqa ko‘katlarning barglari;
- tuyilgan yoki tayoqcha shaklidagi dolchin;
- muzlatilgan tabiiy rezavor yoki meva pyuresi kubikchalari;
– zanjabil ildizining bo‘laklari;
– bir choy qoshiq asal (agar qondagi qand miqdori bilan bog‘liq muammolar bo‘lmasa).
Suvga kesilgan mahsulotlarni qo‘shsangiz, ularning ta’midan ikki soatdan keyin to‘liq bahramand bo‘lasiz. Agar ular butun mevalar yoki ko‘katlar bo‘lsa, kamida 4 soat kuting yoki suvni sovutgichda bir kechaga qoldiring.
Ko‘rib turganingizdek, ko‘plab variantlar mavjud.
O‘zingizni muntazamlikka odatlantiring
Odat 21 kun davomida samara beradi. Quyida ushbu davrga o‘rganib olishga yordam beradigan 9 ta tavsiya keltirilgan. Shu davrdan o‘tib oling, keyin esa hammasi “avtomatik” tarzda amalga oshiriladi.
1. Suv idishini ko‘z oldida saqlang.
2. Aqlli soat yoki smartfoningizda har soatda kamida qancha suv ichishingiz kerakligini eslatadigan eslatma qo‘ying.
3. Ertalab och qoringa bir stakan suv iching, bu kechasi sodir bo‘ladigan namlik yo‘qolishini to‘ldirish, peristaltika va ichakning qon aylanishini yaxshilash va metabolizmni ishga tushirish uchun juda muhim hisoblanadi.
4. Suv ichishni odatga aylantiring. Masalan, har safar ish boshlashingizdan oldin bir stakan suv iching. Ish kuni oxirida ham shunday qiling.
5. Qulay suv idishini sotib oling, uni suv bilan to‘ldirib, har uydan chiqqaningizda uni o‘zingiz bilan olib yuring.
6. Dastlabki uch hafta davomida har kuni iste’mol qiladigan suv miqdorini yozib boring.
7. Sizga estetik zavq beradigan chiroyli idishdan iching.
8. Nima uchun suv ichishingiz kerakligi haqida qog‘ozga yozib qo‘ying. Iloji boricha ko‘proq bandlar keltiring. Bu motivatsiyangizni oshiradi.
9. Yaqinlaringiz bilan birgalikda suv ichishga kelishib, uni birgalikda odat tusiga kiriting va bu borada birga muhokamalar qiling. Ko‘pchilik bo‘lsa ham qiziqarli, ham samarali bo‘ladi.
Yodingizda bo‘lsin, suv ozuqa moddalarini o‘zlashtirishga yordam beradi, tana haroratini me’yorlashtiradi, erkin qon aylanishini ta’minlaydi, miya faoliyatini yaxshilaydi, ichki a’zolarni himoya qiladi, teri va bo‘g‘imlarning holatida muhim rol o‘ynaydi, zaharli moddalar va tuzlarni yo‘q qilishga ko‘maklashadi.
Bejizga, yashash uchun suv iching deyilmagan.