Markaziy Osiyoda havo harorati oʻrtacha jahon darajasidan tezroq koʻtarilmoqda
Iqlim oʻzgarishi oqibatida soʻnggi bir necha oʻn yillikda Markaziy Osiyoda aholi jon boshiga suv taʼminoti darajasi ikki barobarga kamaydi.
Iordaniyaning Ammon News gazetasida “Oʻzbekiston TIV rahbari: Markaziy Osiyo davlatlari iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda hamjihat” sarlavhali maqola eʼlon qilindi.
Nashrda Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasida nutq soʻzlagani maʼlum qilingan.
“Markaziy Osiyoda havo harorati oʻrtacha jahon darajasidan tezroq koʻtarilmoqda. Bu oziq-ovqat va energiya xavfsizligi uchun jiddiy xavf tugʻdiradi. Bu haqda Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasida soʻzlagan nutqida aytib oʻtdi”, – deyiladi maqolada.
Oʻzbekiston vaziri aytishicha, iqlim oʻzgarishi oqibatida soʻnggi bir necha oʻn yillikda Markaziy Osiyoda aholi jon boshiga suv taʼminoti darajasi ikki barobarga kamaydi.
Orol dengizi halokati mintaqadagi barcha davlatlarning ekotizimlariga oʻta salbiy taʼsir koʻrsatishda davom etmoqda. Maqolada BMT tomonidan Orol dengizi mintaqasi ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilingani taʼkidlangan.