РУ
O’Z
UZS
/
/
Nega bola uyqusida yig‘laydi va bu xavflimi?
09.07.2024

Nega bola uyqusida yig‘laydi va bu xavflimi?

Nega bola uyqusida yig‘laydi va bu xavflimi?

Agar bolangiz uyqusida uyg‘onmasdan yig‘lasa va “simfonik konsertlar” uzoq vaqtga cho‘zilsa, bu haqda o‘ylashga arziydi. Ammo vahima qilmang: aslida tushuntirish juda oddiy. Keling, psixologiya, nevrologiya va pediatriya nuqtai nazaridan bola uyqusida nega yig‘lashiga aniqlik kiritamiz.

 

Nega bola uyqusida yig‘laydi, pediatrlar fikriga nazar

  • Bunday hodisa odatda chaqaloqning dastlabki oylarida kuzatilishi mumkin. Sababi chaqaloqning uyqusi maktabgacha tarbiya yoshidagi bolaning uyqusidan keskin farq qiladi. Chaqaloq uyqusining yarmiga yaqini miya rivojlanishining barcha jarayonlari sodir bo‘ladigan “tezkor faza”ga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ham bola har xil tovush chiqaradi, xirillaydi va harakatlanadi. Bundan tashqati, u keskin yig‘lashi va to‘xtashi, shuningdek, har bir shitirlashdan uyg‘onishi mumkin.
  • Yana bir keng tarqalgan sabab ochlik, og‘riq hissi yoki to‘lib-toshgan taglikdan noqulaylik bo‘lishi mumkin. Bu vaziyatda eng tabiiy yechim — kiyimni almashtirish va ovqatlantirish. Lekin buni jim va xira yorug‘likda bajarish kerak.

“Chaqaloq yig‘lashining dastlabki belgilari doimo ochlik va og‘riqdir. Hayotining ilk oylarida chaqaloq fermentlar faolligining pastligi va ichak mikrobiomasining rivojlanmagani tufayli sanchiqlardan aziyat chekadi. Shunga ko‘ra, ular ochlikni ham yig‘i bilan ifodalaydi”, — deydi pediatr Parvina Hamrayeva.

  • Bola uyqusida yig‘lashining yana bir noaniq sababi “tasodifiy” noqulaylik bo‘lishi mumkin. Misol uchun, uning ko‘rpa-to‘shakida uvoqlar bo‘lishi yoki chaqaloqni karavotiga uchib klegan hasharot uni chaqib olgan bo‘lishi ehtimoli mavjud.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, yuqoridagi sabablarni aniqlash qiyin emas: tajribali shifokor chaqaloq uyqusida notinchligining sababini tezda aniqlashi va vaziyatni to‘g‘rilashga yordam berishi mumkin. Xususan, gaz hosil bo‘lishining oldini olish, og‘riq sindromini bartaraf etish yoki boshqa tavsiyalar yordamida.

Bolani yig‘idan qanday to‘xtatish mumkin?

  • Uyqu keskin yomonlashgan paytda bolani tinchlantirish, shuningdek uning rejimiga rioya qilish kerak: bir vaqtda uxlashga yotqizish, haddan tashqari charchash va bezovtalanishga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
  • "Moro refleksi" deb ataladigan narsa ham kuzatilishi mumkin — bu bola uyqusida qo‘llarini ko‘tarib, o‘zini uyg‘ota boshlaganida paydo bo‘ladigan tug‘ma xususiyatdir. Bunday vaziyatda yo‘rgaklash ham yordam beradi.
  • Shuni tushunish kerakki, bir yoshgacha bo‘lgan bola turli inqirozlarni boshdan kechirishi mumkin. Ota-onaning asosiy vazifasi esa uning rejimini kuzatib borish va sifatli uyqu uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishdir.
  • Yig‘i to‘xtamasa, tez-tez va baland ovozda bo‘lsa — kasallik ehtimolini istisno qilish uchun shifokor bilan maslahatlashish kerak.
  •  Agar bola uyqusida yig‘lasa-yu, lekin zo‘riqishsiz bo‘lsa, uni shunchaki kuzating. O‘zi uyg‘onganida esa, uni ovuntiring, ovqatlantiring va suv bering.
  • Mutaxassislar bilan maslahatlashing va gaz hosil bo'lishining oldini olish va og'riq sindromlarini yo'q qilish borasida murojaat qilishdan qo‘rqmang.

Psixologlarning bola uyqusida yig‘lashiga munosabati

Bolaning uyqusi (xuddi uyg‘oqligi kabi) uning psixologik holatiga, shuningdek kunduzgi vaqtda faolligiga bevosita bog‘liq. Bu o‘zining asosiy ehtiyojlarini aniq ifodalashni o‘rganib olgan kichik maktabgacha yoshdagi bolalarga xosdir. Bunday bolalar qayeridir og‘risa, shikoyat qilishadi, och qolishsa, ovqat so‘rashadi.

  • Bolaning uyqusida yig‘lashi ko‘pincha organizm va asab tizimining haddan tashqari zo‘riqqani yoki charchaganiga bo‘lgan reaksiyasidir. Bu tabiiy jarayon, chunki kun davomida bola o‘ynaydi, yangi taassurotlarga duch keladi va dunyoni o‘rganadi.

“Ko‘pincha bu ta’sirchan bolalarga aloqador bo‘lib, ular kun davomida qandaydir salbiy his-tuyg‘ularga ega bo‘lishi va buni tushlarida, salbiy tushlar orqali chiqarib yuborishlari mumkin“, — deydi Parvin Hamrayev.

  • Mutaxassisning fikriga ko‘ra, bolaning uyqusida yig‘lashiga yana bir sabab og‘riq sindromi, qo‘rquv, fobiya (bularni bola hali ifodalashni o‘rganmagan) bo‘lishi mumkin.
  • Shuningdek, har qanday stress va xavotirdan kelib chiqqan tungi tushlar ham bunga sabab bo‘la oladi. Bu paytda bola hatto qichqirishi, karavotdan irg‘ib turishi, qo‘rqib ketgan katta odamning savollariga e’tibor bermay, uyda yura boshlashi mumkin.
  • Bu hodisa "tungi terror" deb ataladi va qo‘rqinchli nomga ega bo‘lishiga qaramay, u sog‘liq uchun xavfli emas. Lekin uning paydo bo‘lish sababini aniqlashga arziydi.

Nima qilish mumkin?

  • Agar bola gapirishni o‘rgangan bo‘lsa, u bilan gaplashishga va nima bezovta qilayotganini aniqlashga harakat qiling.
  • Qo‘rquvni birgalikda yengishga yordam beradigan usulni o‘ylab toping. Masalan, qog‘ozga qo‘rquvni chizish va uni yirtib tashlash, karavotga yirtqich hayvonlarga qarshi “dori” (pulverizator suvi) sepish.
  • Sevimli qahramon yoki bola shaklidagi chiroyli tungi chiroq sotib oling, farzandingiz iistalgan vaqtda uni yoqa olsin.
  • Uyquga ketishdan bir necha soat oldin gadjetlar, multfilmlar va faol o‘yinlardan voz keching.
  • Uyqudan oldin farzandingizga ko‘proq vaqt ajrating: unga kitob o‘qing, fonda sokin musiqani qo‘ying va shunchaki u bilan gaplashing.
  • Bolaga uning himoyachisi va do‘sti bo‘la oladigan, birga uxlaydigan o‘yinchog‘ini sotib oling — taktil sezgilar xavfsizlik hissini shakllantiradi.
  • Bolaning salomatligiga e’tiborli bo‘ling. Agar bola og‘riqdan shikoyat qilsa, uning avj olishini kutmay, iloji boricha tezroq mutaxassisga murojaat qiling.